Iqtisodiyot | 23:24 / 27.05.2021
14894
4 daqiqa o‘qiladi

Yanvar-mart oylarida O‘zbekiston davlat qarzi kamaygani ma'lum qilindi

Joriy yil yanvar-mart oylarida davlat qarzi 133,7 mln dollarga kamaydi.

Moliya vazirligi 2021 yilning 1 aprel holati bo‘yicha davlat qarzi haqida hisobot berdi.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan oy avvalida davlat qarzi miqdori 23,2 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 40,1 foizni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan 133,7 mln dollarga kamaydi.

Davlat qarzi ko‘rsatkichlari

Hisobot davrida davlat tashqi qarzi 21 mlrd dollarni (YaIMga nisbatan 36,3 foiz) tashkil etdi va yil boshiga nisbatan 73,6 mln dollarga kamaydi.

Davlat ichki qarzi esa 2,2 mlrd dollarni yoki YaIMga nisbatan 3,8 foizni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan 60,1 mln dollarga kamaydi.

Davlat qarzining 133,7 mln dollarga kamayishi, asosan, yangi jalb qilingan qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishiga qaramay davlat qarzi bo‘yicha asosiy qarz to‘lovlarining amalga oshirilishi hamda davlat qarz portfeli tarkibidagi valuta kurslaridagi o‘zgarishlar bilan izohlanadi. Xususan, joriy yilning dastlabki 3 oyida:

  • respublika nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 126,2 mln dollarga kamaydi;
  • davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 52,6 mln dollarga oshdi;
  • davlat kafolati ostida jalb qilingan ichki qarz qoldig‘i 73,1 mln dollarga kamaydi;
  • davlat qimmatli qog‘ozlarini emissiya qilish natijasida yuzaga kelgan majburiyatlar qoldig‘i 135 mlrd so‘mga oshdi.

Qayd etilishicha, davlat qarzining YaIMga nisbatining pasayishi yuqoridagilar bilan birga joriy yilning yanvar-mart oylarida kuzatilgan real iqtisodiy o‘sish natijasida YaIM hajmining oshishi bilan ham izohlanadi.

Xususan, 2021 yilning dastlabki 3 oyida YaIM real o‘sish sur'ati 3 foizni tashkil etgan. Bunda davlat qarzi o‘zgarishiga eng katta ta'sir ko‘rsatgan valuta Yaponiya iyenasi bo‘ldi. Jumladan, hisobot davrida Yaponiya iyenasi AQSh dollariga nisbatan 6,1 foizga qadrsizlangan (Yaponiya iyenasida jalb qilingan davlat tashqi qarzi portfelning 11 foizini tashkil etadi).

Davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari

2021 yilning 1-choragi yakunida davlat qarziga xizmat ko‘rsatish jami xarajatlari (davlat budjeti va davlat korxonalari mablag‘laridan) 516,1 mln dollarni tashkil etdi.

Shundan, davlat tashqi qarzi 300,3 mln dollar, asosiy qarz to‘lovlari 200,1 mln dollarga to‘g‘ri keldi. Foiz to‘lovlari esa 100,2 mln dollarni tashkil etdi.

Ichki qarz majburiyatlari uchun 215,8 mln dollar, asosiy qarz to‘lovlariga 177,3 mln dollar va foiz to‘lovlariga 38,5 mln dollar xarajat qilindi.

Mazkur davrda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 67,4 mln dollarni tashkil etdi. Shundan:

  • asosiy qarz to‘lovlari 49,7 mln dollar;
  • foiz to‘lovlari 17,7 mln dollar.

Shu bilan birga, Moliya vazirligi davlat budjetidan ichki qarz majburiyatlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlari 146,4 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Davlat qimmatli qog‘ozlariga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 1 trln 36 mlrd 300 mln so‘mni tashkil etdi. Shundan, asosiy qarz to‘lovlariga 935 mlrd so‘m, foiz to‘lovlariga 101,3 mlrd so‘m sarflandi.

Mavzuga oid