Jamiyat | 19:00 / 12.04.2021
22597
2 daqiqa o‘qiladi

Oylar sultoni – Mohi Ramazon muborak!

Bismillahir Rohmanir Rohiim!

Kun.uz sayti 2021-milodiy, 1442-hijriy yilning Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan jumla mo‘min-musulmonlarni qutlaydi. Ushbu oydan barchamiz gunohlardan forig‘ bo‘lib, Allohning inoyati, mag‘firati, afv-u marhamatiga musharraf bo‘lgan holda chiqaylik.

Kun.uz bu yilgi Ramazon oyi uchun o‘zgacha bir tadorik ko‘rdi va siz aziz o‘quvchilarimizga «Kun oyati» hamda «Kun hadisi» ko‘rsatuvlarini tuhfa etishni rejalashtirmoqda.

Ramazon oyi davomida har kuni saharlik vaqtida Qur'oni karimning bir oyati tilovatidan bahra olib, Buxoro tumani Chor Bakr jome masjidi imom xatibi Azizxo‘ja domlaning qisqacha tafsiri bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Iftorlik vaqtida barchamiz uchun sevikli bo‘lgan payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislaridan biri bilan tanishib, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidi imom xatibi Ismoil Muhammad Sodiq domlaning hadis mazmun-mohiyatiga doir qisqagina sharhidan bahra olasiz.

Ularni Telegram, Facebook, Instagram hamda Odnoklassniki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.

Umidimiz shuki, qilayotgan xayrli ishlarimizni Robb azza va jalla O‘z xazinasidan mukofotlaydi. Barchamizga muborak oyni taqvoda o‘tkazish nasib etsin, omin!

Mavzuga oid