Jamiyat | 09:03 / 07.05.2021
41146
9 daqiqa o‘qiladi

Firibgar telefon qilsa, tanimay aldanib qolmang!

SMSda kelgan maxfiy kodni birovga aytib yoki firibgarlar yaratgan saytga ishonib pulidan ayrilgan odamlar soni kundan kunga ko‘payyapti.

Foto: Alamy stock

Odamlarning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Markaziy bank, tijorat banki, to‘lov tashkiloti yoki to‘lov tizimi xodimi sifatida tanishtirib, mobil ilova buzilgani, bank kartasi blok holatiga tushgani, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va shu kabi turli uydirmalarni keltirgan holda darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilishi haqida aytib, odamlarning pullarini o‘g‘rilash holatlari ko‘paymoqda.

Bloger Shahnoza Soatova obunachilaridan biri bilan ro‘y bergan holat haqida quyidagicha yozadi.

«Menga telefon qilib, bir yosh yigit o‘zini Artyom deb tanishtirdi. Suhbat rus tilida bo‘ldi. «Men sizni Markaziy bankdan bezovta qilyapman. Hozirgina sizning kartangizdan mobil ilova (Slick, Payme, tijorat banklari ilovalari) orqali OLX.UZ uchun 2 mln so‘m to‘lov amalga oshirishga urinish bo‘ldi. Shu sizmidingiz? Hozir sizning mobil tizimiga dostupingiz bormi, tekshirib ko‘ramiz».

Men darrov: «Shoshmang, siz qaysi Markaziy bankdan telefon qilyapsiz?» deb so‘radim. «Toshkent shahar Markaziy bankidan», dedi Artyom. «Qaysi bo‘limdan?» deb so‘roqni davom ettirdim. Ozgina o‘ylanib «Xavfsizlik bo‘limidan», dedi hurmatli Artyom.

– Kechirasiz, Artyom, sizning mobil tizimga qanday aloqangiz bor?

– Axir biz Markaziy bankmiz, bizning hamma tizimga dostupimiz bor.

– Xo‘p, unda qaysi karta orqali to‘lov qilishga urinish bo‘ldi? (Kartam 2 taligi bois shu savolni berdim, chunki suhbat qiziqlashib borayotgan edi).

– Markaziy bank tomonidan chiqarilgan karta orqali.

– Markaziy bank qachondan beri karta chiqaryapti ekan? Markaziy bank karta chiqarmaydi, Artyom, deyishim bilanoq go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

Suhbat davomida orqa fonda koll-markazning ovozi eshitilib turardi. Jumladan, yosh ovozlarning rus tilida kimlargadir nimalarnidir tushuntirayotgani bilinib turardi. Prokuratura degan so‘zlar ham quloqqa ilindi.

Nazarimda, firibgarlar O‘zbekistonga ham kirib kelishdi yoki mobil ilovalarning ma'lumotlar bazasi chiqib ketdi. Chunki suhbat davomida mening ismim, familiyam va otamning ismini ham to‘liq aytdi bu «aqlli» Artyom. Adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin. Artyomga insof bersin».

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan obunachilardan biri esa elektron hamyonidan pul o‘g‘irlanganini aytdi.

«Mobil hamyonimni tekshirib ko‘rayotganimda, begona raqamga 40 ming so‘m mablag‘ tushirilganini ko‘rdim. Mening mobil hamyonimning kodi hech kimda yo‘q edi, hech kimga bermaganman, hayron qoldim. Aniqlik kiritish maqsadida o‘zimga tegishli mobil hamyonimning xodimlariga Telegram orqali murojaat qildim. Ular xavfsizlik sozlamalariga kirib, o‘zimdan boshqa yana kimdir ulanganini tekshirib ko‘rishimni aytishdi. Tekshirib ko‘rganimda mendan boshqa hech kimga hamyonim ulanmaganiga amin bo‘ldim.

Shubhalanib, pul tushirilgan raqamga telefon qilganimda, u odam mablag‘ o‘tkazilganini inkor qilib, telefonni qo‘yib qo‘ydi va qayta bu raqam bilan bog‘lana olmadim. Oradan 15 kunlar vaqt o‘tgandan keyin dadamning plastik kartasidan ham asossiz pul yechib olingani yuz berganini ko‘rdik, ammo mablag‘ katta bo‘lmagani sababli tegishli tashkilotga arz qilishni lozim deb topmadim.

Data privacy degan tushunchani bular qo‘pollik bilan buzishmoqda. Qanchadan qancha odamlar mobil ilovasiga ishonib kartalarini tizimga kiritganlar», – dedi suhbatdoshimiz.

Boshqa bir hamyurtimizning ta'kidlashicha, xuddi o‘sha Artyom unga 4 may kuni 12:58 da telefon qilib, OLX.UZ mobil ilovasidagi e'lon bo‘yicha karta ma'lumotlarini so‘ragan. Ammo fuqaroning plastigida pul yo‘qligi, qayerdan bunaqa urinish bo‘lganini so‘roqlay boshlashi natijasida go‘shakni qo‘yib qo‘ygan.

Qayta telefon qilinganda, raqam bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmagan. Murojaatchining aytishicha, Artyom uning ham barcha shaxsiy ma'lumotlarini aytib o‘tgan.

Kuzatuvlarga ko‘ra, firibgarlar ko‘p hollarda internet orqali oldi-sotdi qilinadigan saytlar vositasida sotuvchilarni aldab, ularning kartasidagi pullarni yechib olishmoqda.

«Plastik kartalardagi firibgarlik holati menda ham kuzatildi. Telefonimni sotish maqsadida OLX.UZ mobil ilovasiga e'lon joylashtirgan edim. E'lon joylashtirilganda tabiiyki, telefon raqamimni qoldirganman. Ismi adashmasam Lola bo‘lgan, o‘zini Buxorodanman, deb tanishtirgan qiz telegramimga yozdi. Telefonim yoqqanini aytib, pulini onlayn uzatmalar orqali kartamga tushirish uchun link tashladi.

Linkni tekshirib ko‘rganimda u yerda plastik karta raqami amal qilish muddati va deyarli barcha ma'lumotlar so‘ralayotgan edi. Men «mijozim» Loladan an'anaviy pul o‘tkazish usullari Payme yoki Click mobil ilovasi orqali pul o‘tkazsagina u bilan savdo qilishim mumkinligini aytganimda, u meni bloklab qo‘ydi.

Shunday mijozlardan yana ikkitasi telegramimga murojaat qilgan. Menimcha, ular OLX.UZ mobil ilovasini faol kuzatishmoqda va u yerda e'lon joylashtirganlar bilan aloqaga chiqishmoqda», – deydi boshqa bir obunachi.

OLX.UZ mobil ilovasi rahbari Doniyor Turg‘unov shunday firibgarliklar ko‘payganini tasdiqladi.

Doniyor Turg‘unov

«Fuqarolar o‘z narsasini sotish uchun saytga e'lon berishadi. Birozdan so‘ng e'lon bo‘yicha xaridor chiqadi va sizga yozadi. Siz bilan savdolashadi. Shundan so‘ng tovar pulini yuborganini, hisobni tekshirib ko‘rish kerakligini aytib, havola yuborishadi.

Havola firibgarlikning yangi ko‘rinishi bo‘lib, havolaga ular sizning kartangizdagi pulni yechib oladigan tizimni o‘rnatishgan. Havolaga kirsangiz, bizning saytga o‘xshash bo‘ladi. Lekin bizga umuman aloqasi yo‘q. Chunki bizda yetkazib berish xizmati yo‘q. Ikkinchidan, bizda kartalarning ma'lumotlari so‘ralmaydi. Umuman olganda, biz to‘lov tizimi emasmiz.

Bu – firibgarlikning bir turi. Telegram'dan yozishadi. Havolaga kirasiz. Kirganingizdan keyin pulingizni yechish uchun karta raqamingizni so‘rashadi. Karta raqamini yozganingizdan keyin hech qanday pul ko‘rinmaydi. Keyin sotuvchi pul yo‘qligini, ko‘rinmayotganini aytadi. Shundan so‘ng ular maxfiy kodni telefoningizga yuborishadi va shu orqali kartangizdagi hamma mablag‘ni yechib olishadi», – deydi Doniyor Turg‘unov.

Markaziy bank axborot xizmati mobil telefonga kelgan bir martalik SMS-kod, mobil ilovalar, veb-ilovalarga kirish huquqini beruvchi login va parollar bank xodimlari tomonidan so‘ralmasligi, shu bois hech kimga bunday ma'lumotlarni bermaslikka chaqirgan.

Xulosa

Ko‘pchilik holatlarda fuqarolar hushyor bo‘lmagani sabab firibgarlar bundan ustomonlik bilan foydalanmoqda. Shu sababli bank kartasi orqali onlayn operatsiyalar bajarishda e'tiborli bo‘lish, karta haqidagi ma'lumotlarni kiritishdan oldin platformaning haqiqiyligini tekshirish, maxfiy kodlarni hech kimga bermaslik lozim.

Shubhali holat sezildimi, albatta, qo‘ng‘iroq qilib, aniqlik kiritish talab etiladi.

Chunki yechib olingan mablag‘ni qaytarib olish, uni kim yechganini aniqlash juda qiyin va ko‘plab holatlarda imkonsizdir.

Plastik kartadagi mablag‘larning yechib olinishi – ko‘p uchraydigan holat. Ammo hayratlanarli tomoni, internetdagi ayni bir xil firibgarlikdan bir emas, bir necha marta aldanayotgan odamlar ham ko‘p. SMS tarzida kelgan maxfiy kodni birovga bergani oqibatida pulidan ayrilgan odamlar vaqt o‘tib yana shu xatosini takrorlashlari ham kuzatilyapti.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid