O‘zbekiston | 23:44 / 08.06.2021
19567
4 daqiqa o‘qiladi

Yerni bozor aktiviga aylantirishga oid farmon imzolandi

Yerga bo‘lgan huquq turlari 6 tadan 3 taga qisqartirilmoqda. Tadbirkorlarga yer uchastkalari faqat ikki xil – yo mulk huquqi, yoki ijara huquqi asosida beriladi.

«Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta'minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident farmoni qabul qilindi.

Farmondan ko‘zlangan maqsadlardan biri – yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar obekti sifatida erkin muomalaga kiritish.

Hujjatga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan boshlab:

— yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat tashkilotlariga esa doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;

— meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi; bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;

— ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan ko‘chmas mulk obektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu obektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tadi;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;

— davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;

— barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi;

— davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, ushbu yerlar davlat-xususiy yoki ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddatiga xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin;

ko‘p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli bo‘lmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Qonunchilik hujjatlarida ushbu farmonda belgilanganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar 2021 yil 1 avgustdan to‘liq bekor qilinadi.

Ushbu farmonga doir boshqa xabarlar:

Mavzuga oid