O‘zbekiston | 13:53 / 23.04.2021
10754
3 daqiqa o‘qiladi

«Korrupsiya holatlari yil sayin ko‘paymoqda» – Senat raisi

 Oliy Majlis Senati yig‘ilishida Senat raisi Tanzila Norboyeva sohalarda yo‘l qo‘yilayotgan korrupsiyaviy holatlar yildan yilga ko‘payib borayotganini ta'kidladi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yilda 2,5 mingdan ziyod budjet muassasasida 301 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi, narxlarni sun'iy oshirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish holatlari ko‘plab aniqlangan. Korrupsiyaga qo‘l urgan mansabdor shaxslar 2019 yilda 1 339 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 1 723 nafarga yetgan.

“Prezident rahbarligida bo‘lib o‘tgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda eng ko‘p korrupsiya qurilish, tibbiyot, maktabgacha ta'lim sohalarida yuz berayotgani ta'kidlandi.

Tahlillarga ko‘ra:

  • qurilish sohasidagi 44 ta qonun hujjati ekspertizadan o‘tkazilganda, ularning yarmida (23 tasida) 124 ta;
  • sog‘liqni saqlash sohasidagi 70 ta qonun hujjatining 19 foizida (13 tasida) 41 ta;
  • ta'lim sohasidagi 96 ta qonun hujjatining 18 foizida (17 tasida) 81 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan”, dedi Senat raisi.

Mazkur yo‘nalishda prokuratura tizimida qat'iy choralar ko‘rish yuzasidan aniq takliflarni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga kiritish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, joylardagi mutasaddilar tomonidan tadbirkorlar to‘la qo‘llab-quvvatlanmayotgani tanqid qilindi. Misol tariqasida 5 200 dan ziyod tadbirkor huquqlari buzilishi, ularning manfaatlariga zid keluvchi 350 dan ziyod noqonuniy hujjat chiqarilishi, 24 mingga yaqin tadbirkorning turli yo‘nalishlardagi (kredit, yer, bino, kommunikatsiya, litsenziya) muammolari faqatgina prokuratura organlarining aralashuvidan keyin hal qilinishi keltirib o‘tildi.

Norboyevaning qayd etishicha, qishloq xo‘jaligida yerdan samarali foydalanishga yetarlicha e'tibor qaratilmaganligi oqibatida 10 ming gektardan ziyod yer o‘zboshimchalik bilan egallangan. Qariyb 14 ming gektar yerdan maqsadsiz foydalanilgan.

78 ming gektardan ziyod yer qonunga xilof tarzda ajratilgan. Minglab tonna urug‘lik, mineral o‘g‘it, neft mahsulotlari va boshqa resurslar noqonuniy egallangan.

2019 yilda irrigatsiya, melioratsiya tadbirlari uchun ajratilgan 1,7 mlrd so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan bo‘lsa, o‘tgan yilda bunday talon-torojliklar qariyb o‘n barobarga oshib, 16 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Mazkur yo‘nalishda 2019 yilda 92 ta jinoyat aniqlangan bo‘lsa, 2020 yilda bu raqam qariyb to‘rt barobarga oshib, 359 tani tashkil etgan.

Mavzuga oid