Jahon | 20:32 / 03.06.2021
5697
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya prezidentiga nisbatan impichment jarayoni boshlanishi mumkin 

Chexiya prezidenti Milosh Zeman mamlakat milliy xavfsizligiga ziyon yetkazishda ayblanmoqda.

Foto: EPA

Bu bilan bog‘liq holda Zemanga impichment jarayonini boshlash masalasi keyingi hafta senatda ovozga qo‘yiladi. Bu haqda Chexiya parlamentining tashqi ishlar va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi boshlig‘i Pavel Fisher ma'lum qildi.

«Biz senat qo‘mitasida Milosh Zeman respublika prezidenti lavozimini egallay olmasligi uchun ovoz berdik. Men senatga buni keyingi hafta muhokama qilishni taklif qilaman», deb ma'lum qilgan senator.

Fisherning fikricha, Chexiya prezidentining ko‘plab oxirgi ishlari konstitutsiyaga to‘g‘ri kelmaydi va uning Vrbetitsedagi portlashlar bo‘yicha bergan bayonoti ularning «kulminatsiyasi» hisoblanadi.

Uning ta'kidlashicha, Zeman Vrbetitsedagi o‘q-dori omborida yuz bergan portlashlar bo‘yicha aprelda xalqqa qilgan murojaatida kontrrazvedka hisobotida portlashlarga «rossiyalik agentlar» aloqador ekani isbotlari yo‘qligini aytib, Chexiya milliy xavfsizligiga ziyon yetkazgan.

Bu orada Zemanning matbuot kotibi Irji Ovchachek qo‘mitaning impichment bo‘yicha ovoz berish qarorini «davlat to‘ntaruvini amalga oshirishga urinish» deb atagan va huquq-tartibot idoralarini senatorlarning ushbu tashabbusiga tegishli baho berishga chaqirgan.

 Chexiya parlamentining aksariyatini muxolifat tashkil qiladigan yuqori palatasi – senatda Zeman impichmentiga ovoz berilsa, ushbu qaror kuchga kirishi uchun prezident tarafdorlari ko‘p bo‘lgan quyi palatada tasdiqlanishi lozim.

 Zemanning Vrbetitsedagi portlashlar bo‘yicha bayonotidan keyin Chexiyada mojaro kelib chiqqandi: bir qator siyosatchilar prezidentning gaplaridan achchiqlanib, u hali yakunlanmagan tergov ma'lumotlarini oshkor qilgani va bu bilan uni xavf ostiga qo‘yganini aytishgan.

Mavzuga oid