O‘zbekiston | 09:09 / 10.04.2021
4454
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 100 mingdan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bir kunda O‘zbekistonda yana 25 mingdan ortiq kishi koronavirusga qarshi emlangani va shu vaqtgacha vaksina olganlar soni 108 mingdan oshgani haqida xabar berdi.

«9 aprel kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan jami 25207 nafar kishi COVID-19ga qarshi emlandi. 

Shu tariqa, ayni kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 108 283 nafarga yetdi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

9 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni: 

  • Surxondaryo viloyati (3764 nafar),
  • Farg‘ona viloyati (3138 nafar),
  • Namangan viloyati (2990 nafar),
  • Xorazm viloyati (2268 nafar),
  • Samarqand viloyati (1848 nafar), 
  • Toshkent viloyati (1614 nafar), 
  • Qashqadaryo viloyati (1564 nafar),
  • Jizzax viloyati (1499 nafar),
  • Andijon viloyati (1470 nafar),  
  • Toshkent shahri (1244 nafar), 
  • Buxoro viloyati (1098 nafar) band qildi. 

Faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatlarida emlash ko‘rsatkichlari ming nafardan kam bo‘lgan. 

Toshkent shahri, Namangan va Samarqand viloyatlarida koronavirusga qarshi emlangan aholi 10 ming nafardan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston aholisi COVAX dasturi doirasida bepul taqdim etilgan AstraZeneca vaksinasi (660 ming doza) hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi (1 million doza) bilan emlanmoqda.

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzuga oid