Uch rektor ishdan bo‘shatildi. Prezident qolganlarni ham qat'iy ogohlantirdi
Yoshlar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun Farg‘ona davlat universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti hamda Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektorlari, shuningdek, Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filiali direktori lavozimidan ozod etildi. Boshqa rektorlar qat'iy ogohlantirildi.
Yoshlar bandligi masalalari bo‘yicha yig‘ilishda davlat rahbari yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb qilish masalasiga to‘xtaldi.
«Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga e'tiborni yanada kuchaytirish zarur. Bu borada respublika bo‘yicha mavjud 215ta «Barkamol avlod» bolalar markazlari imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish kerak. Bugungi kunda «Barkamol avlod» bolalar markazlari bor-yo‘g‘i 175 ming nafar (3 foiz) yoshlarni qamrab olgan.
Shu bois, viloyat, tuman va shahar hokimlari o‘n kun muddatda «Barkamol avlod» markazlarida zamonaviy to‘garaklar ochish va ularning har bir maktabda tarmoq filiallarini tashkil etish orqali qamrovni kamida 3-5 baravarga oshirish bo‘yicha rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin (respublika bo‘yicha kamida 500 ming yoshlarni qamrab olish kerak).
Shu bilan birga, Aziz Abduhakimov, Sherzod Shermatov, Abduqodir Toshqulov joriy yilda 2 million nafar yoshlarni ta'lim muassasalarining sport zallari va maydonlarida to‘garaklar va musobaqalarga jalb qilishi kerak.
Shu maqsadda, yoshlarni sport, madaniyat va san'atga qiziqtirish uchun konkurs va musobaqalar ko‘paytiriladi», degan davlat rahbari.
Oliygohlar yon-atrofidagi mahalla yoshlari bilan ishlashda, rektorlarning o‘rni umuman sezilmayotgani, rektorlarning bu borada bergan takliflari ma'qul emasligi ta'kidlab o‘tildi.
«Birortasi o‘z hududida mahallagacha tushib, yoshlar tarbiyasi, uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tashabbus bildirmagan. Qaysi rektor yotoqxonaga borib yoki bo‘sh yotgan madaniyat markazlarida yoshlar bilan uchrashdi, ular bilan muloqotni yo‘lga qo‘ydi, motivatsiya berish, hayotda o‘z yo‘lini topish va madaniy tadbirlarni tashkil etdi? Afsuski, bu savolga ijobiy javob yo‘q.
Yoshlar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun, Farg‘ona universiteti (Maqsudov), Samarqand qurilish (Ahmedov), Qo‘qon pedagogika (Otajonov) institutlari rektorlari va Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filiali direktori (Olimov) lavozimidan ozod etilsin. Boshqa rektorlar qat'iy ogohlantirilsin.
Endi, bu borada mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Har bir oliygoh yon-atrofidagi kamida 5-10tadan shahar mahallasi uchun «ma'naviyat markazi» va «madaniyat o‘chog‘i» bo‘lishi kerak.
Oliy o‘quv yurtlari atrofidagi mahallalardagi uyushmagan yoshlarni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik to‘garaklariga jalb etadi, ularning ma'naviy dunyoqarashini shakllantirishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, o‘zlariga biriktirilgan mahalladagi «yoshlar daftari»dagi yoshlar uchun oliygohlarga kirish bo‘yicha bepul tayyorlov kurslarini tashkil etadi.
Bundan tashqari, uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash uchun, yuqori kurslarda o‘qiydigan 2 nafar namunali talaba 1 nafar uyushmagan yoshning ijtimoiy faolligini oshirishga yordamlashadi.
Ushbu tizim orqali 135ta oliygoh kamida o‘rtacha ming nafardan yoshlarni qamrab olganda ham, kamida 100 ming nafar yoshlarga hayotda o‘z o‘rnini topishida ko‘mak bo‘ladi. Yuqori natija ko‘rsatgan rektor, texnikum va kollej rahbarlariga 50 foizgacha ustama to‘lab berish tartibi joriy etilsin», deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ravshanjon Hasanovich Maqsudov 2018 yil martidan buyon Farg‘ona davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelayotgandi.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 2011 yildan buyon Sulton Ilyosovich Ahmedov rektorlik qilib kelayotgandi.
Qo‘qon davlat pedagogika institutida 2020 yil fevralidan buyon Mamirjon Yusupovich Atadjanov rektor edi. 2021 yil fevralida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov Farg‘onaga xizmat safari davomida Qo‘qon davlat pedagogika instituti rahbariyatiga vaziyatni o‘zgartirish uchun bir oy muhlat bergandi.
Mavzuga oid
13:18 / 13.08.2024
Soliq qo‘mitasi yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qiladi
18:00 / 12.08.2024
Quvvatidan to‘liq foydalanilmayotgan o‘quv binolari yoshlarni o‘qitish sharti bilan tadbirkorlarga ijaraga beriladi
17:13 / 12.08.2024
Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi
16:34 / 12.08.2024