O‘zbekiston | 11:23 / 03.04.2021
6146
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 14 mingdan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2 aprel kuni O‘zbekistonda yana qancha odam koronavirusga qarshi emlangani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Vaksinatsiyaning ikkinchi kunida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan jami 9211 nafar fuqaro emlandi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida. 

Vaksina olganlarning 3726 nafarini 65 yoshdan yuqori fuqarolar va 5485 nafarini tibbiyot xodimlari tashkil qildi.

2 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni Toshkent shahri (2313 nafar), Qashqadaryo viloyati (1021 nafar), Andijon viloyati (783 nafar), 
Toshkent viloyati (740 nafar) va Namangan viloyati (713 nafar) band qildi.

Vaksinatsiyaning birinchi kuni - 1 aprelda O‘zbekistonning 5018 nafar fuqarosi koronavirusga qarshi emlangan edi. Shu tariqa, mamlakatda vaksina qabul qilganlar soni 14 mingdan oshdi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston aholisi COVAX dasturi doirasida bepul taqdim etilgan AstraZeneca vaksinasi (660 ming doza) hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi (1 million doza) bilan emlanmoqda.

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzuga oid