Kobuldagi qizlar maktabida portlash: 50dan ortiq qurbon va yuzdan ortiq jarohatlanganlar bor
Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligining rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, shanba kuni Kobul shahridagi maktab binosi oldida ro‘y bergan portlash oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘lgan. Reuters agentligi esa xavfsizlik xizmatidagi manbasiga tayangan holda 55 kishi qurbon bo‘lgani va 100dan ortiq kishi jarohatlangani haqida xabar tarqatdi.
Manba xabariga ko‘ra, avtomobilga o‘rnatilgan bomba portlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashinaga artilleriya minalari o‘rnatilgan va masofadan turib portlatilgan.
Tolo News telekanalining xabar berishicha, maktabda uchta portlash sodir etilgan: dastlab mashina portlagan, so‘ngra ikki raketa uchirilgan.
BBC xabariga ko‘ra, o‘quvchilar maktabdan chiqayotganida portlash ro‘y bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlarda ko‘chada sochilib yotgan maktab portfellarini ko‘rish mumkin.
Ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, jabrlanganlarning aksari 11-15 yoshlardagi qizlar bo‘lgan.
Portlash Kobul g‘arbida, asosan shia mazhabiga e'tiqod qiluvchi hazoriylar yashaydigan Dasht-a-Barchi tumanida sodir etilgan. Bu hudud avvaldan sunniy mazhabiga e'tiqod qiluvchi jangarilarning hujumlari nishonida bo‘lib keladi.
Bir yil muqaddam mahalliy shifoxonaga hujum uyushtirilishi oqibatida 24 kishi halok bo‘lgan, ularning aksari ayollar, bolalar va chaqaloqlar edi.
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ushbu hujumda «Tolibon»ni ayblagan va uni insoniyatga qarshi jinoyat, deb atagan. U toliblar bunday xatti-harakatlari bilan Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ortga surayotganini ta'kidlab o‘tgan.
Shanba kungi hujum aynan kimga qarshi qaratilgani ma'lum emas. «Tolibon» harakati bu hujumga aloqador emasligini ma'lum qilib, bu teraktni qoralab chiqdi.
Kobuldan berilgan xabarlarga ko‘ra, portlash vaqtida bu hududda odamlar gavjum bo‘lgan: odamlar keyingi haftada nishonlanadigan Ramazon hayitiga tayyorlanish uchun bozorlarga yo‘l olishgandi.
YeIning Kobuldagi missiyasi tvitterda qoldirgan bayonotida qizlar maktabiga qilingan hujum Afg‘oniston kelajagiga hujum hisoblanishini bildirib o‘tgan.
Hazoriylarga yana bir hujum
Sekundera Kirmoniy, BBC’ning Afg‘onistondagi korrespondenti
Afg‘onistonning katta qismidagi aholining hayoti og‘riqli, ammo Kobuldagi Dasht-a-Barchi tumani aholisi dahshatli azoblarni boshdan kechirib keladi.
Tumanda asosan mamlakatdagi etnik kamchilikni tashkil etuvchi hazoriylar (ular shia mazhabiga e'tiqod qilishadi) istiqomat qiladi. IShID jangarilari ularni dindan chiqqanlar deb hisoblashadi. Ular hazoriylarga qarshi shafqatsiz kampaniya olib borishadi va eng himoyasiz qatlamga hujumlar uyushtirishadi.
Madaniyat markazlari, sport zallari va ayniqsa ta'lim markazlarida sodir etilgan portlashlar oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ladi.
2018 va 2020 yillarda xudkush terrorchilar tomonidan ta'lim markazlarida sodir etilgan teraktlar oqibatida 70dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
IShID toliblar va Kobuldagi Afg‘oniston hukumati o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida ishtirok etmaydi, qolaversa, bu muzokaralar ham sust kechmoqda.
So‘nggi terakt uchun javobgarlikni hech bir guruh zimmasiga olmagan, ammo muqaddam mamlakat sharqida katta hududlarni nazorat qilgan va so‘nggi vaqtlarda ta'sirini yo‘qotgan bo‘lsa-da, IShID vakillari Kobul va Jalolobodda shu kabi hujumlarni sodir etishda davom etmoqda.
Amerikaliklarning ketishi
Amerikaliklar ketishi haqidagi qarordan keyin Afg‘onistonda yuzaga kelgan nafaqat Kobuldagi hukumatni, balki qo‘shni davlatlarni ham jiddiy tashvishga solmoqda.
Shanba kuni Moskvaga rasmiy tashrif bilan borgan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda bu masalaga to‘xtaldi.
«Hozirda mintaqada xavfsizlik masalasi birinchi raqamli masala. AQShning o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi to‘g‘risidagi bayonoti e'lon qilinishi bilan — amalda ular qo‘shinlarining yarmidan ko‘pini olib chiqib ketishdi — Afg‘onistonda vaziyat keskinlashdi», — dedi u.
Putin esa Rossiya Tojikistondagi qurolli kuchlarining 201-harbiy bazasini mustahkamlashini va'da qilgan.
«Biz sizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z tomonimizdan barcha ishlarni amalga oshiryapmiz – Tojikistonda Rossiya qurolli kuchlarining 201-harbiy bazasi faoliyat olib bormoqda. Biz uni, Tojikiston qurolli kuchlarini mustahkamlash ustida ishlayapmiz. Bizda bu yo‘nalishda ko‘p yillarga mo‘ljallangan dastur bor», — degan Putin.
AQShning harbiy kontingentini olib ketish jarayoni 1 maydan boshlandi va bu jarayon 11 sentyabrda yakunlanishi mo‘ljallangan.
Mavzuga oid
13:30 / 20.11.2024
O‘zbekiston va AQSh afg‘on masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
23:26 / 06.11.2024