Sport | 22:39 / 16.04.2021
32022
7 daqiqa o‘qiladi

«Iltimos, keyinroq o‘ynaylik». PFLning navbatdagi tushunarsiz qarori haqida

O‘zbekistonda futbol bo‘yicha ichki chempionatlarni boshqaradigan tashkilot Professional futbol ligasi uncha-muncha vazirliklardan mashhurroq. Muxlislar ham, mutaxassislar ham futbol bo‘yicha e'tirozlarini birinchi navbatda shu tashkilotga qaratishadi.

Foto: Tribuna.uz

Shunday ekan, PFLdagilar o‘zini ko‘pchilik kuzatayotganini bilgan holda ishlashi kerak. Farhod Magomedov davrida PFL ko‘p tanqid qilinardi, lekin u davrdagilar tanqidlarga shunchalik befarq ediki, qandaydir munosabat ham bildirilmasdi. Keyin Ahmadjonov O‘FA prezidenti bo‘lgan vaqtda Omon G‘ofurov PFL direktori bo‘ldi. Bu davrda tashkilot tanqidlarga shunchalik e'tiborli bo‘ldiki, har tanqiddan keyin intervyular, ko‘rsatuvlar bo‘lib ketardi. Aynan mana shu davrda boshlandi katta-katta va'dalar va professionalizm da'vosi. Ammo bugungacha juda ko‘p bor noprofessionallik qildi katta da'vodagi bu tashkilot.

Xo‘sh, gap bunday. PFL ajoyib kunlarning birida, to‘g‘rirog‘i, 14 aprel kuni Pro-Liga 5-turidan o‘rin olgan «Dinamo» – «Sho‘rtan» o‘yini keyinroq o‘tkazilishini e'lon qildi. O‘yin qoldirilishi, boshqa muddatga ko‘chirilishi, umuman, bekor qilinishi ham mumkin. Lekin asosli sabablar bilan. Havo yomon bo‘lishi mumkin, koronavirus tarqalishi xavfli tus olgan bo‘lishi mumkin, stadionda bomba qo‘yilgan bo‘lishi mumkin va hokazo. Ammo PFL «Sho‘rtan» – «Dinamo» o‘yinini g‘alati sabab bilan keyinroq muddatga qoldirdi. Badiiy janrga yaqin bo‘lgan bayonotda shunday yozilgan:

«Pro liga 4-turidan o‘rin olgan «Sho‘rtan» – «Olimpik» uchrashuvida g‘uzorliklarning 2 nafar futbolchisi qizil kartochka oldi. Shuningdek, jamoada bir qator jarohatlangan futbolchilar mavjud. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL har ikki klub bilan o‘zaro kelishgan holda uchrashuvni keyinroq muddatga qoldirishga qaror qildi. Biz mazkur holatni to‘g‘ri tushungani uchun «Dinamo» klubi rahbariyatiga minnatdorchilik bildiramiz. Ayni vaqtda «Sho‘rtan» rahbariyati Toshkentda bo‘lib turibdi. O‘FA hamda O‘zPFL bilan hamkorlikda Igor Kriushenko hamda Vitaliy Vorivonchikdan qolib kelayotgan bir necha yillik qarzdorlikni bartaraf etish ustida ish olib borilyapti. Vaziyat to‘liq iziga tushishi bilan bu haqda alohida xabar beriladi».

Bu nima degani bilasizmi? «Sho‘rtan» PFLga chiqqan va «Akalar, «Dinamo» bilan o‘yinni boshqa kunga qoldirib beringlar, bo‘lmasa yutqazib qo‘yishimiz mumkin. Sal o‘zimizga kelib olaylik, keyin o‘ynaymiz», degan. PFL o‘z navbatida «Dinamo»ga chiqqan va o‘yinni ko‘chirishni so‘ragan. Tantiligi tutgan samarqandliklar «Olaveringlar, davlat kamayib qolmaydi» qabilida ish tutib rozi bo‘lgan. «Sho‘rtan» oldingi o‘yinlarda oltitalab gol qo‘yib yuborgan bo‘lsa ham. Keyin yuqoridagi g‘alati bayonot berilgan.

Xo‘sh, bitta o‘yinni ko‘chirish nima bo‘libdi, ikki klub ham rozi-ku demoqchimisiz? Yo‘q, bunday emas. «Sho‘rtan» va PFLning duetdagi noprofessionalligi yoki «Dinamo»ning tantiligi uchun futbol zarar ko‘rmasligi kerak. Hammasi qonuniy bo‘lishi kerak.

PFL «Sho‘rtan» – «Dinamo» o‘yini reglamentning qaysi bandiga asosan bekor qilindi?

Agar bizning futbol tashkilotlar ham FIFAga bo‘ysunsa, FIFA talabiga ko‘ra, tarkibida 7 nafar futbolchisi bor jamoa o‘yinni boshlashi kerak. «Sho‘rtan» esa 13 nafar futbolchisi bo‘lgan holda o‘ynamaymiz, deyapti. Nima, klubda o‘rinbosarlar, yoshlar jamoasi yo‘qmi? «Rostov» koronavirus sabab asosiy tarkib futbolchilarisiz «Sochi» bilan o‘ynagani esingizdami? Yosh bolalar bilan o‘ynagan jamoa yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan. Rostovliklar ham o‘yinni qoldirishni so‘ragan, lekin RPL o‘yin o‘tkazilmasa, «Rostov»ga texnik mag‘lubiyat yozilishini aytgandi. 2019 yil dekabrida, «Liverpul» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etayotgan vaqtda Angliya Ligasi kubogida ham «Aston Villa»ga qarshi o‘yini bor edi. Shunga qaramay, «Liverpul» yoshlar jamoasini o‘ynatishga majbur bo‘lgan va 0:5 hisobida yengilib, turnirni tark etgandi.

«Sho‘rtan» imkon boricha o‘z manfaatlarini himoya qilmoqda. «Dinamo» esa o‘z manfaatini, muxlislari manfaatini, PFL o‘z navbatida futbol va sport prinsiplarini himoya qilmayapti.

Bugun «Sho‘rtan» futbolchilarimiz kam deb o‘yin ko‘chirtirsa, ertaga «Dinamo» futbolchilarimizning kayfiyati yo‘q deb o‘yin ko‘chirtirsa, keyin futbolda qoida qoladimi, tartib qoladimi? Klublardan professionallik talab qilayotgan PFL avval o‘zi bu borada ishlashi kerak. Kim nima desa, xo‘p deb ketavermay qattiqqo‘l bo‘lish kerak. Bizning klublarni esa yumshoqlik bilan boshqarib bo‘lmaydi. Yutqazgandan keyin jahli chiqib butun boshli ligani tashlab ketadigan «Istiqlol» buning isboti.

Darvoqe, «Dinamo»ga qarshi o‘ynay olmasligini aytgan «Sho‘rtan» 7 may kuni «Yangiyer»ga qarshi o‘ynar ekan. Orada esa kubok o‘yinlari bor va G‘uzor klubi bu o‘yinlardan ham bosh tortmagan. «Dinamo» bilan bekor qilingan o‘yindan 5 kun o‘tib «Sho‘rtan» «Neftchi» bilan kubokda o‘ynaydi. Xo‘sh, bu vaqtgacha transfer taqiqi qo‘yilgan «Sho‘rtan» yangi futbolchilar topadimi?

Xullas, muhokama qilishning o‘zi-da yoqimsiz bo‘lgan g‘alati holat. Do‘stlar, bunday bo‘lmasligi kerak. Tashkilotingiz nomi professional degan so‘z bilan boshlanishini unutmang. Shunda sizni hurmat qilishadi, shunda siz boshqa klublar oldida sarg‘aymaysiz, shunda sizga falon klubni bu ligadan bu ligaga chiqaringlar deb aytishmaydi.

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid