O‘zbekiston | 21:55 / 09.04.2021
24772
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Navoiyda O‘zbekistondagi birinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda

Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi Navoiy viloyati Karmana tumanida 283 gektar maydonda 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurmoqda. Loyiha qiymati – 110 mln dollar.

Energetika vazirligi ushbu qurilish obekti va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga qarashli «Ximiya» podstansiyasiga jurnalistlar uchun press-tur tashkil qildi.

2019 yilning noyabr oyida Masdar kompaniyasi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida davlat xususiy sherikchilik asosida mamlakatdagi birinchi quyosh elektrostansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish va qurish maqsadida, «Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi kelishuv» va «Investitsion kelishuv» bitimlari imzolangan.

Mazkur investitsiya loyihasining umumiy qiymati 110 million dollarga baholangan va Masdar kompaniyasi tomonidan yuz foiz to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtiriladi.

Bugungi kunda pudratchi korxona – Xitoy Xalq Respublikasining «SEPKO III» LTD kompaniyasi obektda texnologik uskunalar, panellar, invertor va transformatorlarni o‘rnatish ishlarini olib bormoqda.

Mazkur stansiya O‘zbekiston tarixida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan birinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanadi va u sentabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilyapti.

Energetika vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdullajon Otaboyevga ko‘ra, fotoelektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida yiliga 260 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda 79 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

100 MVt elektr energiyasi o‘rtacha 5 ta tumanning ehtiyojini qoplaydi. Ammo bu mazkur quvvatdagi elektr energiya Navoiy viloyatining 5 ta tumaniga yo‘naltiriladi degani emas. Stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiya respublikaning barcha hududlarini o‘zaro bog‘lovchi yuqori kuchlanishli tarmoqlariga uzatiladi.

«Navoiy viloyatida 2024 yil yakuniga qadar umumiy quvvati 800 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ushbu stansiyalarning ishga tushirilishi natijasida yiliga 2,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 762 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

Ushbu miqdordagi tabiiy gaz taxminan 254 ming xonadonning kuz-qish davridagi 150 kunlik iste'molini tashkil qiladi. 800 MVt quvvat elektr energiya esa taxminan Buxoro, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining bahor mavsumidagi bir kunlik elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlashga yetadi», – deydi Energetika vazirligi matbuot xizmati xodimi Obidjon Dilmurodov.

Jurnalistlar press-tur davomida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga qarashli «Ximiya» podstansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.

Ma'lum qilinishicha, Navoiy viloyatida 9 ta yuqori kuchlanishli podstansiya va umumiy uzunligi 1 453 kilometr bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari bor. Shulardan biri – «Ximiya» podstansiyasi. Mazkur podstansiyada quvvati 200 megavolt amperga teng AT–3 transformatorini o‘rnatish, 21 dona 110 kilavoltli va 10 dona 220 kilavoltli havo o‘chirgichlarni zamonaviy elegazli o‘chirgichlarga almashtirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan, yangi va zamonaviy elektr qurilmasi – 200 megavolt amper quvvatga ega avtotransformator podstansiya hududida ajratilgan joyga o‘rnatilgan. May oyida podstansiyadagi uchinchi transformator foydalanishga topshiriladi va u to‘la quvvat bilan ishlay boshlaydi.

Avvalroq, Energetika vazirligi va Phanes Group xalqaro kompaniyasi o‘rtasida Navoiy viloyati Nurota tumani hududida quyosh elektr stansiyasi (QES) qurish to‘g‘risida investitsiya shartnomasi imzolangan, Zarafshon shahrida esa shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid