O‘zbekiston | 07:55 / 03.05.2021
2358
3 daqiqa o‘qiladi

Endi ichki turizm uchun ham subsidiyalar miqdori aniq

Foto: KUN.UZ

Aviatashuvchilarga mamlakatimizdagi ichki aviaqatnovlar chipta narxlarining 25 foizi, turoperator va turagentlar tomonidan mahalliy sayyohlar uchun tashkil etilgan turlarga avia hamda temiryo‘l chiptalari narxining 15 foizi miqdorida subsidiyalar ajratiladi. 

Maxsus komissiya subsidiya ajratiladigan avia va temiryo‘l yo‘nalishlarini belgiladi. Subsidiyalanadigan 10 ta aviaqatnov yo‘nalishi chipta narxlarining eng yuqori summalari ham tasdiqlandi. Misol uchun, «Samarqand-Namangan» aviaqatnovidagi chipta narxi 666 782 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, aviatashuvchiga beriladigan subsidiya hisobiga ushbu chipta narxining eng yuqori summasi 500 086 so‘mni tashkil etdi. Chipta turoperator orqali xarid qilinganda esa uning narxi 425 073 so‘mni tashkil qiladi.

Turoperatorlar va turagentlar tomonidan tur doirasida xarid qilingan «Andijon-Xiva-Andijon», «Termiz-Qarshi-Xiva» va «Termiz-Qarshi-Samarqand» yo‘nalishlari subsidiyalanadigan yo‘nalishlarga kiritildi.

Shu bilan birga, Maxsus komissiya qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 13 apreldagi 109-son qarorida nazarda tutilgan jamoaviy chiptalarni sotib olish guruhidagilar soni 10 nafardan 24 nafargacha bo‘lganda - 10 foizli,  undan ortiq kishilik guruh uchun esa 15 foizli chegirmalar ham saqlanib qolindi.

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 dekabrdagi 964-son qaroriga asosan yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlariga (tariflar) o‘zgarish kiritilgan taqdirda bu to‘g‘risida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, Turizm va sport vazirligining rasmiy saytlari hamda boshqa OAVlar va ijtimoiy tarmoqlarda keng e'lon qilinib borilishi belgilandi.

Shuningdek, qaror bilan respublika bo‘ylab joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxlarining subsidiyalanadigan eng yuqori (cheklangan) darajasi (summasi) 250 ming so‘m etib tasdiqlandi.

Bunda turoperator va turagent tomonidan respublika bo‘ylab tashkil etilgan tur davomida mehmonxona xizmatining 10 foiz miqdoridagi subsidiyalanadigan eng yuqori summasi 25 ming so‘mdan oshmasligi belgilandi.

Prezidentimizning ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish to‘g‘risidagi Farmonining imzolanishi Farg‘ona vodiysida istiqomat qiluvchi aholining ham Buxoro, Samarqand hamda Xorazm viloyatlariga, ushbu hududlar aholisini esa Farg‘ona vodiysiga sayohat qilishlari uchun qulay imkoniyat taqdim etdi.

Xususan, joriy yilning fevral oyida yo‘lga qo‘yilgan «Urganch-Farg‘ona-Urganch» aviayo‘nalishining birinchi oyida samolyotlarning bandligi 43,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, turoperator va turagentlarga yaratilgan qo‘shimcha imkoniyat natijasida samolyotlar bandligi mart oyida 87,9 foizga, ya'ni ikki barobarga oshdi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2021 yil 9 fevraldagi 6165-son Farmoniga muvofiq yuqoridagi subsidiyalar bo‘yicha bo‘yicha to‘lovlar 2021 yil 1 martdan boshlab tashkil etilgan sayohatlar uchun qoplab beriladi.
 

Mavzuga oid