Sport | 02:21 / 19.04.2021
13733
3 daqiqa o‘qiladi

OChL. OKMK Tojikistonning «Istiqlol» klubiga mag‘lub bo‘ldi

Osiyo Chempionlar ligasi 2-turi doirasida Olmaliqning OKMK klubi Dushanbening «Istiqlol» jamoasiga qarshi maydonga tushdi.

Turnirning debyutanti sanalmish ikki jamoa ham dastlabki turda durang qayd etgani bois, bu bahsda faqat g‘alabani ko‘zlagandi. «Markaziy Osiyo derbisi» deya ta'rif berilgan bahsning birinchi bo‘limi yakunida Yovan Jokich o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘ydi, - 0:1.
 
55-daqiqada tojikistonlik hujumchi Manuchehr Jalilov farqni ikkitaga oshirgan bo‘lsa, ikki daqiqa o‘tib Zafar Polvonov farqni qisqartirdi – 1:2.

Goldan ruhlangan Mirjalol Qosimov shogirdlari hujumkorlikni oshirganiga qaramay, 81-daqiqada dushanbeliklar yarimhimoyachisi Muhammadjon Rahimov qarshi hujumda kiritgan goli bilan o‘yin masalasiga deyarli oydinlik kiritdi – 1:3.

90-daqiqaga kelib Zafar Polvonov dublga erishib, farqni yana bittaga qisqartirgan bo‘lsa-da, buyog‘iga Olmaliq klubi OChL guruh bosqichidagi ilk mag‘lubiyatidan qochib qutula olmadi – 2:3.

Natijada, «Istiqlol» ushbu g‘alaba evaziga ochkolari sonini 4taga yetkazib, 2-o‘ringa chiqqan bo‘lsa, guruhdagi parallel uchrashuvda «Shabob Al Ahli»ni mag‘lub etgan «Al Hilol» ham ochkolari sonini 4taga yetkazib to‘plar nisbatiga ko‘ra 1-o‘ringa ko‘tarildi. OKMK va Jaloliddin Masharipov, Odilbek Hamrobekov va Aziz G‘aniyevning jamoasi «Shabob Al Ahli» guruhda 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinlarda qolishdi. Masharipov 3-turda OKMKga qarshi o‘yinda maydonga qaytishini inobatga olsak, Qosimov shogirdlariga keyingi bahsda ham oson bo‘lmaydi.

OChL. «A» guruhi. 2-tur.
18 aprel (yakshanba)

OKMK - «Istiqlol» (Tojikiston) - 2:3
Ar-Riyod, «Qirol Fahd» stadioni.
Hakam: Mohd Amirul Izvan (Malayziya)
Gollar: Yovan Jokich 45+1 avtogol, - 0:1 Manuchehr Jalilov 55, - 0:2. Zafar Polvonov 57, - 1:2. Muhammadjon Rahimov 81, - 1:3. Zafar Polvonov 90, - 2:3.
OKMK: 35.Valijon Rahimov, 20.Mirg‘iyos Sulaymonov (77.Dilshod Ahmadaliyev, 46), 8.Bobur Yo‘ldoshev, 7.Sardor Rahmonov, 2.Akrom Komilov, 23.Yovan Jokich, 17.Sanjar Tursunov (4.Mirjamol Qosimov, 85), 22.Sanjar Shoahmedov (18.Aleksandr Kasyan, 56), 11.Murod Toshmatov (10.Husniddin G‘ofurov, 46), 9.Zafar Polvonov, 28.Shohrux Gadoyev (94.Elvin Fortes, 72).
«Istiklol»: 1.Rustam Yatimov, 3.Andrey Mishchenko, 6.Zoir Jo‘raboyev, 7.Huseyn Dogan (19.Axtam Nazarov, 90), 8.Nuriddin Davronov, 10.Alisher Jalilov, 11.Muhammadjon Rahimov (9.Rustam Soirov, 90), 21.Aleksey Larin, 55.Manuchexr Safarov (4.Vahdat Hanonov, 46), 63.Manuchehr Jalilov, 70.Shahram Sulaymonov.

«Shabob Al Ahli» - «Al Hilol» - 0:2

Mavzuga oid