Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xorazmlik usta-kulol: «1 idish 4-5 kunda tayyor bo‘ladi»
Odilbek Rahimov 45 yildan beri ota-bobolaridan meros qolgan kasb – kulolchilik bilan shug‘ullanyapti.
Xorazm viloyati, Yangiariq tumani, Kattabog‘ qishlog‘ida «Yangiariq kulolchilik markazi» faoliyat yuritmoqda. Markazda bir necha ishlab chiqarish sexlari bor. Ularda 8 nafar usta-kulol shogirdlari bilan mehnat qilmoqda.

Odilbek Rahimov kulollar sulolasining oltinchi avlodidir. Kulolchilik unga ota-bobolaridan meros kasb. Usta-kulol 45 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanadi. U yasagan kulolchilik mahsulotlari bir necha tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Usta-kulol bir qancha faxriy yorliqlar, mukofotlar bilan taqdirlangan.
«12 yoshimdan kulolchilik bilan shug‘ullanib kelaman, chunki bu - ota kasbi. Koshin, sopol idishlar, katta xumlarni yasaymiz. Zangori kulolchilik bilan shug‘ullanamiz. Ustozim - O‘zbekiston xalq ustasi Sulton Otajonov. Undan shu kasbning sirlarini o‘rgandim», - deydi Odilbek Rahimov.

Kulolchilik mahsulotlarini yasash – oson ish emas. U bir necha bosqichli murakkab jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
«Kulolchilik mahsulotlarini yasash uchun sof tuproqdan foydalanamiz. Oqib turgan ariqning tagidan tuproq olib, quritib, qaytadan ishlov berib, idish-tovoq yasash holatiga keltiramiz. 1ta mahsulot tayyor bo‘lishi uchun 15-20 marta qo‘ldan o‘tadi.
Loydan yasalgan buyumlar bir kun davomida quritilib, naqsh berish jarayoniga tayyorlanadi. Ustidan «angob» - oq loyning yupqa qatlami suriladi. So‘ngra, 3-4 soat davomida quritiladi va naqsh jarayoniga o‘tiladi.

Naqsh chizishda hech qanday trafaret ishlatilmaydi. Hammasi o‘ylanib, ijod qilinadi. Naqsh usti shisha bilan sirlanadi. Rang berishda zangori misdan, kobaltdan foydalanamiz. Mis xumdonda kuydirilib, tepkilanib tayyorlanadi. Kobalt esa Rossiyadan eksport qilinadi.
Har bir idishning pishib, yetilish holati bo‘ladi. Masalan, sopol idishlar, tovoqlar 1050 – 1100 daraja, katta xumlar 1200 daraja haroratda pishadi. Tayyor bo‘lgach, o‘zi soviguncha xumdonda 3 kun turadi. 1ta mahsulotni tayyorlashga 4-5 kun vaqt ketadi», - deydi usta.

Hozirgi vaqtda «Kulolchilik markazi»ning sopol mahsulotlari katta-kichikligiga qarab, 10 ming so‘mdan 250-300 ming so‘m atrofida, katta xumlar esa 500-600 ming so‘mga sotilmoqda. Pandemiya sababli, mahsulotlar faqat ichki bozorga yetkazilyapti.
Odilbek Rahimov o‘nga yaqin shogirdni tarbiyalamoqda. Tez orada ular ham mustaqil ishini boshlashga tayyor bo‘lishadi.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
12:33 / 02.05.2025
«Bunda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyoh ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi» - prezident chiptalar narxi haqida
15:41 / 01.05.2025
Prezident Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi
20:24 / 02.04.2025
Xorazmda pulini ko‘paytirib berishni aytib, mingdan ortiq odamni chuv tushirgan shaxs ushlandi
16:38 / 18.03.2025