Jahon | 23:04 / 23.04.2021
7770
2 daqiqa o‘qiladi

Crew Dragon kemasi 4 fazogir bilan birga koinot stansiyasiga uchirildi

 23 aprelda NASA koinot agentligi va SpaceX kompaniyasi Xalqaro koinot stansiyasi tomon Crew Dragon kemasini uchirdi. Bu Crew Dragon’ning fazogirlar bilan birga ikkinchi parvozi hisoblanadi.

Foto: NASA

Kema fazoga Floridadagi kosmodromdan Falcon 9 raketasida chiqarildi. E'tiborlisi, ushbu parvoz raketa tashuvchining pog‘onasi va kema qayta ishlatilgan tarixdagi birinchi fazoviy parvoz bo‘ldi

Kema raketa startidan 12 daqiqa o‘tib undan ajralib, o‘zi mustaqil ucha boshlagan. Uning XKS bilan tutashishi 24 aprelga belgilangan.

Kema bortida 4 fazogir – NASA astronavtlari Sheyn Kimbro va Megan Makartur, yaponiyalik astronavt Akixiko Xoside va Yevropa koinot agentligi astronavti Toma Peske bor.

Kema XKSga yetgach, stansiyadagi ekipaj a'zolari soni 11 nafarga yetadi. Hozirda u yerda NASA astronavtlari Mark Vande Xay, Maykl Xopkins, Viktor Glover va Shennon Uoker, rossiyalik fazogirlar Oleg Novitskiy va Pyotr Dubrov, yaponiyalik astronavt Soiti Noguti faoliyat olib bormoqda. Bir necha kundan keyin Xopkins, Glover, Uoker va Noguti 2020 yil noyabrida ularni XKSga yetkazgan boshqa bir Crew Dragon kemasida Yerga qaytadi.

Mavzuga oid