O‘zbekiston | 20:47 / 10.05.2021
15732
4 daqiqa o‘qiladi

Alifbo islohotiga doir qonun loyihasi muhokamasi 6 oyga uzaytirildi

Alifbo takomillashuvini yoqlaganlarning aksariyati o‘zgarishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi, deb ma'lum qildi Davlat tili departamenti. Avvalroq Kun.uz muhokama muddati uzaytirilishi, bunga olimlar o‘rtasidagi ziddiyat sabab bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Taklif etilayotgan alifbo loyihasi

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokamasi muddati 2021 yilning 1 noyabriga qadar uzaytirildi.

Davlat tilini rivojlantirish departamenti buni quyidagicha izohlamoqda:

«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta'minlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini har tomonlama puxta, keng jamoatchilik fikr-mulohazalari va takliflarini chuqur o‘rgangan holda takomillashtirish maqsadida, shuningdek, mutaxassislarning takliflarini inobatga olib, «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasining umumxalq muhokamasini 2021 yil 1 noyabrga qadar davom ettirishga qaror qildi.

Uzaytirilgan muddat davomida mas'ullar tomonidan qonun loyihasining zarurati va ahamiyatiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar, ma'ruza va seminarlar o‘tkaziladi. Alifboga shakliy o‘zgarishlar kiritilishi munosabati bilan talab etiladigan xarajatlar miqdori o‘rganiladi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida takomillashayotgan alifboning turli (fonetik, grafik, texnik, imlo) xususiyatlariga doir turkum ko‘rsatuv va maqolalar tashkil etiladi.

Shuningdek, ilmiy anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar turli soha olim va ziyolilaridan iborat ekspertlar guruhi ishtirokida o‘tkaziladigan konferensiyada ko‘rib chiqilib, yakuniy xulosaga kelinadi hamda loyiha bilan birgalikda hukumatga kiritiladi».

Ta'kidlanishicha, alifbo muhokamasi bo‘yicha belgilangan dastlabki muddat davomida (16 martdan 31 martga qadar) loyihani 26 mingdan ziyod kishi ko‘rib, 1035 ta fikr qoldirgan. Takliflarning 56 foizi (547 tasi) lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining isloh qilinishini, 32 foizi (302 tasi) esa amaldagi alifboda qolishni yoqlagan.

Alifbo takomillashuvini yoqlaganlarning aksariyati o‘zgarishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, ko‘pchilik C («ts») harfini alifboga kiritish va ng harfini alifbodan chiqarib, imlo qoidalari doirasida o‘rganishni taklif etgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda alifbo islohotini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, islohotning moliyaviy yuki, o‘rta avlodning savodsiz bo‘lib qolishidan tashvishlanib bildirilgan fikrlar ham bor.

Biroq o‘zgarishlarning ona tilimiz, xalqimiz va jamiyatimiz uchun nechog‘lik zarur ekanini teran anglagan hamda bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishidan boxabar bo‘lgan aksariyat olim, adib, jurnalist, blogerlar, keng jamoatchilik vakillari loyihani yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda», – deyiladi departament xabarida.

Avvalroq Kun.uz o‘ziga yetib kelgan ma'lumotlar orqali lotin yozuvi bo‘yicha muhokama muddati uzaytirilishi haqida xabar bergan edi. Unga ko‘ra, shu sohadagi olimlardan birining «shoshilmaslik kerakligi» haqida yuqori mansabdor shaxsga yozgan xati bunga sabab bo‘lgan:

Manbaga ko‘ra, Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan taqdim etilgan alifbo loyihasi tasdiqdan o‘tib ketayotgani va bu o‘sha olimning takliflariga mos kelmagani uchun muddatni imkon qadar cho‘zdirishga harakat qilgan. Uzaytirilgan yangi muddatda esa olim alifboga o‘z takliflarini kiritishi mumkin.

Mavzuga oid