Jamiyat | 12:44 / 09.05.2021
19237
14 daqiqa o‘qiladi

“Hammasini davlat qilib berishi kerak”. Jamiyat mas'uliyatsizligiga kim sababchi?

Yuqori minbarlardan odamlarning e'tiborsizligi, jamiyat hayotiga befarqligi, boqimandalik kayfiyatiga berilgani bot-bot yangrab turadi. To‘g‘ri, uyimiz oldida chiqindi yig‘ilsa, nega men olishim kerak, har kuni o‘tadigan yo‘limiz ta'mirtalab bo‘lsa, nega men tuzatishim kerak, deb o‘ylaymiz. Mas'uliyatni o‘zimizga emas, hukumat zimmasiga yuklashni istaymiz.

Foto: Shutterstock

Men shu jamiyatning bir bo‘lagiman, uni yaxshi tomonga o‘zgartirishim kerak, degan daxldorlik hissi bizga begona ba'zida. Nima uchun bunchalik befarqmiz? Shaxsiy tashabbus ko‘rsatish o‘rniga buni davlat qilishi kerak, degan dogmadan hech qutulolmayapmiz. Ijtimoiy mas'uliyatsizlik esa o‘z ortidan boqimandalik, shaxsiy tashabbusning yetishmasligi kabi muammolarni keltirib chiqaryapti. O‘zi, aslida, ommaviy e'tiborsizlik, ijtimoiy mas'uliyatsizlik ildizlari qayerda? Bunga faqat odamlar aybdormi yoki hukumat ham bundan manfaatdormi? Ekspertlar ushbu masala yuzasidan fikr bildirishdi.

“Odamlarning umumiy xohishi inobatga olinmasa, ular oxiri qo‘l siltaydi va atrofdagi voqealarga befarq bo‘lib yuraveradi”

Deputat Rasul Kusherbayev intervyularidan birida odamlarda ijtimoiy mas'uliyatning yo‘qligi sabablari, hukumatning bundagi roli haqida fikr bildirdi.

“Odamlarda ijtimoiy mas'uliyat qachon paydo bo‘ladi? Qachonki, ularga davlat ahamiyatiga molik qarorlarni qabul qilish vakolati berilsa. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi alohida qonun bor. Ushbu hujjatda jamoatchilik nazorati bo‘yicha ko‘rsatilgan masalalarni real hayotda ishlatishga ehtiyoj yo‘q. Odamlar bu masalalar bilan shug‘ullanishga qiziqish bildirishmaydi, chunki bu ularga qiziqmas.

 Masalan, jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik ekspertizasi kabi tushunchalar bor. Odamlar bu masalalarni hal qilish uchun vaqtlarini sarflashni istashmaydi. Qonunda jamoatchilik kengashining qarori tavsiyaviy xarakterga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Oxir-oqibat qarorlar shunday xarakterda bo‘lsa, undan foyda bo‘ladimi yoki yo‘q? Shu sababli jamoatchilikka aniq vakolatlar berilishi kerak. Qarorlarning bajarilishi majburiy qilinishi kerak va odamlar o‘zlarining qarorlari ijobiy hal etilayotganini reallikda ko‘rishsin.

Masalan, mahalladagi daraxtlarni tadbirkor o‘z manfaati yo‘lida kesayotgan bo‘lsa, mahalla jamoatchilik kengashi yig‘ilib, imzo bilan tasdiqlangan bayonnoma tuzishsin va majburiy harakat amalga oshirish uchun yuborishsin. Jamoatchilik shunday qarorga kelgan bo‘lsa, demak, ularning fikri inobatga olinsin. Hozir nima bo‘lyapti: insonlar qurilish ishlaridan norozi bo‘lib, bayonnoma tuzishadi va tegishli joyga yuborishadi. Natijasi tavsiyaviy xarakterga ega ekanligi aytiladi. Qarorni qabul qiladigan tomon istasa ko‘rib chiqadi, istamasa bir chetga surib qo‘yadi. Jamoatchilik mas'uliyatini oshirish uchun “Jamoatchilik to‘g‘risida”gi qonunni tegishli bandlar bilan to‘ldirish kerak.

Bundan tashqari, odamlar o‘zlarining ovozi, irodasi hal qiluvchi kuchga ega ekanligiga ishonishlari kerak. Jamoatchilik xohishi inobatga olinmasa, oxiri qo‘l siltaydi va atrofdagi voqealarga befarq bo‘lib yuraveradi. Masalan, “Moviy gumbazlar” voqeasida odamlar daraxtlar kesilmasligini talab qilishdi, kurashishdi. Lekin nima natija bo‘ldi? Baribir qurilish bo‘lishi ma'lum bo‘ldi-ku. Agar odamlar jamiyat hayotiga oid muhim qarorlarni qabul qilish vakolatiga ega bo‘lishsa, ular o‘zlarining qonuniy haqlarini talab qila boshlashadi. Ma'lum masala yuzasidan o‘z fikrlarini bildira olishadi, ijtimoiy mas'uliyat ham paydo bo‘ladi”.

“Hamma teng” tushunchasi iqtidorlilarni bo‘g‘ilishga, barchani bir xil qolipga tushishga majburladi”

 O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olim Toshboyev:

“Notabiiy tuzum sifatida tarixda qolgan sho‘ro tuzumi 70 yildan oshiq davr mobaynida hukm surdi. Undan oldingi Turkistonning bosqinchilar tomonidan zabt etilganligi va bu mintaqada diniy-milliy qadriyatlar, urf-odatlar, yashash tarzining judayam jiddiy inqirozga kelib qolganligi va sun'iy hayot tarzini targ‘ib qilishga bo‘lgan harakat o‘z “meva”sini bergan, ya'ni tarixiy asoratlar qoldirgan. 

 Sho‘rolar qanday g‘oyani singdirdi? Hamma teng bo‘lishi kerak, dedi. Bu inson tabiatiga yot bo‘lgan tushuncha. Farobiy “Fozil odamlar shahri” asarida odamlar iste'dod va iqtidorda bir-birlaridan ortiq yoki kam bo‘ladilar, deb yozgan. Chunki odamlar jismoniy va aqliy jihatdan har xildirlar. “Hamma teng” tushunchasi ongga singdirilgach, iqtidorlilarni bo‘g‘ilishga, barchani bir xil qolipga tushishga majburladi. Butun bir avlod sun'iy chegaralanishlar ortida yashashga majbur bo‘ldi va bu bir xil qoliplanishga olib keldi.  

Umumiy kayfiyat ko‘r-ko‘rona davlatga sig‘inish munosabatini shakllantirdi. Hamma narsa uchun davlat mas'ul, javobgar, degan tushunchaga olib keldi. Bu kayfiyat birdaniga yo‘q bo‘lib ketmaydi, chunki ma'lum tuzum barham topsa ham, uning g‘oyaviy, mafkuraviy jihatlari fuqarolarning ongida uzoq yillar yashab qoladi. Biz hali sobiq sho‘ro tuzumining asoratlaridan qutulib ketganimiz yo‘q. 

 Davlat o‘zi nima, degan savolgayam javob berish kerak. 2500 yil oldin yashagan Aflotunning “Qonunlar” asarida qayd etilishicha, fuqaro hayoti bilan bog‘liq barcha masalalarda baribir davlatdan qandaydir bir ko‘mak kutadi. Faqat bir sharti bor: sohibi qonun adolatli bo‘lishi, haqiqat bo‘lishi kerak va har bir huquqbuzar o‘z jazosini olishi shart.

“Davlatning asosiy funksiyalaridan biri ijtimoiy daxldorlik hissini shakllantirishdir”

O‘zMU sotsiologiya kafedrasi o‘qituvchisi Furqat Olimov:

“Odamlarda hammasini davlat qilib berishi kerak, degan tushuncha haligacha saqlanib qolganligini quyidagicha tushuntirish mumkin: hamma davrlarda ijtimoiy institut hisoblangan davlat o‘z fuqarolarining baxt-saodati, osoyishta va to‘kin hayot kechirishi haqida qayg‘urib kelgan.

Davlatning asosiy funksiyalaridan biri o‘z fuqarolariga mana shu davlatga taalluqlilik hissini shakllantirish orqali yagona maqsad va shu maqsadga erishtirishi mumkin bo‘lgan vazifalarni to‘g‘ri yetkaza olishi kerak.

Sobiq ittifoqda davlat fuqarolar uchun emas, kommunistik partiya g‘oyalarini amalga oshirish uchun xizmat qilgan. Aynan shu sababdan aholida yuqorida aytib o‘tilgan “xarakter” shakllangan. Xalqimizda qirq yilda el o‘zgarar, degan yaxshi maqol bor. Demak, to‘rtinchi o‘n yillikka qadam qo‘yayotgan ekanmiz, yaxshi niyatlar qilib turamiz. 

Ommaviy mas'uliyatsizlik o‘z ortidan boqimandalik kayfiyatini ergashtirib yuradi

Ekspertlar jamiyatda boqimandalik kayfiyati kelib chiqishi sabablari va oqibatlari haqida ham so‘z yuritdi..

“Iqtidorlar qadr topgan, qonunlar ustuvor jamiyatda yirik ijtimoiy muammolar bo‘lmaydi”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olim Toshboyev:

 “Odamlarda boqimandalik kayfiyati o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. “Boqimanda” so‘zini eshitsam, birdaniga sho‘ro tuzumi inqirozi bo‘lgan davr — o‘tgan asrning 80-90-yillari oxirida bo‘lgan yirik siyosiy anjumanlar va u yerda o‘zbek xalqiga qo‘yilgan ayblovlar esimga tushaveradi. Moskvada SSSR Xalq deputatlari s'yezdlarida og‘ziga kuchi yetgan-yetmaganlar o‘zbek xalqini boqimanda, deb haqorat qilishga urinardi. 

O‘sha majlislarda “Nega ular ko‘p farzand ko‘rishadi? Qachongacha biz ularni boqamiz? Ularning farzandlari bo‘ynimizdagi yuk”, degan fikrlar bot-bot yangrardi. Boqimandalik tushunchasining bahsli jihatlari bor. O‘zbek xalqi hech qachon boqimanda bo‘lgan emas. Agar o‘zbek xalqiga qonuniy sharoitlar yaratib berilsa, dunyoning manaman degan xalqlaridan o‘tib ketish salohiyatiga ega.  

Davlat fuqaroning xavfsizligi, erkin yashashi, turmush tarzini turli tashqi va ichki tahdidlardan himoyalovchi kafolatli kuch sifatida taassurot qoldiradi va xalq mana shu nuqtayi nazardan davlatga juda katta umid bog‘laydi. Davlat nima uchun fuqaro hayotida katta o‘rin tutadi, degan yana bir jihatni o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, jamiyat o‘zini o‘zi davolash, boshqarish, taftish qilish xususiyatiga ega. Chunki jamiyat ongli odamlardan tarkib topadi.

 To‘g‘ri, boshqariladigan rahbarlar va ularga bo‘ysunadigan qatlam barcha mamlakatlarda bo‘ladi. Lekin jamiyatning salohiyatini, saviyasini oshirishga davlat har doim ham aralashaverishi shartmas. Jamiyat ongli odamlardan tarkib topgan ekan, u o‘zini o‘zini boshqarish salohiyatiga ega. Xususiy mulk rivojlanadigan bo‘lsa, buning uchun adolatli sharoitlar yaratiladigan bo‘lsa, iste'dodlargina boshqaruv tizimiga qo‘yiladigan bo‘lsa, jamiyatda shu va boshqa chuqur muammolarga o‘rin qoldirmaydi.

 Jamiyatda boqimandalik kayfiyati shakllanmasligi yoki uni kamaytirish uchun oilalarning ma'naviy-ruhiy dunyosini boyitishga harakat qilishimiz kerak. Jamiyat oilalardan tarkib topar ekan, umumkayfiyat shakllanishining ilk nuqtasi ham oiladir.

 Amir Temurning bir gapini eslaylik: “Saltanatda shunday tartib o‘rnatdimki, boshida bir lagan marvarid yoki inju qo‘ygan bolani saltanatimning u boshidan bu boshiga borguncha birov uning boshidagi marvaridga qo‘l tegizishga jur'at qilmadi va undan bir dona tushmadi”, deb aytgan. Bu nimani anglatadi? Amir Temur davrida qonun ustuvorligi sababli shunday qat'iy tartib o‘rnatildi. 

 Yuqori minbarlarda amaldorlar odamlarda haliyam boqimandalik kayfiyati yuqoriligini ta'kidlashadi. Aslida, hamma ham kosasini ko‘tarib, davlatga ko‘z tikib turgani yo‘q. Oxirgi 30 yil davomida odamlar “O‘zing uchun o‘l yetim”, qabilida qora qozonini qaynatish uchun xorijga ishlashga chiqib ketdi. Hamma o‘z tirikchiligi uchun o‘zini mas'ul, deb bildi. O‘tgan 30 yil ichida xalq psixologiyasi o‘zgardi. Iqtidorlilarni yuzaga chiqarish uchun hukumat harakat qilsa, boqimandalik, ommaviy e'tiborsizlik va boshqa shunga yondosh muammolar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi”.

 “Odamlar davlat tomonidan ijtimoiy himoyalanganini his qilsa, jamiyat muammolariga ko‘z yumib ketmaydi”

 O‘zMU sotsiologiya kafedrasi o‘qituvchisi Furqat Olimov:

“Boqimandalik tushunchasi, birinchi navbatda, sotsial muammo. Xo‘sh, sotsial muammo o‘zi nima? Sotsial muammo — bu jamiyatning aksariyat qismiga tegishli bo‘lgan va shu jamiyatning boshqa a'zolariga ham o‘z ta'sirini o‘tkazadigan keng ma'nodagi muammo. Biz bu yerda aybdor kimligini izlab, soatlab bahs qilishimiz mumkin. Bu bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi.

Muammoning asl negizi – kishilarga davlat tomonidan kafolatlangan turmush kechirish uchun sharoitlar yaratib berilishi. Bu bilan davlat aybdor, deyishdan yiroqman. O‘z funksiyasiga ko‘ra, davlat o‘z fuqarolarida mana shu davlat fuqarosi, degan tuyg‘uni shakllantirishi va shu yo‘l orqali kishilarda fuqarolik pozitsiyasini vujudga keltirishi lozim bo‘ladi.

Har bir inson, birinchi navbatda, o‘zi uchun mas'ul bo‘lishiga erishish talab etiladi. Kishilarda manfaatdorlik hissini shakllantirish talab etiladi. “Siniq oyna” nazariyasiga tayanadigan bo‘lsak, har qanday befarqlik, mas'uliyatsizlik shaxsiy tashabbus ko‘rsatilishi orqali bartaraf etilishi zarur. Har bir guruh, mehnat jamoasi rahbarlari shaxsiy namuna ko‘rsatish orqali boshqalarning xatti-harakatlarida o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga erishishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zining davlat tomonidan ijtimoiy himoyalanganligini his qilgan shaxslar mana shu davlat uchun qandaydir bo‘lsa ham foyda keltirishga harakat qiladilar, bu foyda o‘zlariga bir necha karra bo‘lib qaytishini anglagan holda, albatta. Huqumatning asosiy vazifasi aholi yaxshi turmush kechirishi uchun zarur bo‘lgan miqdorda daromad olishi mumkin bo‘lgan ish o‘rinlarini yaratishdir.

Davlat idoralari xalq uchun u yoki bu ishni qilayotgan, o‘zlarini jonkuyar ko‘rsatishga urinar ekan, samimiylik namoyon qilmasa, xalq soxtakorlikni juda yaxshi his qiladi. Faol mehnat faoliyatini imitatsiya qilish orqali hech qachon yaxshi natijaga erishib bo‘lmasligini tan olish vaqti keldi, menimcha”.

 Xulosa qilishga shoshilmang...

Ko‘plab ijtimoiy muammolarda bo‘lgani kabi ommaviy mas'uliyatsizlik, e'tiborsizlik, boqimandalik masalalarida ham hukumat fuqarolarni ayblamasligi zarur. Yuqorida ekspertlar ta'kidlaganidek, davlat fuqarolarning farovon yashashi uchun harakat qilib, barcha masalalarda qonun ustuvorligini ta'minlay olsagina, fuqarolarda ham ijtimoiy mas'uliyat, daxldorlik hissi ortadi.

Sodda qilib aytganda, hukumat davlatchilik tamoyillariga asosan o‘z vakolati doirasida harakat qilsa, zarur ijtimoiy infratuzilmani yaratib bersa, fuqarolar “uyg‘onadi”, jamiyat og‘riqlarini o‘ziniki deb bilishni boshlaydi, uni o‘z vaqtida bartaraf etadi. 

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid