O‘zbekiston | 07:36 / 20.04.2021
4555
2 daqiqa o‘qiladi

Karmanada mahalla guzari va yangi tikuvchilik korxonasi ish boshladi

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Do‘rman mahallasi namunaviy mahallaga aylantirildi. Kecha mazkur mahalla guzari va «Do‘rman tekstil» tikuvchilik korxonasi foydalanishga topshirildi.  

Mahalla binosi atrofida tuman davlat xizmatlari markazining filiali, ayollar maslahat kengashi, fitnes klub, otalar choyxonasi, sun'iy qoplamali futbol stadioni, bolalar maydonchasi, tikuvchilik korxonasi, mo‘'jazgina istirohat bog‘i, shuningdek, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joy olgan. 

«Do‘rman tekstil» tikuvchilik korxonasida esa qisqa muddatli o‘quv kurslarida tikuvchilik kasbini o‘rgangan 100 nafar mahalliy xotin-qiz ish bilan ta'minlandi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan o‘nlab turdagi mahsulotlarni ichki bozorga yo‘naltirishdan tashqari eksport qilish ham rejalashtirilgan.

Ochilish marosimida ishtirok etgan Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov bunday bunyodkorlik ishlari hududdagi barcha mahallalarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani haqida ma'lum qildi. Shuningdek, viloyat hokimi ilk xaridor sifatida tikuvchilik korxonasida tayyorlangan bolalar kiyimlaridan sotib olib, tadbirda ishtirok etayotgan bolalarga ulashdi.

Avvalroq, viloyatning Navbahor tumanida Turkiya davlati bilan hamkorlikdagi «Mengi Tekstil group» yengil sanoat tikuvchilik korxonasi ochilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid