O‘zbekiston | 15:40 / 28.04.2021
10387
4 daqiqa o‘qiladi

DXX yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘ydi

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida istiqomat qiluvchi aka-uka o‘zganing pul mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirmoqchi bo‘lishdi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati. 

Qayd etilishicha, buning uchun ular otasining yashash xonadoni yonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 28 sotix yer ularga vaqtincha foydalanishga qoldirilganidan foydalanib, ushbu yer maydonini hamda uning yonidagi tuman hokimligi ixtiyorida bo‘lgan 14 sotix yerni, jami 42 sotix yer maydonini 35 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lishdi. 

Ular so‘ralgan puldan avans sifatida 10 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida yashovchi fuqaro o‘zi vaqtinchalik foydalanib kelgan mahalliy tadbirkor nomidagi baliqchilik xo‘jaligiga mo‘ljallangan 1,75 gektar yer maydonini uning egasini xabardor qilmasdan, boshqa bir fuqaroga 47 mln so‘mga sotishni rejalashtirgan.

DXX Navoiy viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgar shaxs so‘ralgan puldan 35 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi.

DXX Andijon viloyati boshqarmasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Andijon shahrida yashovchi fuqaro boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, unga Andijon tumani hokimligidagi mansabdor tanishlari orqali chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun adirlik yerlardan ajratib berilishini aytib, evaziga 15 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi. 

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u mazkur pul mablag‘ini Andijon tumani hokimligida ishlovchi tanishiga berishi kerakligi ma'lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxs ham 15 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi. 

Ta'kidlash lozimki, hokimlik vakili bo‘lgan mazkur shaxs muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun joriy yilning yanvar oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Buloqboshi tuman sudi tomonidan unga nisbatan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
 
DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tumanida yashovchi fuqaro dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun 2008 yil tuman hokimi qarori bilan uning onasi nomiga ajratib berilgan 33 sotix yer maydonini tasarruf etish huquqiga ega bo‘lmasa-da, 40 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qashqadaryoda kuzatilgan yana bir holatda esa Nishon tumani “Yer resurslari va davlat kadastri” mutaxassisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilishi uchun 8 gektar yer ajratilishida va bu borada tuman hokimining tegishli qarori chiqarilishida yordam berishini aytib, xizmati evaziga undan 1000 AQSh dollari talab qiladi. O‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida kadastr xodimi 900 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid