Jamiyat | 11:41 / 16.05.2021
2568
2 daqiqa o‘qiladi

“Onalarga ehtirom” festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Farg‘ona shahridagi Yoshlar ittifoqining majlislar zalida mamlakatimizda ilk bor Farg‘ona viloyatida o‘tkazilayotgan “Onalarga ehtirom” festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, Oliy Majlis Senati a'zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Enaxon Siddiqova, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i v.b. Dilnoza Ergasheva hamda jurnalist va blogerlar ishtirok etdi. 

Matbuot anjumanida “Onalarga ehtirom” festivalini tashkil etish g‘oyasi, uning jamiyat uchun tutgan o‘rni va bu orqali onalarga ehtirom ko‘rsatishni namoyon etish haqida so‘z bordi. 

Festival tashkilotchilarining ma'lum qilishicha, 25 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, homiylar tomonidan ularni moddiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Mahallalardan asl mukofotga loyiq ayollarni tanlashda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmasligi ta'kidlandi.

Anjumanda tashkilotchilarga OAV vakillari tomonidan festival ishtirokchilarini tanlash borasidagi bir qator takliflar bildirildi. 

Fayzullo Qosimov, Enaxon Siddiqova va Dilnoza Ergasheva festival tashkiliy qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xuddi shunday festival Indoneziyada bo‘lib o‘tishi odat tusiga aylangani haqida ma'lumot berdi.
 “Onalarga ehtirom” festivalining viloyat bosqichi 20 maydan boshlab o‘tkazilishi, bayram tadbirlarining yakuniy qismi may oyining oxirlarida bo‘lib o‘tishi ma'lum qilindi.

Avvalroq, Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlarida mazkur festival bo‘lib o‘tishi va bu borada viloyat hokimining “Onalarga ehtirom” festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingani haqida ma'lumot berilgan edi.   

Mavzuga oid