Jahon | 12:30 / 02.05.2021
34033
12 daqiqa o‘qiladi

Turkiya: «to‘liq yopilish» bilan bog‘liq asosiy savollarga javoblar

Foto: Getty Images

O‘tgan hafta boshida Turkiyada bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida qabul qilingan qarorlarga muvofiq, to‘liq yopilish davri 29 aprel kuni boshlandi. Payshanba kuni kechqurun soat 19:00da boshlangan va 17 may kuni soat 05:00da yakunlanishi kutilayotgan to‘liq yopilish davridagi ko‘rsatma va taqiqlarning tafsilotlari ham oydinlashmoqda.

Quyida ayrim muhim savollarning Turkiya Ichki ishlar vazirligi va boshqa tegishli muassasalarning ma'lumotnomalariga asoslangan javoblari keltirilmoqda.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, asosiy oziq-ovqat, dori-darmon va gigiyena mahsulotlari sotiladigan joylar to‘liq yopilish davrida ma'lum soatlar davomida xizmat ko‘rsatadi. Komendantlik soati paytida savdo punktlariga «muhim ehtiyojlarni qondirish maqsadi»da chiqish mumkin bo‘ladi.

Ochiq qolishiga ruxsat berilgan joylar sirasiga baqqollik do‘konlari, oziq-ovqat do‘konlari, qassobxonalar, quritilgan meva va shirinlik do‘konlari kiritilgan. Ularning ish vaqti soat 10:00dan soat 17:00gacha deb belgilandi. Shuningdek, mazkur ro‘yxatdan joy olgan korxonalar ushbu soatlar davomida yetkazib berish xizmatlarini ham ko‘rsatishlari mumkin.

Bundan tashqari, novvoyxona va non ishlab chiqarish korxonalarining bo‘limlari ochiq bo‘ladi.

Ovqatlanish nuqtalari yetkazib berish xizmatlarini davom ettiradi.

Ramazon oyi yakuniga yetadigan 13 may kuniga qadar ovqatlanish joylariga tun-u kun ishlashga ruxsat beriladi. Ramazon oyidan keyin esa ularning ish vaqti soat 01:00gacha davom etadi.

Do‘konga mashinada chiqsa bo‘ladimi?

Ichki ishlar vazirligi ma'lumotnomasida oziq-ovqat xarid qilishni istaganlar «avtomobil haydamaslik sharti bilan» yashash joyiga eng yaqin bo‘lgan savdo nuqtasiga borishlari mumkinligi qayd etilgan. Ushbu holatdagi yagona istisno – nogironlardir. Nogironlar savdo nuqtalariga avtomobilda borishi mumkin.

Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu 27 aprel kuni bergan bayonotida ushbu masala bo‘yicha qattiq nazorat amalga oshirilishini ta'kidladi:

«Do‘konga chiqqandim, baqqolga chiqqandim deb belgilangan marshrutdan tashqarida o‘ziga erkinlik hududini yaratishga harakat qilish holatlari uchrayapti. Biz bu borada belgilangan qoidalarga rioya etilishini nazorat qilishimiz kerak. Bu ish nafaqat bizning, balki hokimlarimiz, huquqni muhofaza qilish bo‘linmalarining ham zimmasiga tushmoqda».

Tarmoq savdo do‘konlari qaysi payt ochiq bo‘ladi, ular nima uchun yakshanba kuni ishlamaydi?

Tarmoq savdo do‘konlari (zincir marketler) ham boshqa savdo nuqtalari singari 10:00-17:00 oralig‘ida ishlaydi. Ular yakshanba kunlari yopiq bo‘ladi. Biroq yakshanba kunlari baqqollik do‘konlari, qassoblar va meva-sabzavot do‘konlari belgilangan soatlar (10.00-17.00) oralig‘ida xizmat ko‘rsatadi.

Ichki ishlar vaziri tarmoq savdo do‘konlari yakshanba kuni yopiq bo‘lishi sababini quyidagicha izohladi:

«Tarmoq savdo do‘konlari va supermarketlar uzoq vaqtdan beri muhim vazifani bajarib kelmoqda. Ular ham ushbu «yopilish davri»da haftada bir kun dam olishlari mumkin».

Mahalla bozorlari bo‘ladimi?

Ma'lumot va bayonotlarda mahalla bozorlari ochiq bo‘ladigan joylar qatoriga kiritilmagan. Shu sababli, mahalla bozorlari komendantlik davrida yopiq qoladi.

Taqiq paytida viloyat tashqarisiga sayohat qilish uchun ruxsat zarurmi? Shahar tashqarisiga chiqish mumkinmi?

To‘liq yopilish davrida shaharlararo sayohatlarga «majburiy holatlar»dagina ruxsat beriladi va buning uchun oldindan ruxsat olinishi kerak.

Turistik sayohat, tashrif va diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish uchun shahar tashqarisiga chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sayohat uchun ruxsatnomalarni elektron hukumat (e-devlet) orqali yoki 199 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali olish mumkin.

Majburiy ijtimoiy vazifani bajaruvchi davlat xizmatchilari tomonidan ruxsat olish uchun ariza bilan murojaat qilinishi bundan mustasnodir. Ular ruxsat olishlari shart emas, xizmat hujjatlari va muassasaga oid shaxsiy guvohnomalarini ko‘rsatishlari yetarli.

Bundan tashqari, birinchi darajadagi qarindoshining dafn marosimida ishtirok etadigan yoki dafn marosimiga mas'ul bo‘lgan shaxslarning ruxsatnomalari ham tizim tomonidan avtomatik ravishda tasdiqlanadi.

Boshqa shaharga chiqish uchun qanday holatlarda ruxsat beriladi?

Ichki ishlar vazirligining nizomida majburiy deb hisoblanuvchi holatlar quyidagicha keltirib o‘tilgan:

  • davolangan kasalxonasidan chiqarilib, asl yashash manziliga qaytishni istaganlar, shifokor xulosasi bilan yuborilgan va/yoki oldin shifokor qabuliga va nazoratiga yozilganlar;
  • kasalxonada davolanayotgan turmush o‘rtog‘i yoki birinchi darajali qarindoshiga qarovchilar (ko‘pi bilan 2 kishi);
  • bo‘lib turgan shahriga so‘nggi 5 kun ichida kelgan va qolish uchun joyi yo‘qligi sababli o‘z yashash manziliga qaytishni istaganlar (so‘nggi besh kun ichida kelganini sayohat chiptasi, kelgan transport vositasining davlat raqami, sayohatini tasdiqlovchi boshqa hujjat va ma'lumotlarni taqdim etganlar);
  • talabalarni tanlash va joylashtirish markazi (ÖSYM) tomonidan e'lon qilingan markaziy imtihonlarni topshiradiganlar;
  • harbiy xizmatni o‘tab, o‘z turar-joylariga qaytishni istaganlar;
  • shaxsiy yoki jamoaviy kundalik shartnoma uchun taklifnoma olganlar;
  • jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinganlar.

Vazir Soylu agar nazorat bo‘lmasa, bu jarayonda qonunbuzarliklar sodir bo‘lishi mumkinligi va har bir shaharda kirish va chiqish qat'iy nazorat qilinishini ta'kidladi.

Yashash manziliga qaytish uchun chipta sotib olganlar ortga qayta oladimi? Ta'tilining yakunlanish muddati yopilish davriga to‘g‘ri kelganlar o‘z uyiga qanday qaytishi mumkin?

Bayonot va ma'lumotnomalarga ko‘ra, agar siz bo‘lib turgan shahringizga so‘nggi 5 kun ichida kelgan bo‘lsangiz va yashash joyingiz bo‘lmasa, yashash manzilingizga qaytish istagi majburiy holat, deb hisoblanadi.

Ushbu vaziyatda siz o‘z holatingizni bayon qilib, elektron hukumat (e-devlet) va 199 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali sayohat ruxsatnomasi olishingiz kerak.

Yopilish davri tugamasidan oldin boshqa shaharga borib kelish mumkinmi?

Ichki ishlar vazirligi tomonidan nashr etilgan «Tez-tez beriladigan savollar» matnida yopilish qaroridan oldin sotib olingan chiptalar bilan sayohat qilishga ruxsat berish amaliyoti 29 aprel kuni yarim tunda boshlanishi aytilgan.

Uyi va ish joyi turli shaharlarda bo‘lgan insonlar ishga qanday borib keladi?

Uyi va ish joyi turli shaharlarda bo‘lgan va ish joylari cheklovdan ozod qilingan doiraga kiruvchi odamlarning uy va ish joyi qo‘shni viloyatlar bo‘lsa, borib kelishga ruxsat beriladi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan chop etilgan «Tez-tez beriladigan savollar» matnida ushbu savolga quyidagi javob berilgan:

«Odamlar istiqomat qiladigan va ular ishlaydigan viloyatlar farqli bo‘lsa va ishga borib kelish har kuni muntazam ravishda amalga oshiriladigan Istanbul-Gebze, Istanbul-Chorlu/Cherkezko‘y, Istanbul/Yalova, Izmir-Manisa, Kutahya-Ushak va shunga o‘xshash chegara/qo‘shni viloyatlarda viloyatning sanitariya kengashlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga muvofiq, ishchilarga xizmat ko‘rsatuvchi avtobuslarning yo‘lovchi tashish faoliyati shaharlararo sayohat ruxsatisiz amalga oshirilishi mumkin».

Ramazon hayiti bayrami paytida boshqa shaharga ta'tilga buyurtma berish mumkinmi?

Yo‘q. Chunki, 13 maydan boshlanadigan Ramazon hayiti bayramining so‘nggi kuni 15 may - shanbadir va bu kun ham to‘liq yopilish davriga to‘g‘ri keladi. Ichki ishlar vazirligining ko‘rsatmasida turar joy binolarini bron qilish cheklovlardan ozod qilinmasligi aniq ko‘rsatilgan. «Ushbu davrda turar joy binolari majburiy holatlarga bog‘liq holda faqat sayohat qilish huquqiga ega bo‘lgan odamlargagina xizmat ko‘rsatishi mumkin», deb yoziladi ko‘rsatmada.

Chet elga chiqishda cheklovlar bormi?

Xalqaro sayohatlar to‘liq yopilish davridan oldingi paytdagi kabi davom etishi kutilmoqda. Boshqacha aytganda, to‘liq yopilish davrida xalqaro sayohatlarga qo‘shimcha cheklovlar yoki qoidalar kiritilmadi.

Amaldagi qoidalar mamlakat ichkarisidagi sayohatlarga nisbatan tatbiq qilinadi.

Chet elga sayohat qilish maqsadida shahar ichida transportdan foydalanilganda parvoz chiptasi ko‘rsatilishi kerak.

Chet eldan kelsa bo‘ladimi, ichkarida qanday qilib sayohat qilish mumkin?

Chet eldan kelib, ulanish reysini davom ettiradigan yo‘lovchilar sayohat uchun ruxsat olishlari shart emas.

Ichki ishlar vazirligining «Tez-tez so‘raladigan savollar» matnida xalqaro bog‘lovchi samolyotda sayohat qilayotgan yo‘lovchilar ichki ulanish reyslari bilan yashash joylari orasidagi safarda xalqaro parvoz hujjatlarini ko‘rsatgan taqdirda ruxsat olishlari shart emasligini ta'kidlangan.

Turk havo yo‘llarining bu mavzudagi bayonotida ichki ulanish reyslari paytida amalga oshiriladigan tekshiruvlar paytida xalqaro parvoz chiptalari taqdim etilishi mumkinligini ta'kidladi.

Turkiyaga qisqa muddat uchun kelganlar cheklovlardan ozod etiladimi?

Ichki ishlar vazirligining ko‘rsatmasida qisqa muddat ichida turistik maqsadlarda Turkiyada bo‘lib turgan chet elliklar komendantlik soatlaridan ozod qilingani ko‘rsatilgan.

Biroq komendantlik soati yashash huquqiga (ikamet izni) ega bo‘lganlar, vaqtincha muhofaza qilish statusida yoki xalqaro himoyada bo‘lganlar uchun amal qiladi.

Taqiq davlat xizmatchilariga ham tegishlimi?

Ichki ishlar vaziri Soylu mavzuga oid bayonotida jamoat xodimlarining uyda ishlashini va ularining 50 foizigacha bo‘lgan qismi ish joyida ishlashi masalasi menejyerlar tomonidan ko‘rib chiqilishini aytdi.

Soylu uyda ishlaydigan jamoat xizmatchilari ham to‘liq yopilish davrida barcha cheklashlar va taqiqlarga rioya qilishlari kerakligini ta'kidladi.

U shuningdek, davlat sektorida ishlaydigan va 10 yoshgacha bolalari bo‘lgan ayollarga ma'muriy ta'til berish amaliyoti davom ettirilishini ta'kidladi.

Kasalxona, stomatologiya klinikasi, banklar ochiq bo‘ladimi?

Vazir Soylu ko‘rsatmada ko‘rsatilgan istisnolardan tashqari barcha ish joylari yopilishini bildirdi. Ko‘rsatmada baqqollik do‘konlari, oziq-ovqat do‘konlari, qassobxonalar, quritilgan meva va shirinlik do‘konlari ochiq qoladigan joylar ro‘yxatiga kiritilgan.

Bundan tashqari, davlat va xususiy sog‘liqni saqlash muassasalari va tashkilotlari, dorixonalar, veterinariya klinikalari va hayvon shifoxonalari ham ochiq bo‘ladigan joylar qatoridan o‘rin olgan.

Bu tashkilotlarda ishlaydiganlar hamda «majburiy tibbiy qabulga yozilganlar» shifokor huzuriga borish va qaytishda vaqtida komendantlik soatlaridan ozod qilinadi.

Banklar ham cheklangan miqdordagi filial xodimlari bilan xizmat qiladi. Banklar soat 10:00dan 16:00gacha ishlaydi. Ushbu istisnolardan tashqari korxonalar yopiladi.

Juma namoziga boradiganlar uchun taqiq mavjudmi? Masjidlar ochiq bo‘ladimi?

To‘liq yopilish davrida masjidlar ochiq bo‘lishi va jamoat namozi o‘qilishi e'lon qilindi.

Din ishlari bo‘yicha rahbar Ali Erbash Diyanet TV’ga bergan bayonotida yopilish davrida jamoat bilan birga masjidlarda namoz o‘qilishini aytdi.

«Masjidlarimiz ochiq. Juma va kundalik namozlarimiz o‘qiladi, faqat tarovih namozi bundan mustasno», dedi u.

Mavzuga oid