O‘zbekiston | 10:45 / 25.05.2021
3521
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish obektlari nazoratchilari maoshi oshiriladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi “Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Ijtimoiy va infratuzilma obektlarida narxlarni shakllantirish, qurilish ishlarini tashkil qilish, texnik va mualliflik nazoratini olib borish, qurilish ishlari sifatini ta'minlash va obektlarni foydalanishga topshirishda quyidagi masalalar dolzarbligicha qolmoqda:

  • birinchidan, vazirliklar va idoralarda davlat ahamiyatiga molik qurilish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring hamda nazorat qilishni ta'minlovchi tizim mavjud emas;
  • ikkinchidan, buyurtmachi xizmatining funksiyalari, vazifalari, javobgarligi, huquqlari, loyihachi tashkilot va pudratchi tashkilotlar bilan o‘zaro shartnomaviy munosabatlarini o‘zida aks ettirgan yagona tartib mavjud emas;
  • uchinchidan, buyurtmachi xizmati uchun haq to‘lash mexanizmi takomillashmagan, ish yuklamalari, moddiy javobgarlik va mehnatga haq to‘lash mutanosib emas;
  • to‘rtinchidan, sohada korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar natijadorligining pastligi malakali mutaxassis va rahbar kadrlarni tayyorlash imkonini bermayapti;
  • beshinchidan, moddiy-texnik bazani rivojlantirishga qaratilgan ishlar tizimi shakllanmaganligi va zamonaviy axborot texnologiyalari talab darajasida joriy etilmaganligi soha faoliyatini chuqur tahlil etish, mavjud muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish borasida ta'sirchan choralarni ishlab chiqishda o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Qaror bilan quyidagi hujjatlar tasdiqlandi:

  • Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati to‘g‘risidagi nizom;
  • Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmatining namunaviy tuzilmasi;
  • Qurilish obektlarida mualliflik va texnik nazorat olib borish tartibi to‘g‘risida nizom;
  • Qurilish obektlarida nazorat o‘lchovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Buyurtmachi xizmatlar Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan malaka toifasi asosida texnik nazorat sohasidagi mas'ul mutaxassislarga ular mehnatiga haq to‘lashning amaldagi tarif koeffitsiyentlariga 2021 yil 1 avgustdan boshlab:

  • birinchi toifa uchun - 0,2 miqdorda;
  • ikkinchi toifa uchun - 0,5 miqdorda;
  • uchinchi toifa uchun - 0,7 miqdorda;
  • oliy toifa uchun - 1,0 miqdorda koeffitsiyent qo‘shiladi.

Obektlardagi qurilish-montaj ishlari bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining buzilganligi uchun buyurtmachi foydasiga sud va sudgacha hal qilish tartibida undirilgan jarima (sanksiya) va penyalar, shuningdek, xaridlar jarayoni talablari buzilganda, tender va tanlov takliflarini garov, kafolat, zakalat tarzida ta'minlash uchun kiritilgan davlat xaridlari ishtirokchilari mablag‘larining 50 foizi - davlat budjetiga hamda qolgan 50 foizi - buyurtmachi xizmati bank hisobraqamiga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 iyundan boshlab buyurtmachi xizmatining shtatlar jadvali va ta'minot xarajatlari smetasini ro‘yxatdan o‘tkazishda texnik nazorat mutaxassislari uchun xizmat safari xarajatlarining obektlar joylashgan masofadan kelib chiqib, joriy narxlarda belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid