Jahon | 03:14 / 23.04.2021
4235
2 daqiqa o‘qiladi

Pfizer o‘z vaksinasining qalbakilashtirilishi holatlari ko‘payayotganini ma'lum qildi

Foto: Getty Images

Pfizer kompaniyasi BioNTech bilan birgalikda koronavirusga qarshi ishlab chiqarayotgan vaksinasini qalbakilashtirish bilan bog‘liq yangi holatlar qayd qilinayotganini ma'lum qildi. Jumladan, firibgarlar distillangan suv va ajinlarga qarshi vositani vaksina sifatida o‘tkazishmoqda.

The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, ikkita tergov doirasida Meksika va Polshada qalbaki vaksina partiyalari musodara qilingan. Tekshiruv Meksikada ampulalarga vaksina o‘rniga distillangan suv, Polshada esa ajinlarga qarshi vosita quyilganini ko‘rsatgan.

Meksika rasmiylarining ma'lumotlariga ko‘ra, xususiy klinikalardan birida qalbaki vaksina 80ga yaqin kishiga kiritilgan. Ushbu holat yuzasidan 6 kishi qo‘lga olingan. Polshada esa hattoki original vaksina ampulasiga o‘xshamaydigan ampulalarga quyilgan qalbaki vaksina iste'molchilarga yetib bormagan. U gumonlanuvchining uyidayoq musodara qilingan.

Pfizer xavfsizlik xizmati boshlig‘i Lev Kubyak vaksinalar qalbakilashtirilayotganiga izoh berib, jinoyatchilar vaksina tanqisligidan foydalanayotganini aytgan. «Vaksina barchaga kerak. Ko‘plab odamlar uni sabrsizlik bilan kutmoqda. Bizda vaksinaning cheklangan zaxirasi mavjud. Bu zaxira ishlab chiqarish hajmini oshirganimiz sari ko‘payib boradi. Ungacha esa jinoyatchilarda vaksina tanqisligidan foydalanib qolish uchun «ajoyib» imkoniyat bor», deb aytgan Kubyak.

PricewaterhouseCoopers’ning baholashicha, qalbaki dori vositalari bozori ko‘lami tobora o‘sib bormoqda va u yiliga 200 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid