O‘zbekiston | 15:30 / 29.03.2021
7792
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 150 ming nafardan ortiq bola poliomiyelitga qarshi emlandi 

Qo‘shni mamlakatda tarqalayotgan o‘tkir yuqumli virus O‘zbekistonga ham kirib kelishi mumkinmi? Mamlakatimizda buning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim mudiri Dilorom Tursunova javob berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim mudiri Dilorom Tursunovaning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda poliomiyelit kasalligi tarqalishi so‘nggi marta 1995 yilda kuzatilgan.

«Mamlakatimizda poliomiyelit kasalligi bilan og‘rigan bemor oxirgi marta 1995 yilda qayd etilgan. Bu yo‘nalishda olib borilgan qat'iy sanitariya holatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar orqali O‘zbekiston Respublikasi 2002 yilda «Poliomiyelitdan xoli bo‘lgan hudud» degan sertifikatga ega bo‘ldi. 

Qo‘shni Tojikiston hududida esa, 2010 yilda ham o‘tkir yuqumli poliomiyelit kasalligi, polivirusning birinchi tipiga chalingan bemor aniqlangan. O‘sha paytda olib borilgan tezkor ehtiyot choralari sababli bu xastalik mamlakatimizga kirib kelmadi.

2010 yilda mamlakatimizdagi barcha besh yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda Surxondaryo viloyatidagi 35 yoshgacha bo‘lgan aholi poliomiyelit kasalligiga qarshi emlangan edi», degan u SSV matbuot xizmati bilan suhbatda.

U poliomiyelitga qarshi vaksina qilish O‘zbekistonda qachon boshlangani, emlash tartibi qandayligi xususida ham ma'lumot bergan.

«Mamlakatimizda milliy emlash kalendariga 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar kiritilgan bo‘lib, poliomiyelit ham shulardan biri hisoblanadi.

Ayni paytda yurtimizda poliomiyelitga qarshi aralash immunizatsiya, ya'ni tomchi orqali hamda in'yeksion usulda amalga oshiriladi. Vaksina besh marta: bolalarning 2, 3, 4, 16 oyligida va yetti yoshida qo‘llanadi. Bolalar 4 oyligida ham tomchi orqali, ham in'yeksion tarzda emlanadi.

Poliomiyelitga qarshi aholi vakillari 5 marta emlanishi hamda vaksinatsiyada aralash usuldan foydalanishilishi xavfsizlikni yanada oshiradi», deydi u.

Poliomiyelit kasalligi O‘zbekistonga kirib kelmasligi uchun qanday ehtiyot choralari ko‘rilayotgani haqida ham ma'lumot berilgan.

«O‘zbekistonda bu kasallik tarqalishining oldini olish uchun doimiy ravishda monitoring olib boriladi. Shuningdek, qo‘shni davlat bilan chegara hududlardan kirib kelayotgan fuqarolarda poliomiyelit kasalligi alomatlari borligini aniqlash chora-tadbirlari to‘liq ko‘rilgan.

Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga mutasaddilarimiz tomonidan O‘zbekistondagi barqaror vaziyatni monitoring qilish hamda poliomiyelit kasalligini oldini olishda hamkorlikda amaliy ishlar olib borish bo‘yicha taklif kiritildi. 

Shuningdek, poliomiyelit kasalligi bilan simptomlari bir xil bo‘lgan o‘tkir bo‘shashgan shol kasalligiga chalingan bemorlar qayta laborator tahlillardan o‘tkazilmoqda», deydi u.

Ma'lum qilinishicha, mart oyida Surxondaryoda ushbu kasallikka qarshi emlash ishlari olib borilgan.

«Poliomiyelit kasalligiga qarshi emlash xastalikning oldini olishning eng samarali usulidir. Shu bois, joriy yilning 10 mart sanasidan boshlab o‘n bir kun davomida 5 yoshgacha bo‘lgan 150 ming nafardan ortiq surxondaryolik bolalar kasallikka qarshi emlandi. Bunda 300 ming doza inaktivlashtirilgan poliomiyelitga qarshi vaksinasi qo‘llandi.

Shuningdek, kasallikning oldini olish maqsadida hududlardagi tibbiyot sohasi mutaxassislari poliomiyelit kasalligini tashxislash va aniqlash bo‘yicha bilim va malakasi doimiy ravishda orttirib borilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar, albatta, aholi salomatligini saqlash, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi», degan u.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Tojikistonda poliomiyelit (bolalardagi miya yarim falaji) bilan kasallanish bo‘yicha bir nechta holatlarni qayd etdi, shundan so‘ng mazkur epidemiya ikkinchi darajali favqulodda holat deb tasniflandi.

Mavzuga oid