Jamiyat | 17:54 / 30.04.2021
40491
8 daqiqa o‘qiladi

Sardoba fojiasiga 1 yil: Xotiralar, o‘zgarishlar va oqibat

«Asr qurilishi» deya e'tirof etilgan Sirdaryodagi «Sardoba» suv omborida ro‘y bergan «asr o‘pirilishi»ga 1 may kuni 1 yil to‘ldi.

Kun.uz muxbiri Sardoba tumanida bo‘lib, suv omborini qayta qurish ishlari bilan tanishdi, yaqin atrofdagi qishloq, maktablarda bo‘lib, odamlar bilan o‘sha kun xotiralari hamda toshqin oqibatlari haqida suhbatlashdi.

Bugun ishchilar va ko‘plab texnikalar yordamida suv omborining suv yuvib ketgan qismida qayta qurish ishlari davom etmoqda.

Sardobaliklar bir yil avvalgi o‘sha mudhish kun tongini hamon qo‘rquv bilan eslaydi.

«Har kuni ertalab soat 5 da uyg‘onamiz. Sardoba o‘pirilgan kuni ham erta uyg‘onib, hovlida aylanib yurgandim.

Bir payt darvozani kimdir juda qattiq ura boshladi. Shunchalik urardiki, u odamni kim bo‘lsa ham so‘kmoqchi bo‘lib, darvozaga qarab yurdim. Davozani ochsam, qo‘shnimizning bolasi ekan. «Bobo, suv kelyapti, suv ombori toshibdi», –deydi.

Bolaning o‘pkasi yig‘idan to‘lib qolganmi, gapirishga ham qiynalardi.

Bu vaqtda bolalar uyda uxlab yotardi. Tezda ularni uyg‘otdim. Oyog‘imizga, yelkamizga nima ilinsa, oldig-u, ko‘chaga qarab chopdik. Kampirim bilan pasportimizni ham olishga ulgurgan ekanmiz.

Ko‘chaga chiqsak, suv toshqinidan xabar topgan hamma yugurardi. Odamlar to‘g‘ri kelgan mashinaga osilishyapti. Yana kimdir eshak aravada, boshqasi piyoda yuguryapti.

12-13 km. yugurib, xalq tilida 7-sovxozga yetdik. Ko‘pchilik shu tomonga yig‘ildi. Shu yerda ko‘pchilik yana har tomonga yurdi.

Biz ham Jizzaxning Paxtakor tumanida yashovchi o‘g‘illarimning uyiga ketdik», – deya 1 may xotiralarini eslaydi Baxtiyor Narimonov ismli fuqaro.

U, shuningdek, o‘sha kunni qayta eslashni xohlamasligi, bolalari, nabiralari suv toshqini videolarini ko‘rsatsa, ko‘rmasligini ham qo‘shimcha qildi.

«Biz uchun bu jiddiy jarohat bo‘ldi», – deydi Baxtiyor Narimonov.

2010 yilda boshlanib, 2017 yilda qurilishi yakuniga yetgan sum omborining 3 yil o‘tmay buzilib ketishi oqibatida viloyatning 3ta tumani hududi jiddiy zarar ko‘rdi.

Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘ldi. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. 6 mingdan ziyod uy hayvonlari nobud bo‘ldi.

Sardoba falokatida 2 ayol va 4 erkak ham halok bo‘lgan. Bir fuqaro esa bedarak ketgan.

Halok bo‘lganlar orasida Milliy gvardiyaning 3-darajali serjanti Husniddin Suyarov ham bor edi. U suv toshqinida odamlarni evakuatsiya qilish jarayonida oqib ketgan…

Husniddin Suyarov

Husniddinning otasi Zokir Suyarov o‘g‘li bilan xayrlashgan so‘nggi kunni shunday eslaydi:

«O‘tgan yili shu paytlarda koronavirus tarqalgani sababli, karantin e'lon qilingandi. Hamma uyda.

O‘g‘lim shu voqeadan 1 hafta avval taksi bilan uyga kelib ketgandi. Ro‘za oylari bo‘lgani uchun bizga deb bozorliklar ham qilgan ekan. Uyda 1 soatcha biz bilan gaplashdi. Keyin xayrlashib ketdi. Shu oxirgi ko‘rganim bo‘ldi», – deydi ota.

Husniddinning otasi Zokir Suyarov

Unga ko‘ra, Husniddin ko‘ngli ochiq, xushchaqchaq yigit bo‘lgan. Odamlarning ko‘nglini qoldirishni istamagan.

Texnogen ofat nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni Qozog‘istondagi odamlarning ham tinchini buzdi. Jumladan, bu davlatda 31 mingdan ziyod aholi turar joyini tark etishga majbur bo‘ldi.

O‘tgan bir yilda esa, Sardobaning suvi ostida qolgan qishloqlar ko‘rinishi butunlay o‘zgardi. Odamlar kompensatsiya sifatida qurib berilgan yangi uylarga ko‘chirildi.

«Yangi uylarga ancha ko‘nikib qoldik», – deydi Anvar isli fuqaro.

U, shuningdek, ofat paytida butun o‘zbekistonliklar va xorijliklardan yordam yuklari: oziq-ovqat, kiyim-kechaklar yuborib turgani uchun minnatdorchiligini bildirdi.

«Xatto hozir ham o‘sha kiyimlarni kiyayapmiz», – deydi suhbatdoshimiz.

Toshqindan avval bu hudud aholisi tabiiy gaz va tez-tez o‘chadigan elektrdan qiynalgan. Bugun bu muammo ularni bezovta qilmaydi. Hududda yaxshi infratuzilma yaratilgan.

«Hozirgi sharoitlardan rozimiz. Hukumatga, prezidentga rahmat. Bizga uydan tashqari yana 40 mln. so‘mdan pul ham berishdi», – deydi Aliqo‘zi ismli yana bir fuqaro.

Ammo bir muammo ham bor: hozir bu yerdagilar ishsiz. «Uyimiz atrofida ishlab chiqarish korxonalari bo‘lsaydi, hamma ish bilan band bo‘lardi», deydi, ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi fuqarolar.

Hududda maktablar ham qayta tiklanar ekan, bolalar yana darslarga qaytdi.

«Toshqindan keyin maktabimizni yaxshilab ta'mirlab berishdi. Maktab ichi qishda issiq, hozirgi issiq kunlarda esa salqin. Avval maktabimizda gaz yo‘q edi, gaz keldi, suv yo‘q edi, suv keldi deydi», – tumandagi 20 maktab direktori G‘afur Abdurahimov.

Ishsizlik toshqindan jabr ko‘rganlar uchun yagona muammo emas.

Mahalliy aholiga ko‘ra, suv yuvgan joylarda ortib ketgan sho‘r natijasida yerda ekin ko‘kartirib bo‘lmayapti.

«Bizning qishloqni suv bosgandi. Boshqa qishloqlarni ko‘rsak, yam-yashil maysa o‘sib yotibdi ammo bizda ekin o‘smayapti. Kelgan suv yerning bir qavat shirasini, unumdor qatlamini ham olib ketgan, deb o‘ylayman.

Hovlimizda o‘rik, shaftoli kabi mevali daraxtlar bo‘lardi, hozir hammasi qurib ketgan», deydi Qurol ismli mahalliy aholi vakillaridan biri.

Ku991S7ZAyKVRFjO0qn0RU5eWMG70Rw3.jpg (1592×892)

Sardoba voqeasining haqiqiy aybdorlari topilib, jazolanishi bo‘yicha mamlakat ichida va tashqarisida turlicha fikrlar bor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa bu holatdan xalq ko‘ngli to‘q bo‘lishi kerakligini aytgan.

«Xalqimizni ishontirib aytaman, tergov yakunlari bo‘yicha barcha aybdorlar, kim bo‘lishi va egallab turgan lavozimidan qat'i nazar, qonun oldida javob beradi», degan u.

Ayni paytda Sardobadagi suv toshqini oqibatlari bo‘yicha sud ishi Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rilyapti. 

Sudlanuvchilar 17 kishi ekanligi ma'lum qilingan.

Ishning yopiq sudda ko‘rilishi esa, uning «bevosita davlat sirlariga bog‘liqligi» bilan izohlangan.

Nima bo‘lganda ham, Sardoba falokati ko‘plab odamlar uchun bitmas jarohat, unutib bo‘lmas voqelik bo‘lib qoladi.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid