O‘zbekiston | 12:30 / 09.06.2021
12614
3 daqiqa o‘qiladi

Qizilqumda paleolit va neolit davriga oid yangi manzilgoh topildi

Qizilqum cho‘lining janubiy-sharqidagi Oyoqog‘itma va Qorasigir botiqlari yaqinida neolit va paleolit davriga oid manzilgohlar topilgan.

Fanlar akademiyasi ma'lum qilishicha, Milliy arxeologiya markazi Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand davlat universiteti olimlari Qizilqum cho‘lining janubiy-sharqida joylashgan Oyoqog‘itma botig‘ida neolit, Qorasigir botig‘i yaqinida paleolit davriga oid manzilgoh qoldiqlarini topgan.

«Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi va “JURU ENERGY CONSULTING” MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga binoan Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand davlat universiteti mutaxassislaridan tarkib topgan guruh Qizilqum cho‘lining janubiy-sharqida joylashgan Oyoqog‘itma botig‘i atrofida olib borayotgan tadqiqotlar davomida neolit davriga oid yangi neolit makonini topdi», deyiladi akademiya xabarida.

Oyoqog‘itma-2 nomi bilan atalgan ushbu makonda 370 ta tosh buyum, mikrofauna, oxra va gulxan qoldiqlari aniqlangan.

Shuningdek, Qorasigir botig‘i yaqinida paleolit davriga oid bir qator (7 ta punkt) yangi toshga ishlov berish ustaxonalari topilgan. Bu ustaxonalardan kulrang va jigarrangli kremniylardan hamda slanetslardan ishlangan ko‘plab ishlov berilgan tosh buyumlar aniqlangan, arxeologlar uni texnik-tipologik jihatdan o‘rta paleolit davriga oid, deb hisoblamoqda.

Ma'lumot uchun, Qizilqum cho‘li bundan 5-6 ming yillar muqaddam bepoyon vodiy bo‘lib, insoniyat ajdodlari juda zich yashagan “ming ko‘llar mamlakati” bo‘lgan. Darhaqiqat, hududda o‘nlab sersuv daryolar mavj urib oqqan, yuzlab yirik ko‘llar va shunga mos fauna-flora mavjud bo‘lgan.

Neolit davriga oid dunyoga mashhur Kaltaminor madaniyati ushbu cho‘l hududidan topib o‘rganilgan. Jumladan, Oyoqog‘itma botig‘ining shimoliy chekkasidan Markaziy Osiyo neolitshunosligiga bebaho hissa bo‘lib qo‘shilgan shu nomli makon topib o‘rganilgan. Oyoqog‘itma makoni O‘zbekiston-Polsha-Fransiya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan jahon standartlari darajasida tadqiq qilingan. 

Mavzuga oid