Jamiyat | 16:58 / 03.04.2021
31748
11 daqiqa o‘qiladi

Firibgarlar uddaburonmi yo odamlar laqma?

Xalqimiz orasida oson va tez boyib ketish xayolida yashaydigan, bu orzulari yo‘lida har qanday yolg‘onga-da uchib, bor-budini berib yuboradigan odamlar borligiga guvoh bo‘ldik.

Qo‘y boqishni eplamagan odamlar Afrika tuyaqushlarini boqmoqchi bo‘lishdi

Odamlarning sodda va ishonuvchanligidan g‘arazli maqsadlar yo‘lida ustalik bilan foydalangan ucharlar birovning haqi evaziga boylik orttirishning turfa yo‘llarini o‘ylab topmoqdalar. Ana shunday «innovatsion» g‘oyalar bilan odamlarni milliardlarga tushirib ketgan «Straus House» firibgarliklari hali ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.

2019 yildan boshlab ijtimoiy tarmoqlar, radio, televideniye, aholi gavjum joylardagi ekranlarda «Straus House» MChJning tuyaqush jo‘jalarini yetishtirish bilan bog‘liq olamshumul reklamalar avj oldi. Bu reklamalarda Janubiy Afrika Respublikasidan keltirilgan tuyaqush jo‘jalarining bir donasini 2 mln so‘mdan, maxsus ozuqa-yem mahsulotlarini ham 2 mln so‘mdan sotib olish taklif qilindi.

Bu reklamalarning odamlarni shoshirib qo‘yadigan joyi aynan shu jo‘jalarni 1 yil o‘tganidan so‘ng o‘rtacha 9-10 mln so‘mdan qayta sotib olish haqidagi yolg‘on va'dalar edi.

Yakunda nima bo‘lgani ko‘pchilikka ma'lum: «Straus House» MChJga aldangan 298 nafar fuqaro jami bo‘lib 6,6 milliard so‘mdan ko‘proq miqdorda zarar ko‘rdi.

Arzon va qulay shartlardagi avtomobil vasvasasi

«Oson va arzon shartlarda avtomobilga ega bo‘larkanman» deb chuchvarani xom sanagan fuqarolarimizning sanog‘i yo‘q.

Avtomobil vasvasasi bilan bog‘liq firibgarliklar «xit-parad»ining eng yuqori pog‘onasini, shubhasiz, «Avto 60 oy» voqeasi egallasa kerak.

Qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar UzAuto Motors avtomobillarini dastlabki to‘lov va foizlarsiz bo‘lib to‘lashga sotib olish uchun aholidan pul to‘plagan va buning uchun fuqarolarga mashina rusumidan kelib chiqqan holda 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha qiymatdagi maxsus flayerlarni sotib olishni taklif qilgan.

Shu tariqa, respublikaning barcha hududlaridan jami 20 mingga yaqin mijoz bilan shartnoma tuzilib, juda qisqa davr – 3 oy ichida 54 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ni yig‘ishtirib olishga ulgurishdi.

Yana bir holatda Toshkent viloyatining Angren shahrida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan «Avto-Ideal-Xizmati» MChJ 5 oy ichida 1,5 ming mijozning ishonchiga kirib, ularni jami 30 mlrd so‘mdan oshiqroq mablag‘ga chuv tushirdi.

Yuzlab fuqarolar «Almaz Super Avto» kabi tashkilotlarning biror bir foizlarsiz, bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomashina olib berish haqidagi va'dalari qurboni bo‘ldi.

Ayni kunlarda «Avtohamkor 0 foyiz»ning ham fuqarolarga bergan va'dalari ustidan chiqmayotgani haqidagi shikoyatlar kelib turibdi.

O‘zbekistonda kiberfiribgarliklarning ham bozori chaqqon

Texnologiyalar rivojlangani sari firibgarlikning yangidan yangi turlari paydo bo‘lmoqda. Xususan, SMS yoki ijtimoiy tarmoq orqali fuqaroga u katta miqdorda pul yutib olgani yoxud boshqa mamlakatdagi qarindoshidan katta miqdorda meros qolgani xabar qilinib, merosni rasmiylashtirish uchun ma'lum miqdorda pul o‘tkazish lozimligi yoki yutuqni olish uchun bank plastik kartasining raqami va boshqa ma'lumotlarini jo‘natish kerakligi aytiladi. Bunga ishongan fuqarolar ushbu ko‘rinishdagi firibgarlik tuzog‘iga ilinadi.

Yana bir kiberfiribgarlik internetdagi mahsulot oldi-sotdisi bo‘yicha e'lonlar orqali amalga oshirilmoqda.

Aksiyador bo‘laman deb «bankrot» bo‘lganlar...

Aholi orasida o‘zini xorijdagi mashhur kompaniya vakili sifatida tanishtirib, fuqarolarni ushbu kompaniya aksiyalarini ayni damda 10 so‘mga sotib olib, keyinchalik aksiya narxi oshishi natijasida uni 20 so‘mga sotishi mumkinligiga ishontirib, ularning qo‘ynini «puch aksiya»ga to‘ldirish holatlari ham uchrab turibdi.

Yodingizda bo‘lsa, yaqindagina Qashqadaryoda dunyoga mashhur kompaniyalarning soxta aksiyalarini sotish orqali 2 mingga yaqin kishini 9 mln AQSh dollariga chuv tushirishdi.

Sarobga aylangan orzu mamlakatlari

Yana bir turdagi firibgarlik shu qadar avj oldiki, bunda fuqarolar chet elda ishlashlariga ishontirilib, milliardlarga «uxlatildi».

Ushbu firibgarliklar «estafeta»sini «Human» XBA boshlab berdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

«Human» xususiy bandlik agentligi mansabdorlari minglab fuqarolarga Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Bolgariya va Litva kabi iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarida ishga joylashtirishni va'da qilib, taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda 6,3 mln so‘mdan 35 mln so‘mgacha pul oldi. Biroq amalda ularni hech qayerga yubormay, juda ko‘p miqdordagi mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirdilar.

Sud mahkamasiga tortilgan agentlik rahbari Shohnur Fayzullayev 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi va undan 1 086 nafar jabrlanuvchi foydasiga 21 milliard 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilandi.

Estafeta tayoqchasini «Korean and Migrations» XBA mansabdor shaxslari qo‘lga olib, Koreyaga ishga jo‘natish va'dasi bilan, qisqa vaqt ichida 2 297 nafar fuqaroni 19,6 mlrd so‘mga chuv tushirishga ulgurdi.

Shu bilan, birin-ketin xususiy bandlik agentliklarining sirlari fosh bo‘la boshladi. Pulini berib qo‘ygan-u, ishga yuborilmasligiga ko‘zi yeta boshlagan fuqarolar «bosh ko‘tara» boshlashdi. Ko‘p o‘tmay, «International Job Organization» xususiy bandlik agentligi ham 2620 nafar fuqaroga 12 mlrd so‘mga yaqin zarar yetkazgani ayon bo‘lib qoldi.

«Recruit Consulting Work» XBA mansabdor shaxslari 2019 yilning 10 oyida Koreya, Yaponiya, Latviya, Litva, Chexiya, Niderlandiya, Germaniya, Shvetsiya, Slovakiya davlatlarda ish topib berish va ishga joylashtirishni va'da qilgan holda jami 1100dan ortiq fuqaroni aldab, ularning 6,2 mlrddan oshiq pullarini o‘zlashtirib yubordi.

«Profelite IMP» XBA ham fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish aldovi bilan 263 nafar jabrlanuvchiga jami 10,5 mlrd so‘m zarar yetkazdi.

«International experience» XBA 68 nafar jabrlanuvchiga jami 1,4 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazdi.

Samarqand viloyatida faoliyat olib borgan «Amilee Bahora» XBA rahbarlarining aldovlari oqibatida 300 nafardan oshiqroq fuqaro jabr ko‘rgan. Xuddi shu hududdagi «Consort» XBA Yaponiya, Germaniya va boshqa xorijiy davlatlarga ishga yuborish va'dasi bilan yuzlab fuqarolarni chuv tushirgan.

Shunday qilib, bugungi kunga qadar 13ta XBAning 51 nafar rahbar va mas'ul xodimlari tomonidan jami 9338 nafar fuqarodan 79,1 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan.

Nega O‘zbekistonda firibgarlarning oshig‘i olchi va bozori chaqqon?

Firibgarlar va ularning qurbonlari soni bu darajada keskin oshishiga bir tomondan fuqarolarning soddaligi, ishonuvchanligi va iqtisodiyotning eng oddiy qonuniyatlarini-da bilmasliklari sabab bo‘lmoqda. Bu holat ayniqsa avtomobil sotib olish maqsadida chuv tushayotganlarda ko‘p kuzatilyapti.

«Hozir avtomashina, uy oldi-sotdisi bilan bog‘liq firibgarliklar ko‘payyapti. Buning hammasi fuqaro masalani qonuniy yo‘l bilan hal etish chorasini ko‘rmay, osongina yo‘l bilan maqsadiga erishish harakatidan kelib chiqadi. Bu nimaga arzon, nega bunchalik oson hal bo‘lyapti – fuqarolar masalaga shu tomondan qarashlari orqali firibgarlikning oldini olishlari mumkin», – deganida naqadar haq edi sudya Shamsiddin Tojiyev.

Qilmish qidirmish, deyishadi. Hech bir aybli ish jazosiz qolmaydi. Firibgarlar sudning panjara ortidagi qora kursisida o‘tirib, qilgan qilmishlariga so‘roq bermoqdalar.

Xo‘sh, vaziyat bu qadar jiddiylashib ketishiga faqat firibgarlar sababchimi?

Yo‘q! Aslida bunday bo‘lishida aldanganlarning ham hissalari katta. Tekin pishloq faqat qopqonda bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, keyin harakat qilganlarida hozir boy berib qo‘ygan mol-u davlatlariga achinib, dod-voy solmayotgan bo‘lar edilar.

Xususiy bandlik agentliklari bilan ro‘y bergan holatda esa qonun chiqaruvchilar va qonun tashabbuskorlarining xatolari firibgarlarga qo‘l kelib, minglab insonlarga qimmatga tushdi.

Ta'kidlashni istardikki, firibgarliklar shu bilan barham topdi, odamlar hammasini tushunib yetdi, endi aldanib qolmaydilar, deb hisoblab ham bo‘lmaydi. Birovning pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kirituvchilar, oson boyishga intiluvchilar hamma zamonlarda ham bo‘lgan, bo‘lmoqda va bundan keyin ham bo‘ladi. Faqat ularning tuzog‘iga tushib qolmaslik har birimizning o‘z qo‘limizda.

Xoh u og‘zaki bo‘lsin, xoh yozma – biror masala yuzasidan pulli bitim va kelishuvlar tuzayotganda ogoh bo‘lish, yetti marta o‘lchab bir kesish kerakligi haqida Kun.uz maxsus muxbiri Tolib Rahmatov tayyorlagan tahliliy materialni yana bir bor tomosha qilishni tavsiya qilib qolamiz.

Abbos Salaydinov,
Rahmatillo Isroilov.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov

Mavzuga oid