Jahon | 16:02 / 23.05.2021
42182
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda marafon chog‘ida 21 sportchi halok bo‘ldi

Xitoyning tog‘li hududida, 2-3 ming metr balandlikda o‘tkazilgan marafon chog‘ida uning ishtirokchilaridan kamida 21 nafari muzlab halok bo‘ldi.

Shanba kuni Xitoyning Gansu provinsiyasidagi Bayin tog‘ida, turistlar orasida mashhur bo‘lgan Toshli o‘rmon hududida 100 km masofaga o‘tkazilgan poyga chog‘ida noqulay ob-havo sharoiti yuzaga kelib, ishtirokchilar kuchli shamol, do‘l va muzli yomg‘ir ostida qolishgan.

Xabarlarga ko‘ra, 172 kishi ishtirokidagi poyga boshida havo ochiq bo‘lgan. Ammo biroz vaqt o‘tib tog‘li hududda havo keskin va o‘ta sovib ketgan, harorat nol darajagacha tushib ketgan, kuchli shamol boshlanib, muzli yomg‘ir boshlangan. Bu vaqtda ishtirokchilar yengil yozgi kiyimlarda bo‘lishgan.

«Sinxua» agentligi xabariga ko‘ra, poygachilarning ayrimlari aloqaga chiqmay qo‘ygach, poyga to‘xtatilgan.

Yakshanba kuni qidiruv-qutqaruv otryadlari yo‘qolib qolgan poygachilarning jasadlarini topishgan.

Tog‘da tunda harorat keskin tushgani tufayli qidiruv ishlari murakkablashgan. «Sinxua» xabariga ko‘ra, amaliyotga 1200dan ortiq qutqaruvchi jalb etilgan.

Sportchilardan biri Mao Shuchji «Reyter» agentligiga bergan intervyusida 24 kilometr masofani chopib o‘tganidan so‘ng havo o‘zgargani tufayli chopishdan to‘xtaganini aytgan. «Yomg‘ir kuchaygandan kuchayardi», deya eslaydi Mao. Uning so‘zlariga ko‘ra, trassaning tog‘li uchastkasi boshlanganida u marafonni davom ettirish xavfsiz emasligini anglagan. U avval ham bunday sharoitlarga duch kelgani uchun ishtirokini to‘xtatib, mehmonxonaga qaytishga qaror qilgan.

Ammo ko‘pchilik faqat mayka va shortiklarda bo‘lishiga qaramay chopishni davom ettirgan: ob-havo prognozida yomg‘ir bo‘lishi aytilgandi, ammo harorat bu qadar tushib ketishi aytilmagan.

Rasmiy shaxslarning ma'lumotiga ko‘ra, yo‘qolib qolgan poygachilarning barchasining jasadi topilgan, omon qolgan 151 sportchi esa xavfsizlikda, ammo ulardan 8 nafari jarohatlangan. Ayrimlarda muzlash belgilari aniqlangan.

Bayin shahri meri Chjan Syuchenning aytishicha, hodisani tekshirish uchun maxsus guruh tuzilgan.

Sariq daryo bo‘yidagi Toshli o‘rmon - Xitoyda sayyohlar orasida mashhur bo‘lib, 50 kv. km maydonni egallagan o‘rmon kamida 200 million yil oldin shakllangan. Ilgari uning o‘rnida dengiz bo‘lgan, unda ohaktoshning qalin qatlamlari cho‘kib qolgan. Ammo tektonik harakatlar natijasida toshlar yuzaga chiqqan. Toshli o‘rmonning yer osti qismida Kvifeng g‘ori joylashgan, har yili avgustdan noyabrgacha yer osti daryosi har 30 daqiqada girdob hosil qiladi, u bir necha daqiqa davom etib, so‘ng yo‘qoladi.

Mavzuga oid