O‘zbekistonda parrandalar soni sezilarli kamaydi: sabablar va kutilmalar
Birinchi chorakda O‘zbekistonda parranda boshi 6 millionga kamaydi. Tuxum narxi esa 3,6 foizga qimmatlagan.
Parrandachilik sohasiga berilgan qator imtiyozlarga qaramay, nega bunday bo‘lmoqda? Kun.uz shu mavzudagi savollar bilan «O‘zbekchorvanasl» agentligi boshqarma boshlig‘i Matyoqub Matyoqubov bilan bog‘landi.
— Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, yil boshida 90 million bosh parranda bo‘lgan, aprelda esa 84 million. Nima sababdan 3 oy ichida parranda boshi 7,1 foiz yoki 6 million boshga kamayib ketdi?
— Parrandachilikda tuxum yo‘nalishidagi parrandalardan 1-1,5 yil davomida tuxum olish uchun foydalaniladi va ular rejali ravishda ishlab chiqarish xaritasi (texnologik karta) asosida sanatsiya qilinib, yoshi o‘tgan ona tovuqlarni go‘sht uchun so‘yish va ularning o‘rniga yangi yosh jo‘jalarni keltirib, parvarishlash ishlari tashkil etiladi. Bu jarayonlar odatda yil boshida rejalashtirilib, bu davrda parrandalar bosh soni o‘zgarishi kuzatiladi.
Jumladan, joriy yilda 1 yanvar holatiga nisbatan 6 mln boshga o‘zgarish (kamayish) kuzatilgan bo‘lsa, o‘tgan 2020 yil mos davrida 9,4 mln boshga o‘zgarish (kamayish) kuzatilgandi.
2020 yil 1 aprel holatiga parrandalar soni 83,4 mln boshni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 1 aprel holatiga parrandalar soni 84 mln boshni (o‘sish 100,4 foiz) tashkil etdi.
Bugungi kunda respublikada yirik parrandachilik korxonalarida sanatsiya ishlaridan so‘ng 8 mln bosh yosh jo‘jalar (1 kunlikdan 90 kungacha) parvarishlanmoqda, bu jo‘jalar statistik hisobotlarda qayd etilmaydi.
— Tuxum ishlab chiqarish hajmi Toshkent viloyatida – 5 foizga, Sirdaryoda – 4 foizga kamayishi hisobiga ushbu viloyatlarda tuxumning narxi 7 foizga, respublika bo‘yicha esa 3,6 foizga oshgan. Nima sababdan tuxum ishlab chiqarish kamaydi va aynan nega ushbu viloyatlarda?
— Tuxum ishlab chiqarish ko‘rsatkichimiz kamaygan emas. Parrandani aylantirib boqish rejalashtiriladi. Masalan, parrandaxonalarimizda 18 kilogrammgacha parranda boqamiz, keyin xona 2-3 oy davomida dezinfeksiya qilinishi kerak. Mavsumiy jarayonlar bo‘ladi, kamayish aynan shu davrga to‘g‘ri kelib qolgan. Tuxum ishlab chiqarish ko‘rsatkichi bosh sonidan kelib chiqadi. Bosh soni kamayganiga nisbatan tuxum ishlab chiqarish ko‘rsatkichi pastlagan.
Tuxum ishlab chiqarishning kamayganiga yana bir omil – qishning sovuq kunlaridir. Parrandaning tug‘ish harorati 20-22 daraja bo‘lishi kerak, qishning qattiq sovuq kunlarida esa harorat pasaygani hisobiga tuxum ishlab chiqarish kamayib ketadi va bu tabiiy jarayon.
(Ma'lumot uchun, respublika parrandachiligining 45 foizi parrandachilik xo‘jaliklari, 55 foizi aholiga to‘g‘ri keladi.)
— Tuxum narxi respublikada 3,6 foizga oshdi. Vaholanki, o‘tgan yillarda sohaga bir qancha imtiyozlar berilgan edi.
— Hamma narsaning bahosi tannarxidan kelib chiqadi, unga ketadigan ozuqa, qo‘shimcha preparat, kommunal to‘lovlar va oylik-maoshlar hisobiga mahsulot tannarxi oshadi. Demoqchimanki, parrandachilik uchun zarur 15 xil mahsulot chetdan keladi, chetda narx qimmatlagani bois tuxum narxida oshish kuzatildi.
Solishtiradigan bo‘lsak, qo‘shni Qozog‘istonda tuxumning narxi (bizning so‘mda) 3 ming so‘m, Qirg‘izistonda esa 2 ming so‘m, Rossiyada 2,5 ming so‘m.
(2021 yil 19 may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bozorlarida 10 dona tuxumning narxi 8 000-14 000 so‘m)
— Prezidentning 2018 yildagi qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 noyabrigacha chetdan parranda ozuqalari olib kirishga bojxona boji imtiyozlari berilgandi-ku?
— Shuning hisobiga narx nisbatan barqaror saqlanib turibdi.
— Sohada yil oxirigacha nimalar o‘zgarishi mumkin?
— 2020 yilda jami 7,8 mlrd dona iste'mol tuxumi ishlab chiqarilgan (aholi jon boshiga me'yor 208 dona bo‘lib, ishlab chiqarilgan tuxum 227 donani tashkil etgan) bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 8,1 mlrd donaga (aholi jon boshiga 236 donaga) yetkazish (o‘sish 103,8 foiz) rejalashtirilgan.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 3ta naslchilik xo‘jaliklari tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu korxonalarda 60 ming bosh naslli ona tovuq parvarishi yo‘lga qo‘yiladi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
10:14 / 02.09.2024
Vengriya Toshkent shahri yaqinida parrandachilik klasteri barpo etadi
07:28 / 26.06.2024
Parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi
09:20 / 03.04.2024
Toshkentda xavfsizlik talabiga javob bermagan tovuq go‘shti muomalaga kiritilishining oldi olindi
11:59 / 27.03.2024