Sport | 23:33 / 14.05.2021
27074
2 daqiqa o‘qiladi

Abdusalom Azizov klublar rahbariyati va murabbiylar bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Tartibsizliklar tanqid qilinib, murabbiylar ogohlantirildi

14 may kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov boshchiligida ijroqo‘m yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: O‘FA

Yig‘ilishda qilingan ishlar hisoboti tinglandi, deya xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.

«Shuningdek, terma jamoalarning mas'uliyatli o‘yinlar oldidan tayyorgarlik rejasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston mezbonlik qiladigan OFK tasnifidagi yirik turnirlarga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish masalasi ilgari surildi. Terma jamoalar uchun zamonaviy infratuzilma qurilishi jarayoni bo‘yicha ma'lumot berildi. 

Shundan so‘ng Abdusalom Abdumavlonovich barcha klublar rahbarlari va bosh murabbiylari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda O‘FA rahbariyati tomonidan har bir jamoada mavjud muammolar tinglandi. Ularni moddiy va tashkiliy masalalarda qo‘llab-quvvatlash mavzusi ko‘tarildi. Shuningdek, so‘nggi paytlarda chempionatlarda ko‘p uchrayotgan tartibsizliklar tanqid qilindi. Murabbiylar kelishilgan o‘yinlar kabi illatlarga aralashmaslik borasida jiddiy ogohlantirildi.

Klublar vakillari tomonidan ko‘tarilgan muammoli masalalarda O‘FA mas'ullariga topshiriqlar berildi. Trenerlar malakasini oshirish, klubda rahbar va murabbiy vakolatlarini tartibga keltirish, yosh futbolchilar yetishtirishga yanada jiddiy e'tibor qaratish, saviyasiz legionerlar muammosini bartaraf etish, VAR tizimini takomillashtirish hamda stadionlarning yoritish uskunalarini jahon standartlariga moslash kabi masalalarda vazifalar belgilandi», – deyiladi O‘FA xabarida.

Mavzuga oid