Light | 15:41 / 14.05.2021
136695
6 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng ajabtovur va ekzotik 10ta restoran

Dunyoning har bir mamlakati o‘zining diqqatga sazovor joylari bilan birga an'anaviy taomlari va restoranlari bilan ham ajralib turadi. Quyida siz istalgan sayyohni hayratga soluvchi va eng noodatiy va g‘ayrioddiy atmosferaga tushish imkoniyatini beruvchi restoranlar bilan tanishishingiz mumkin.

Sayohat qilish davomida dunyo mamlakatlarining madaniyat va urf-odatlarini o‘rganish bilan bir qatorda ushbu mamlakatlar oshxonasi bilan ham yaqindan tanishish imkoniyati mavjud.

Qpasa.com sayti dunyodagi eng ekzotik restoranlarning Top-10 talik ro‘yxatini e'lon qildi.

The Rock Restaurant – Zanzibar

Foto: diary.travel

Zanzibarning sharqiy qirg‘og‘idagi ushbu restoran, dengiz sohilidan uncha uzoq bo‘lmagan hududda, suvning o‘rtasida joylashgan. Siz restoranga to‘lqin kuchli bo‘lgan paytda kanoeda, boshqa paytlarda esa piyoda ham borishingiz mumkin. Restoran loy, qum, tosh, somon, yog‘och kabi tabiiy materiallardan foydalangan holda mahalliy uslubda qurilgan va dengiz mahsulotlarini tanovul qilishga ixtisoslashgan.

Ali Barbour’s Cave Restaurant – Keniya 

Foto: Ali Barbour's Cave Restaurant

 Siz g‘orda ovqatlanishni xohlaysizmi? Buning uchun Keniyadagi Ali Barbour’s Cave restoraniga tashrif buyurishingiz mumkin. Ushbu maskan noyob ohaktosh bilan o‘ralgan g‘orning ichida joylashgan bo‘lib, ochiq tomga ega. Yulduzli osmon unga o‘ziga xos joziba baxsh etadi. Restoran Afrika uslubida bezatilgan va ko‘plab o‘ziga xos romantik chiroqlarga ega.

Soneva – Maldiv orollari  

Foto: Pinterest

Dunyodagi eng ajoyib restoranlardan biri Maldiv orollarida joylashgan. Ushbu noyob gastronomik majmua suv ustida qad rostlagan bo‘lib, yog‘och ustunlar tayanch vazifasini o‘taydi. Bu yerda siz yapon, xitoy va boshqa dunyo oshxonalarida pishiriladigan xilma-xil ovqatlarning tanloviga ega bo‘lishingiz mumkin.

Lumilinna Snow Castle Restaurant – Finlandiya

Foto: discoveringfinland.com

Finlandiyada 1996 yildan buyon har qish mavsumida Qor qal'asi ichida muzli restoran yaratiladi. Devorlari va tomlari qordan, ichki qismi esa butunlay muzdan tashkil topgan. Shuningdek, barcha o‘rindiqlarlar ham muzdan o‘yib ishlangan bo‘lib, kiyik mo‘ynasi bilan qoplangan. Agar sovuqdan qo‘rqmasangiz va harorat -5 daraja bo‘lgan xonada ovqatlanishni xohlasangiz, bu yer aynan siz uchun mo‘ljallangan.

Ithaa Undersea Restaurant – Maldiv orollari

Foto: Getty Images

Ushbu maskan dunyodagi birinchi suv osti restorani hisoblanib, dengiz sathidan 5 metr pastda joylashgan. Agarda sizda jonli dengiz hayotini tomosha qilish istagi bo‘lsa, albatta, ushbu muassasada ovqatlanishingiz kerak. Restoran gumbazi ulkan shaffof kapsula shaklidagi akril shishadan yasalgan bo‘lib, zal qismi tabiiy akvarium bilan o‘ralgan. Bu yerda Yevropa oshxonasining eng sara toamlarini tanovul qilishingiz mumkin.

Ristorante Grotta Palazzese – Italiya

Foto: grottapalazzese.it

Adriatika dengizi sathidan 22 metr balandlikda joylashgan ushbu restoran dengiz qirg‘og‘idagi tik qoyada hosil bo‘lgan o‘ziga xos inshoot hisoblanadi. Muassasa «dunyodagi eng eksklyuziv ochiq havo restoranlari o‘nligi»dan ham o‘rin olgan. Ilgarilari bu yerda faqat tantanali tadbirlar va marosimlar o‘tkazilgan. Restoran menyusida an'anaviy italyan taomlari va vinosi, shuningdek, dengiz mahsulotlaridan tayyorlanadigan ovqatlarni uchratishingiz mumkin.

 The Salt & Sill Floating – Shvetsiya

The Salt & Sill hashamatli suzuvchi mehmonxonada joylashgan ushbu maskan Shvetsiyadagi eng yaxshi restoranlardan biri hisoblanadi. Bu yerda siz mashhur «Herring Plank» taomini tatib ko‘rishingiz mumkin. Aynan ushbu taom sabab restoran butun dunyoga mashhur bo‘lgan.

Kayabukiya Tavern Yaponiya

Foto: Facebook / World's Weirdest Restaurans

Ushbu an'anaviy yapon uslubidagi restoran Tokio shahri shimolida joylashgan. Ushbu maskanning o‘ziga xos jihati, 2ta maymunning mijozlarga xizmat ko‘rsatishi hisoblanadi. Birinchi maymun mijozlarning ichimliklar uchun buyurtmalarini qabul qilib, ularni tashrif buyurganlar stoliga yetkazib beradi, ikkinchisi esa ishtirokchilarga qo‘llarini yuvish uchun issiq sochiqlar olib keladi. Yaponiya qonunlariga ko‘ra, har bir maymunga kuniga atigi ikki soat ishlashga ruxsat berilgan.

Waterfall Restaurant – Filippin

Foto: Flickr

Filippindagi eng chiroyli restoran sizga sharshara o‘rtasida ovqatlanish imkoniyatini beradi. Bu yerda oyoqlaringizni sovuq suvga botirgan holda o‘rmonning salqin shabadasini his qilishingiz mumkin. Restoran menyusida an'anaviy milliy taomlar o‘rin olgan. Ovqatlanishdan keyin bambukdan yasalgan raflarda suzishingiz yoki 600 dan ortiq turdagi qushlar yashaydigan qushlar bog‘iga tashrif buyurishingiz mumkin.

Singapore Fler (Sky Dining) – Singapur

Foto: Area Wisata Asia

Agar siz hayotingizdagi eng romantik oqshomni o‘tkazishni istasangiz, Marina Bay sohilida joylashgan Singapore Fler maskanida ovqatlanishingiz kerak. Ushbu noodatiy restoran eng katta Ferris g‘ildiragi kapsulasida joylashgan bo‘lib, u sizga kechki ovqat paytida 165 metr balandlikka ko‘tarilish va butun Singapurni tepadan tomosha qilish imkoniyatini beradi. Bu yerda an'anaviy Yevropa yoki Xitoy oshxonasi taomlarini iste'mol qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid