Jahon | 10:40 / 25.05.2021
6193
2 daqiqa o‘qiladi

HAMAS Ryanair samolyotini portlatish tahdidiga aloqasi yo‘qligini ma'lum qildi  

Foto: AFP

Falastinning HAMAS harakati Minskda favqulodda qo‘ndirilgan Ryanair samolyotini portlatish bilan tahdid qilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda harakat vakili Favzi Barhum ma'lum qildi.  

Avvalroq Belarus transport va kommunikatsiyalar vazirligining aviatsiya departamenti direktori Artem Sikorskiy Minsk aeroporti elektron pochtasiga HAMAS jangarilari nomidan samolyot minalashtirilgani haqida xabar kelganini ma'lum qilgandi. Shundan keyin samolyot Minskda qo‘ndirilgan.  

«HAMAS Belarus bayonotiga qaramay, samolyotning majburiy qo‘ndirilishiga aloqasi yo‘q. Biz HAMASni yomonotliq qilishga va Falastin xalqi hamda uning qonuniy kurashi qo‘llab-quvvatlanishiga xalaqit qilishga intiluvchi shubhali tashkilotlar qo‘llaydigan usullardan foydalanmaymiz», deb aytilgan Barhum bayonotida. 

Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Minsk aeroporti matbuot xizmati Afinadan Vilnyusga uchgan samolyot «minalashtirish» haqidagi xabardan so‘ng majburan qo‘ndirilganini ma'lum qilgandi. Samolyot bortida Belarusda ekstremistik deb tan olingan NEXTA Telegram-kanalining sobiq muharriri va asoschilaridan biri Roman Protasevich bo‘lgan. U samolyot qo‘ngach qo‘lga olingan.

Mavzuga oid