O‘zbekiston | 17:23 / 09.04.2021
5321
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonlik metrolog mutaxassislar O‘zbekistonda malaka oshirishmoqda

“O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston milliy metrologiya institutida (O‘zMMI) Germaniya Federal fizika-texnika institutining (PTB) “Markaziy Osiyo davlatlarida sifat infratuzilmasini mustahkamlash” loyihasi asosida 4 nafar tojikistonlik metrologlar malaka oshirishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019-2022 yillarga mo‘ljallangan mazkur loyihada Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlatlarining mutaxassislari ishtirok etmoqdalar. Loyiha standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va akkreditatsiya tizimlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Loyiha doirasida “Tojikstandart” agentligidagi metrologiya laboratoriyalarining mutaxassislari O‘zbekiston milliy metrologiya institutida yangi tashkil etilgan kalibrlash va etalon laboratoriyalarida o‘quv amaliy seminar asosida malaka oshirishmoqda. Bunda O‘zMMIning chet elda malaka oshirib qaytgan metrologlari, hamkasb mutaxassislari bilan tarozi va termometrlarni xalqaro metodlar asosida kalibrlash yuzasidan tajriba almashishdi, bilim va ko‘nikmalarini ulashishmoqda. 

Bu hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Tojikstandart” agentligida yangi kalibrlash xizmatlarini joriy etish va laboratoriyalarni xalqaro akkreditatsiyaga tayyorlashdan iborat. 

Bundan tashqari, ularda qo‘llaniladigan yuqori aniqlikdagi namunali o‘lchash vositalari O‘zMMI tomonidan kalibrlashdan o‘tkaziladi, natijada o‘lchashlarning xalqaro etalonlargacha bo‘lgan kuzatiluvchanligi ta'minlanadi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida O‘zbekiston milliy metrologiya institutining kalibrlash laboratoriyalari Turkiyaning akkreditatlash agentligi (TÜRKAK) tomonidan xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Buning natijasi o‘laroq, O‘zbekiston milliy metrologiya institutining massa, bosim va harorat kattaliklari bo‘yicha ko‘rsatiladigan kalibrlash laboratoriyalarining dalolatnoma va xulosalari Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro tashkilot (ILAC) doirasida 60 dan ortiq davlatlarda tan olinadi.

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti matbuot xizmati

Mavzuga oid