O‘zbekiston | 08:16 / 22.04.2021
7607
2 daqiqa o‘qiladi

FarDu hamda QDPI rektorlari hukumat qarori bilan ishdan olindi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 21 aprel, chorshanba kuni Farg‘ona davlat universiteti hamda Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektorlari ishdan olindi.

Ma'mirjon Yusupovich Otajonov

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Farg‘ona davlat universiteti rektori Ravshan Hasanovich Maqsudov hamda Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori Ma'mirjon Yusupovich Otajonov respublika Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan lavozimidan ozod qilindi.

Ravshan Hasanovich Maqsudov

Eslatib o‘tamiz, oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov tomonidan Qo‘qon davlat pedagogika instituti keskin tanqid qilingan bo‘lib, vazir institutda o‘quv auditoriyalarining ayanchli holati, eski o‘quv reja va dasturlar bilan ishlayotgan pedagoglar, institutning moddiy imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, ahvolni o‘zgartirishga harakat qilmayotgan institut rahbariyatini tanqid qilgan edi.

13 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligi masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida, yoshlar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun Farg‘ona davlat universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti hamda Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektorlari, shuningdek, Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filiali direktori lavozimidan ozod etilishi bildirilgan. Boshqa rektorlar qat'iy ogohlantirilgan edi.

Mavzuga oid