O‘zbekiston | 21:14 / 28.05.2021
6861
3 daqiqa o‘qiladi

Manba: PayPal O‘zbekistonga kirish niyatida emas

Markaziy Osiyoda PayPal tizimiga qo‘shilmagan yagona mamlakat – O‘zbekiston. O‘tgan yil oxirida mamlakat rasmiylari PayPal bilan muzokaralar olib borayotgani xabar qilingandi. Ma'lum bo‘lishicha, kompaniya O‘zbekistonga kirish niyati yo‘qligini bildirgan.

O‘zbekistonda muomalaga chiqarilgan bank kartalari orqali PayPal to‘lov tizimida elektron hamyonlarni to‘ldirish imkoniyati yo‘q. Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki kompaniya bunday cheklovni mustaqil ravishda o‘rnatganini ma'lum qilgandi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, PayPal bilan muzokaralarda ijobiy natija hali yo‘q. Biroq Markaziy bank tizimni O‘zbekistonga olib kirishga harakat qilmoqda.

«PayPal'ning o‘zi O‘zbekistonga kirish niyati yo‘q. Bunga PayPal'ning o‘z ichki siyosati va talablari sabab bo‘lishi mumkin. Markaziy bankning so‘roviga oxirgi bergan xatida PayPal 2021 yilda O‘zbekiston bozoriga kirish rejamizda yo‘q, deb javob bergan.

Bilishimcha, Markaziy bank tizimni O‘zbekistonga olib kirishga harakat qilmoqda. Bu bo‘lsa, albatta, har tomonlama yaxshi bo‘ladi. Ayniqsa, hozirda IT sohasi vakillari ko‘paymoqda. IT, grafik dizayn sohalarida uyda o‘tirib chet davlatlarga xizmat ko‘rsatish masalasida bu tizim muhim. Juda ko‘pchilik Paypal to‘lov tizimini afzal ko‘radi. Shu sababli ko‘p frilanserlar xorijlik mijozlarga xizmat ko‘rsatyapti-da, AQShdagi birorta tanishining Paypal'ini ishlatyapti. Pul unga tushyapti, o‘sha odam Paypal'dan pulni naqdlashtirib O‘zbekistonga naqd pulni jo‘natyapti. Natijada frilanserlar oyiga 300-400 dollar daromad topsa, O‘zbekistonga pulini olib kelishda daromadining 30-40 foizini yo‘qotishiga to‘g‘ri kelyapti.

Shu sababli bizga Paypal kirsa, integratsiyamiz yaxshi bo‘lardi, ya'ni xizmatlarni eksport qilishda, frilanserlik xizmatlarini ko‘rsatishda muhim rol o‘ynardi. Undan tashqari, Amazon kirdi va shu kabi boshqa ko‘plab platformalar individual tarzda tovar sotadigan bo‘lsa, PayPal to‘lov tizimi bu borada juda ham muhim. Bu kichik hunarmandlar mahsulotlari eksportini kuchaytirgan bo‘lardi.

Alternativlar bor, biroq bu yechim emas. Rossiya to‘lov tizimlari bizga kirib kelgan, biroq ular G‘arbda unchalik mashhur emas», – deydi vaziyatdan xabardor manba Kun.uz bilan suhbatda.

Markaziy bank matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban masala yuzasidan pozitsiyasini 2020 yil oxirida bildirganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid