Jamiyat | 14:46 / 25.05.2021
15396
3 daqiqa o‘qiladi

Tez tibbiy yordamda «Damas» avtomobillaridan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda

Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 160 dona “Ford” rusumli reanimatsion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan tez tibbiy yordam avtomashinalari xarid qilindi. Bugun esa respublikaning tez tibbiy yordam xizmatida 435 ta reanimobil mavjud.

“Shoshilinch va tez tibbiy yordam: kafolatli, ishonchli va sifatli xizmat” mavzusidagi matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda 2016 yilda atigi 800 ta “Tez yordam” shoxobchalari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 1666 taga yetkazilgan. 

Tez tibbiy yordam brigadalari 2016 yilda jami 1648 tani tashkil qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda 2685 taga yetgan. 2016 yilda Toshkent shahri tez yordam tarmog‘ida bor yo‘g‘i 4 ta reanimobil bor edi. Birgina o‘tgan 2020 yilning 4 oyi davomida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 160 dona “Ford” rusumli reanimatsion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan tez tibbiy yordam avtomashinalari xarid qilindi. Bugun esa respublikaning tez tibbiy yordam xizmatida 435 ta reanimobil mavjud. Asta-sekin tez tibbiy yordamda “Damas” rusumli avtomobillardan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda. 

Amalga oshirilgan ishlar natijasida tez tibbiy yordamning kechikishlari 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi. Chaqiriqlarga yetib borish vaqti o‘rtacha 25-30 daqiqa bo‘lgan bo‘lsa, hozir atigi 8-12 daqiqani hosil qiladi. 

Tez tibbiy yordam xizmatini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash jarayonini markazlashtirish natijasida bir chaqiriq uchun ajratilgan dori vositalari qiymati har yili kamida ikki barobar oshirib borilishiga erishilgan. Jumladan, 2016 yilda “Tez tibbiy yordam” tizimida bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag‘ 745 so‘mni tashkil etsa, ayni paytda ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 7700 so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilari maoshiga sanitar vazifasini bajarganligi uchun 30 foiz ustama tayinlangan.

Mavzuga oid