Jamiyat | 20:39 / 10.05.2021
3255
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 3 oyda 933 ta jinoyat qayd etilgan

Bu haqda bugun, 10 may kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining XXXIV sessiyasida ma'lum qilindi. Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat hokimi Botir Zaripov boshqarib borgan sessiyada tegishli masalalar bo‘yicha viloyat IIB boshlig‘i Shuhrat Aliyev, viloyat prokurori Mahmud Istamov, viloyat hokimining o‘rinbosari mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Jumayevning hisoboti tinglangan.

Buxoro viloyati IIB boshlig‘i Shuhrat Aliyevga ko‘ra, joriy yilning 3 oyi mobaynida viloyat hududida jami 933 ta jinoyat qayd etilib, o‘tgan yilga nisbatan 330 taga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 275 taga ko‘paygan.

Qayd etilgan jinoyatlar 100 ming aholi soniga nisbati o‘rtacha 47 tadan to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 16 taga o‘sgan. Ro‘yxatga olingan jinoyatlarning 474 tasi joriy yilda, 459 tasi avvalgi yillarda sodir etilgan. 313 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlarni tashkil etsa, 620 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardir. 

Mazkur muddatda hududda qotillik jinoyati 3 taga, talonchilik 4 taga, o‘g‘irlik 70 taga, bezorilik 1 taga, firibgarlik 119 taga, tovlamachilik 1 taga, o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati 14 taga, yengil tan jarohati yetkazish 31 taga ko‘paygan. 

Sessiyada viloyat hududida sodir etilayotgan jinoyatlar shahar-tumanlar, sektorlar, mahallalar kesimida birma-bir tahlil qilindi. Xizmat faoliyati davomida hududda huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikni jilovlash borasida yo‘l qo‘ygan jiddiy xato, kamchiliklari uchun sektorlar rahbarlari, profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari keskin ogohlantirildi. 

Viloyatda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» asosida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha viloyat prokurori Mahmud Istamovning axboroti tinglandi.

Ismatov «Saxovat va ko‘mak umumxalq harakati» yo‘nalishida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prokurorlar sektorlaridagi 558 ta ehtiyojmand oilaga 158,9 million so‘mlik oziq-ovqat, 11,7 million so‘mlik dori-darmon, 66,9 million so‘mlik chorva va 32,1 million so‘m pul mablag‘lari moddiy yordam sifatida tarqatilganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid