Jahon | 17:52 / 09.06.2021
11697
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining siyosiylashtirilishiga qarshi chiqdi

Qozog‘iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining siyosiylashtirilishiga qarshi chiqmoqda. Mamlakat tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida e'lon qilingan bayonotda Qozog‘istonning bu masala xususidagi pozitsiyasi ochiqlangan.

Qozog‘iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining siyosiylashtirilishiga qarshi chiqmoqda. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi o‘zining rasmiy saytida bu masala yuzasidan bayonot berib, YeOII iqtisodiy hamkorlik uchun tuzilgan tashkilotligini va Qozog‘iston bu tashkilotning siyosiylashtirilishiga qarshi ekanini ma'lum qilgan.

«2014 yil 29 mayda imzolangan «Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risida»gi shartnomaga binoan mazkur tashkilotning maqsadi tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishini ta'minlash hamda a'zo davlatlar iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi orqali unda yashayotgan xalqlarning farovonligini oshirishdir», deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston YeOII doirasidagi integratsiya jarayonlari faqat iqtisodiy xususiyatga ega, degan pozitsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Rasmiy Nur-Sulton tashkilotning siyosiylashtirishiga qarshi va bu masalada o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmoqchi emas.

Bayonotda Qozog‘iston YeOII to‘g‘risidagi shartnomani tartibga solish mavzusidan tashqarida bo‘lgan tashabbuslarni qo‘llamasligini ma'lum qilgan. Shuningdek, G‘arb sanksiyalari birinchi navbatda siyosiy motivlarga asoslangan va alohida davlatlarga qarshi qaratilgan, deb hisoblashini bildirgan.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston boshqa davlatlarning sanksiyalariga javoban YeOIIga a'zo davlatlar «konsolidatsiyalangan choralari» bo‘yicha hech qanday muzokaralar olib bormayapti.

«Yevrosiyo integratsiyasidagi sheriklar bilan ishlashda biz faqat bunday sanksiyalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishimizga salbiy ta'sirining oldini olish bo‘yicha birgalikdagi harakatlar to‘g‘risida gaplashishimiz mumkin», deyiladi Qozog‘iston TIV bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Aleksandr Pankin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi davomida YeOII tashkiloti doirasida G‘arb sanksiyalariga qarshi konsolidatsiya qilingan javob ustida ish olib borilayotganini aytgandi.

Mavzuga oid