Sport | 19:39 / 08.06.2021
28780
17 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020, A guruhi: o‘yinlar taqvimi, prognozlar, faktlar va tarkiblar

Yevropa chempionati ishtirokchilari bilan tanishuv. A guruhida muxlislarni qanday o‘yinlar kutmoqda?

TURKIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 29
  • Yevro-2020ga yo‘l — 7 g‘alaba, 2 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 18-3
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Jyenk To‘sun (5 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — yarimfinal (2008)

Turkiya bosh murabbiyi

Shenol Gunesh — ortiqcha mubolag‘asiz aytish mumkinki, turk futboli afsonasi. 2002 yilda u Turkiyani tarixidagi eng yaxshi natija sari yetaklab borgan — jahon chempionatida bronza medallar qo‘lga kiritilgan. Turnir davomida turklar ikki mezbon davlatni — 1/8 finalda Yaponiyani (1:0), 3-o‘rin uchun bahsda Janubiy Koreyani mag‘lub etgan (3:2). 69 yoshni qoralagan Gunesh Yevro-2020ga turk futbolchilarining butunlay yangi avlodi bilan kelmoqda.

Asosiy yulduzlar

Turkiya termasining har bir chizig‘ida Yevropa miqyosidagi kuchli futbolchilar bor, ammo ularning biri boshqalaridan ancha ajralib turadi. Xoqon Chalxono‘g‘li — turklar hujumining miyasi. Yevro-2020 saralashida u faqat bir o‘yinda qatnashmadi. Hozirda Chalxono‘g‘li klubida ham, milliy jamoada ham yuqori sport formasida. Yakunlangan mavsumda «Milan» uchun 43 uchrashuvda ushbu yarimhimoyachi 9 gol urdi va 12 golga uzatma berdi. JCh-2022 saralashi doirasida mart oyida o‘tkazilgan ikki o‘yinda Chalxono‘g‘li ikki gol urib, uch golga uzatma berdi. Yevro-2020da ham Turkiya yetakchisi porlashi kutilmoqda.

Tarkib

Turkiya Yevro-2020ning eng yosh jamoasi sanaladi – o‘rtacha yosh 25. Turkiya termasi himoyasi markazini — «Lester» a'zosi Chag‘lar Suyunchi va «Yuventus» vakili Merix Demiral egallaydi, maydon markazida hujumlarni tashkil etuvchi Xoqon Chalxono‘g‘li, texnikasi yuqori bo‘lgan Dengiz Under, hujum markazida esa Fransiya chempionatining yakunlangan mavsum qahramonlaridan biri Burak Yilmaz. Turkiya termasining optimal tarkibida nomlar ko‘p. Bu jamoani saralashda hatto amaldagi jahon chempioni Fransiya ham mag‘lub eta olmadi. 

Optimal tarkib: Ugurjan Chaqir – Chag‘lar Suyunchi, Merix Demiral, Mert Muldur, Umut Merash – Okay Yokushlu, O‘zon To‘fon, Hoqon Chalxono‘g‘li – Burak Yilmaz, Yusuf Yaziji, Kenan Karaman. 

Turkiya: Yevro-2020 uchun prognoz

Bu jamoa 2008 yilgi Yevropa chempionati chorakfinalida favoritlardan biri Xorvatiya ustidan dramatik g‘alabaga erishgan (turklar 119-daqiqada gol o‘tkazib, 120+2-daqiqada hisobni tenglashtirishadi va penaltilar seriyasida g‘alaba qozonishadi), yarimfinalda chalajon holatda qolganiga qaramay, Germaniyaga qiyinchilik tug‘dirgan Turkiyaning natijasini (3-o‘rin) takrorlashi mumkin. Shuningdek, bosh murabbiy Gunesh 2002 yilgi mundialda milliy jamoa bilan yarimfinalga borib, sensatsiya qayd etganini ham eslash o‘rinli. Eng muhimi, Turkiya istalgan raqibga «jang» taklif qila oladi.

Teng kuchli jamoalar o‘rin olgan A guruhida Turkiya pley-off uchun da'vogarlik qiladi. So‘nggi yillarda Gunesh shogirdlari jahonning eng kuchli jamoalari bilan tengma-teng o‘ynashga qodirligini ko‘rsatib kelmoqda. Shu tufayli, turklar guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqishini kutish ham mumkin. 

Turkiya uchun Italiya bilan bo‘ladigan birinchi bahs (turnirning ochilish o‘yini) muhim. Jamoa Italiyadan ochko tortib olsa, bu keyingi o‘yinlar uchun motivatsiya beradi, futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi. Italyanlarga qarshi to‘qnashuvda ko‘p narsa A Seriya havosidan bahramand bo‘lgan Demiral, Chalxono‘g‘li, Under, Oyxon kabi futbolchilarga bog‘liq. Ammo nisbatan real variant ikkinchi o‘rin uchun Shveytsariya bilan kurash bo‘ladi, bu jamoalarning o‘zaro uchrashuvi so‘nggi turda bo‘lib o‘tadi.

ITALIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 7
  • Yevro-2020ga yo‘l — 10 g‘alaba, 0 durang, 0 mag‘lubiyat, to‘plar nisbatidagi farq — 37-4
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Andrea Belotti (5 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijalari — g‘alaba (1968), 2-o‘rin (2000, 2012)

Italiya bosh murabbiyi

JCh-2018 saralashidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin italiyaliklar jamoasini Roberto Manchini qabul qilib oladi. Uning boshqaruvi davrida «Skuadra adzurra» faqat ikki o‘yinda mag‘lub bo‘lgan — Fransiya bilan o‘rtoqlik o‘yinida (1:3) hamda 2018 yil Millatlar ligasi kubogida Portugaliyaga qarshi o‘yinda (0:1). O‘shandan buyon italyanlar qatorasiga 27 o‘yindan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda (jamoa 8 o‘yindan buyon darvozasi daxlsizligini saqlab qolmoqda). Manchini 2004 yildan 2006 yilga qadar 25 o‘yindan iborat mag‘lubiyat seriyani qayd etgan Marchelo Lippining natijasini yangiladi. O‘tgan asrning 30-yillarida Italiya Italiya Vittorio Potssi boshqaruvida qatorasiga 30 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgandi. «Skuadra adzurra» yangi rekord o‘rnatishi uchun Yevro-2020 chorak finaliga qadar mag‘lubiyatsiz o‘ynashi kerak bo‘ladi — bu esa uddalash mumkin bo‘lgan vazifa.

Hozirgi Italiya o‘yin uslubi jihatidan avvalgilaridan hujumkor va yorqin futbol ko‘rsatadi. A Seriyada Gasperinining «Atalanta»siga taqlidan ko‘p klublar intensiv, hujumkor o‘yin namoyish qilishmoqda. Bu esa milliy jamoaga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmay qolmadi. O‘z navbatida, Manchini «Manchester Siti»dagi faoliyatidan beri italyancha himoyavi uslubdan voz kecha boshlagandi. 

Italiyaning ham yutuq, ham kamchiligi – murabbiyning rotatsiyalari. Jamoaning so‘nggi yillardagi ketma-ket ikki o‘yinidagi tarkibini taqqoslaganda, doim kamida 5-6 o‘zgarish kuzatiladi. Bu hozircha o‘zini oqlamoqda. Ammo katta turnirlardagi katta o‘yinlarda rotatsiya pand berib qolishi ham mumkin.

Asosiy yulduzlar

Turnir favoritlaridan biri sifatida qaralayotgan italyanlar Yevro-2020ga har bir chiziqda yetakchi futbolchilar bilan yetib kelishgan: darvozabon — Janluidji Donnarumma, keksayishni bilmaydigan faxriylar — Jorjo Kellini va Leonardo Bonuchchi, yosh yarimhimoyachi — Nikola Barella, hujumchi — Federiko Keza. Ammo shunday kuchli tarkibda ham ko‘p narsa unga bog‘liq bo‘lgan bir futbolchi bor. Gap «PSJ» yetakchisi — Marko Verratti haqida. U maydonda ko‘p ish qiladi — himoyada ham, hujumda ham. Agar Verratti Yevro-2020 davomida xotirjamlikni saqlagan holda o‘ynay olsa (klubida u ko‘p qiziqqonlik qilib keraksiz kartochkalarga sabab bo‘ladi), italyanlarning turnirdagi g‘oliblik uchun imkoniyati ortadi.

Tarkib

Italyanlarning bu tarkibi avvalgilariga qaraganda yulduzli emas deb aytishmoqda, ammo har bir chiziqda yorqin futbolchilar topiladi. Darvozada Donnarumma, «Yuventus»ning afsonaviy himoyachilari — Kellini va Bonuchchi — himoya markazida, Chempionlar ligasi g‘olibi Jorjino ham tarkibda, tayanch yarimhimoyachida unga Verratti qarashadi, yarimhimoya chizig‘ida A Seriya yulduzi Barella, hujum chizig‘ida «Yuve»ning yangi yetakchisi — Keza. Italiya terma jamoasi optimal tarkib bilan ko‘plarga dahshat sola oladi.

Optimal tarkib: Donnarumma – Kellini, Bonuchchi, Florensi, Emerson – Jorjino, Verratti, Barella – Immobile, Insine, Keza. 

Italiya: Yevro-2020 uchun prognoz

Avvalgi yirik xalqaro turnir — JCh-2018da Italiya saralashdan o‘ta olmay qatnasha olmagandi, shu tufayli ular muxlislar ko‘z o‘ngida o‘zlarini oqlashlari kerak. Hatto bunday qiyin guruhdan ham ular qiyinchiliksiz 1/8 final bosqichiga o‘tishlari talab etiladi, pley-offda esa haqiqiy sinovlar boshlanadi. Italiya terma jamoasi uchun Yevro-2020 yarimfinaligacha borish yomon natija bo‘lmaydi.

UELS

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 17
  • Yevro-2020ga yo‘l — 4 g‘alaba, 2 durang, 2 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 10-6
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purarlar — Garet Beyl, Aaron Remsi, Kiffer Mur (2tadan gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — yarimfinal (2016)

Uels bosh murabbiyi

2020 yil noyabrida Uels terma jamoasi bosh murabbiyi Rayan Giggz bir ayolga tajovuz qilib, tan jarohati yetkazgani bo‘yicha ayblov tufayli ishdan chetlatilgandi. «Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan, ammo bu unga o‘z lavozimini saqlab qolishga yordam bermagan. Bezorilik ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda, bosh murabbiy vazifasini esa Giggzning yordamchisi— Robert Peyj bajarmoqda. U jamoaga jiddiy o‘zgartirish kiritmadi, uning boshqaruvi davrida uelsliklar Millatlar ligasidagi ikki o‘yinda ikki g‘alabaga erishib, buning evaziga A divizionga ko‘tarilishdi. JCh-2022 saralashi startida Uels Belgiyaga yutqazdi (1:3) va Chexiyani mag‘lub etdi (1:0). Jamoani Yevropa chempionatiga Peyj olib keldi, Giggz esa unga maslahatchilik qiladi.

Asosiy yulduzlar

Uelsliklarda ham yaxshigina avlod shakllandi, ammo yetakchilar hamon avvalgi avlod vakillari. Uels terma jamoasi o‘yini hamon Aaron Remsi va Garet Beylga ko‘p darajada bog‘liq. Ularning ikkisi ham «Yuventus» va «Tottenhem»da mavsumni juda zo‘r o‘tkaza olishmadi, ammo u uelslik muxlislar faxriy futbolchilar terma jamoa libosida kuchliroq o‘yin namoyish etishiga umid qilishmoqda. Yevro-2016 turnirida ularning ikkisi ham yuqori sport formasida edi, Uels sensatsiya ko‘rsatib yarimfinalga qadar yetib borgan, Remsi esa hatto UYeFA talqiniga ko‘ra turnir ramziy terma jamoasidan o‘rin olgandi.

«Tottenhem»dagi bir yillik ijaradan keyin «Real»ga qaytadigan golfsevar vinger uchun bu turnir juda muhim. Garet sevimli ustozlaridan biri Anchelottiga madridliklar asosiy tarkibida o‘ynay olishini isbotlashga harakat qiladi.

Tarkib

Tarkib asosini APL va Chempionshipda o‘ynaydigan futbolchilar tashkil etadi. Darvozada «Kristal Pelas» va «Lester»da zaxirada o‘tiradigan Hennessi hamda Uord bor. Himoyada «Tottenhem»dan ikki kishi – Ben Devis va Jo Rodon, «Liverpul» qanotida harakat qiladigan yosh himoyachi Neko Uilyams asosiy futbolchilardir. Yarimhimoya markazida Allen va Remsi kabi tajribali futbolchilar o‘yinni tashkil etishga mas'ul, hujumda so‘nggi yillardagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazgan Beyl, «MYu»da zaxira o‘yinchisiga aylangan Jyeyms, shuningdek, aslida «Liverpul»ga tegishli bo‘lsa-da, ijarama-ijara yuradigan Harri Uilsonni ko‘rish mumkin. 

Turnir starti arafasida Uels terma jamoasining optimal tarkibi quyidagicha ko‘rinish oladi.

Optimal tarkib: Uord – Rodon, Mefam, Devis – Remsi, Ampadu – N.Uilyams, K.Robers – Beyl, Jyeyms, Mur.

Uels: Yevro-2020 uchun prognoz

Uelsliklar to‘rt yil muqaddam Yevropa chempionatida hozirgi guruhdoshlaridan yaxshiroq natija qayd etib, yarimfinalga yetib borishgan, ammo hozirda bunday muvaffaqiyat takrorlanishi ehtimoli juda kam. Uelsga mutaxassislar tomonidan guruh autsayderi sifatida qaralmoqda. 

Guruhdagi raqiblar kuchli, Uels esa amalda bosh murabbiysiz o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Turnir boshlanishi arafasida bu terma jamoa A kvartetidagi eng kuchsiz jamoa bo‘lib ko‘rinmoqda.

Uels guruhdagi barcha bahslarda ikkinchi jamoa bo‘lib o‘ynaydi va qarshi hujumlar yoki ikkinchi qavatdagi ustunliklar evaziga natijaga erishishga urinib ko‘radi. Shuningdek, uelsliklarga taqvim ham qulay kelgan – jamoa Italiya bilan so‘nggi turda to‘qnashadi.  

Uelsliklarda uchinchi o‘rin bilan pley-offga chiqishga umid bor. Agar 46 yoshli mutaxassis bir tekis bo‘lmagan tarkib bilan guruhdan chiqa olsa, buni ijobiy natija sifatida baholash mumkin. 

ShVeYTsARIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 13
  • Yevro-2020ga yo‘l — 5 g‘alaba, 2 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 19-6
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Sedrik Itten (3 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natija — 1/8 final (2008)

Shveytsariya bosh murabbiyi

Vladimir Petkovich Shveytsariya terma jamoasini 2014 yilgi jahon chempionatidan keyin qabul qilib olgan. Bolqon mutaxassis boshqaruvi davrida jamoa muntazam ravishda yirik turnirlar pley-offida ishtirok etib keladi. Hatto 2019 yilgi Millatlar ligasi A divizionida shveysarlar yarimfinalga chiqishgan va yakunda turnirda 4-o‘rinni egallashgandi. Yevro-2020ga Petkovich Shveytsariyani guruhdagi birinchi o‘rin bilan olib kelmoqda.

Asosiy yulduzlar

Shveytsariya termasi — yaqqol yetakchilar ajralib qolmagan mustahkam jamoa. Jamoaning saralash o‘yinlaridagi eng yaxshi to‘purari atigi ikki o‘yin o‘tkazgan, yakunda Yevropa chempionati uchun zayavka qilinmagan «Reyndjers» yarimhimoyachisi Sedrik Itten bo‘lgani ham buni isbotlaydi.

Faxriy futbolchilarni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin — darvozabon Yan Zommer, yarimhimoyachilar Jyerdan Shaqiri va Granit Chaka. Bu uchlik terma jamoada qariyb 10 yildan buyon birga o‘ynab keladi, ular yirik turnirlarda katta tajriba to‘plashgan, aynan ular asosiy yulduzlar maqomida.

Tarkib

Darvozani bir o‘yinda Serxio Ramosning 2ta penaltisini qaytargan Zommer qo‘riqlaydi. Himoyada Bundesligada o‘z jamoalarida asosiy tarkibda harakat qiladigan Akanji, Mbabu va Elvedini, «Nyukasl»da bosh bilan gollar urib turadigan Sherni, chap qanotda tajribali Rodrigesni ko‘rish mumkin. Yarimhimoyada turnirning eng yosh sardorlaridan biri Chaka, «Atalanta»da porlagan Froyler, chiroyli gollar urishga o‘rgangan va kreativ Shaqiri, shuningdek, Germaniya chempionatida yorqin o‘yinlari bilan ko‘zga tashlanib turadigan Sou va Zakariya bor. Hujumdagi tajribali Mehmedi va Seferovich, iqtidorli Embolo har qanday himoyaga tashvish tug‘dira olishadi. 

Optimal tarkib: Zommer – Rodriges, Akanji, Elvedi – Tsuber, Mbabu – Chaka, Froyler, Shaqiri – Seferovich, Embolo.

Shveytsariya: Yevro-2020 uchun prognoz

Shveytsarlar yirik turnirlar guruh bosqichida grand jamoalardan ochko tortib olishni odat qilgan (JCh-2018da Braziliya 1:1, Yevro-2016da Fransiya 0:0, JCh-2010da Ispaniya 1:0). 

Shveytsariya va Turkiya so‘nggi turda pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun o‘zaro kurashishi kutilmoqda. Shveytsariyaliklarda tajriba bor, talantli futbolchilar esa turklarda ko‘proq. Ko‘p ehtimol bilan, Vladimir Petkovich jamoasi katta turnirda yana bir bor 1/8 finalda o‘ynaydi va shu bosqichdan ortga qaytadi.

Yevro-2020: A guruhi taqvimi

11 iyun
00.00 Turkiya — Italiya (Rim)

12 iyun
18.00 Uels — Shveytsariya (Boku)

16 iyun
21.00 Turkiya — Uels (Boku)
00.00 Italiya — Shveytsariya (Rim)

20 iyun
21.00 Italiya — Uels (Rim)
21.00 Shveytsariya — Turkiya (Boku)

Umuman olganda, A guruhida yaqqol autsayder yo‘q. Katta ehtimol bilan 3-turdan so‘ng bu guruhda ochkosiz jamoani uchratmaymiz. 

Mavzuga oid