Jamiyat | 11:41 / 14.04.2021
5028
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qimorxona tashkil etgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Samarqand viloyati Payariq tumanida o‘z xonadonida tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinlari tashkil etgan shaxs ushlangan va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 1 aprel kuni soat 20:30larda viloyat IIB JQB va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Payariq tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashovchi 43 yoshli J.Xurshid o‘zining yashash xonadonida qimor va tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinlarini tashkil etib kelayotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, hodisa joyidan «Loto» o‘yinida qatnashayotgan ishtirokchilar tomonidan tikilgan va ularning o‘ynashlari uchun sharoit yaratib bergani evaziga olingan jami 298 ming so‘m pul, o‘yinda ishlatilgan jami 235 dona tosh, 790 dona 50 so‘mlik tanga tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Payariq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan J.Xurshidga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, o‘zi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Ma'lumot uchun, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Mavzuga oid