Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ichki ishlar vaziri Xorazm viloyatida o‘rganish ishlarini yakunladi
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruhi Xorazm viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, “Obod va xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz xonadon”, “Xavfsiz hovli” tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Xorazm viloyatida I chorakda barcha sohalarda qayd qilingan jinoyatlar miqdori 9,5 foizga, jinoyat qidiruv sohasi bo‘yicha esa 19 foizga kamaygani aniqlangan.
Jinoyat turlaridan qotillik, nomusga tegish, avtotransport vositalarini haydab qochish, talonchilik, bosqinchilik, bezorilik, tovlamachilik, uncha og‘ir bo‘lmagan va yengil tan jarohati yetkazish kabilar qayd etilmagan. Viloyat hududidagi 524ta mahallaning 469tasida, ya'ni 89,5 foizida jinoyat sodir etilmagan. Biroq, 47ta mahallada kriminogen vaziyat og‘ir ekani aniqlangan.

O‘z xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish va jamoat xavfsizligini ta'minlashda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari hamda asossiz ravishda xotirjamlikka va beparvolikka berilgani uchun 4 nafar ichki ishlar organlari xodimi egallab turgan lavozimidan ozod etildi va yana 4 nafari intizomiy jazoga tortildi.
Xizmat faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishgan 15 nafar ichki ishlar organlari xodimi “A'lo xizmatlari uchun”, “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, faxriy yorliq, esdalik qo‘l soati hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.