Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevro-2020 oldidan: «Skuadra Adzurra» mavqeini tiklay oladimi?
Uzoq kutilgan Yevropa chempionati bugundan boshlanadi. Grandlar ro‘yxatidagi navbatdagi ishtirokchi ochilish o‘yinida maydonga tushadi. Sezganingizdek, navbat Italiyaga. «Skuadra Adzurra» so‘nggi jahon chempionatida ishtirok etmadi. Ammo bu ularning Yevropa chempionati favoritlari qatoridan tushib qolganini anglatmaydi. Roberto Manchini shogirdlari Millatlar ligasi guruh bosqichidan chiqishni uddalashdi. Kvalifikatsiyani ham fantastik ruhda o‘tkazishdi.
«Manchester Siti»dagi yorqin faoliyati bilan yodimizda qolgan Manchini italyanlarni yaxlit kuchli jamoaga aylantira oldi. Apennin yarimoroli vakillari safiga nazar tashlasak, yaqqol ajralib turuvchi yulduzlarni ko‘rmaymiz. Lekin tarkibdagi futbolchilar Yevropa chempionatini yutishga qodir bo‘lgan salohiyatga ega. Chiziqlardagi yetakchilar bilan tanishtirib o‘tgach, o‘zingiz ham bunga guvoh bo‘lasiz.
Darvozabon: Janluiji Donnarumma
«Milan»ni bir necha yillik faoliyatidan so‘ng, nihoyat tark etayotgan Donnarumma Yevropa chempionatidagi ishtirokiga katta e'tibor qaratishi aniq. Chunki, ajoyib harakatlarni amalga oshirgan taqdirda, grandlardan yaxshiroq taklif olishga muvaffaq bo‘ladi.
Janluiji Buffonning milliy jamoada rekord o‘rnatishi yaxshi. Biroq, buning uchun Manchini milliy jamoa natijasini tavakkal qilmasa kerak. Chunki, mavsum davomida Buffonning yoshi o‘tib qolgani bir nechta epizodlarda ko‘rinib qoldi.
22 yoshida milliy jamoa va klub safida yaxshigina tajriba orttirib, yangi marralar sari intilayotgan Donnarumma esa o‘z mehnatlari samarasi sifatida Yevropa chempionatini asosiy tarkibda o‘tkazishni istaydi. E'tiborlisi, «Jijio» klubi safida shu yoshgacha 200dan ortiq uchrashuvlarda maydonga tushdi va aynan Buffonning rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng, «Milan» bilan YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni uddalagan posbon Italiya bilan qit'a birinchiligida yaxshi natija qayd etishga urinib ko‘radi.

Himoya chizig‘i: Leonardo Bonuchchi
Bonuchchi Yevropa chempionatida italiyaliklar mudofaasining asosiy figurasi bo‘lishi kutilmoqda. U va «Inter»ning yosh himoyachisi Alessandro Bastoni so‘nggi o‘yinlarda «moviy gvardiya» himoya qo‘rg‘onida birgalikda samarali o‘yin namoyish etib kelmoqda. Shuningdek, «qariyalar»dan Kellini ham tarkibda bor. Jamoaga tajribasi kerak bo‘lib qolgan taqdirda, maydonda borini berishga tayyor.
Bonuchchi «Yuve» safida jami 40 o‘yinda maydonga tushib, 12ta «quruq o‘yin»ni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Turinliklar joriy mavsumni ancha og‘ir o‘tkazishdi. Pirlo jamoaning yuksak hurmatga ega afsonasi bo‘lishiga qaramay, murabbiylik bobida hali tajribasiz ekanligi ko‘rinib qoldi. Kelgusi mavsum Bonuchchi yana Allegri qo‘l ostida mashg‘ulot olib boradi. Massimiliano ushbu himoyachining o‘yinlarini qadrlaydi. Biroq, De Ligt va Demiral singari yosh raqobatchilarga asosiy tarkibni berib qo‘ymaslik uchun Yevropa chempionatida o‘zini ko‘rsatib olishi zarur.

Yarimhimoya: Nikolo Barella
Italiya futboli muxlislari Barellani juda yaxshi tanishadi va nima sababdan uni markaziy zonaning eng yaxshi futbolchisi, deb topganimizni ham yaxshi tushunadilar. 24 yoshli yarimhimoyachi «Inter»ning chempionlikka erishishidagi asosiy figuralardan biri bo‘ldi. Mavsum davomida barcha musobaqalarda 46ta uchrashuvda maydonga tushgan Niko 3ta gol va 13ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.
Kichik jussasiga qaramay, bosh bilan yaxshi o‘ynay oladi va uzoqdan yaxshi zarbalar bera oladi. Tezlik masalasida bu tipdagi futbolchilarda muammo bo‘lmasligini yaxshi bilasiz. Barella jamoasining Millatlar ligasi guruh bosqichidan chiqishiga katta yordam bergandi. Endi Yevropa birinchiligida ham Manchini undan ko‘p narsalarni kutadi.

Hujumchi: Chiro Immobile
O‘z baxtini izlab butun Yevropani kezib chiqqan strayker Rimdan panoh topdi. «Latsio» uning tom ma'nodagi uyiga aylandi. O‘tgan mavsumda «Oltin butsa»ni Levandovskidan tortib olgan hujumchi o‘ziga imkon bermaganlarga alangali salomini yo‘lladi. Bir paytlar Chiroga asosiy tarkibda imkon bermay, ketkazib yuborgan «Yuventus» unga millionlarni to‘lashga tayyorligini ma'lum qildi. Ammo Immobile o‘zini jahon klassidagi futbolchi darajasiga ko‘targan «Latsio»da faoliyatining oxirigacha qolishini ma'lum qildi.
Bu mavsum barcha rimliklarning salohiyatini yaxshi his etgan holda ularga qarshi o‘zgacha tayyorgarlik bilan maydonga tushdi. Ehtimol, shuning uchun ham «burgutlar»ning natijalarida pasayish kuzatildi. Ammo shunday mavsumda ham 31 yoshli hujumchi 25ta gol urishga erishdi.
Simone Inzagi «Inter» bosh murabbiyiga aylandi. Endi «Latsio»da Mauritsio Sarri faoliyati boshlanadi. Ko‘ramiz, yangi murabbiy qo‘l ostida Chiro qanday o‘yin namoyish etadi.

Murabbiy va uning taktikasi
Italiya turnir favoritlari qatorida ekanligining asosiy sababi Manchini o‘z jamoasini taktik jihatdan yaxshi tayyorlay olgani hisoblanadi. Manchini doim grand jamoalarning qaytadan shakllanishiga yordam berib kelgan. «Latsio», «Inter» va «Manchester Siti»dagi faoliyati bu so‘zlarimizga isbot bo‘la oladi. U Italiyaga jamoa tobora dunyo grandlari qatoridan chiqib qolayotgan paytda keldi. Marchelo Lippining shonli yillaridan so‘ng, Manchini «moviy gvardiya»ni qayta tiklashni yaxshi uddalamoqda. Bu haqida Lippi «La Gazzetta dello Sport» nashriga «Manchini men kabi o‘ylaydi. U jamoa statusini va uning qadrini yaxshi his qiladi», deya intervyu berdi.
Yevropa chempionati jamoa obro‘sini qaytarish uchun katta imkoniyat. Millatlar ligasida ham yarimfinal naqd qilib qo‘yilgan. Oktabr oyida ularni Ispaniyaga qarshi muhim bellashuv kutib turibdi.
Taktika haqida ham biroz to‘xtalib o‘tsak. Roberto 4-3-3 sxemasini juda yaxshi ko‘radi va bu uslubga doim sodiq. U qanotlarni o‘z o‘rnida ishlatishni yoqtiradi. Uning jamoasida vingerlarning qadri ancha baland. Lorenso Insine, Domeniko Berardi, Federiko Keza va Federiko Bernardeski kabi futbolchilar Manchini qo‘l ostida klubdagidan ham yaxshi o‘yin namoyish etishadi. Markaziy hujumda Immobile va Belotti doimiy almashib o‘ynamoqda. Ammo hozircha murabbiy ushbu ikki hujumchini bir vaqtning o‘zida maydonga tashlamayapti. Balki, Yevro-2020 da bu eksperimentni ham ko‘rishimiz mumkin.
Nikolo Zanioloning jarohatdan sog‘aymagani bois, yarimhimoyada Barella va Lokatelli juftligini ko‘rish ehtimolimiz yuqori. Italiyada avlodlar almashinuvi juda tez kechdi va so‘nggi musobaqalarga qaraganda, o‘zgarishlar juda katta.

Raqamlar va anons
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, «Skuadra Adzurra» saralash bosqichini ajoyib o‘tkazdi. Barcha 10ta bahsda italyanlarning qo‘li baland keldi. 37ta gol urgan Manchini shogirdlari o‘z darvozalaridan bor yo‘g‘i 4tagina to‘p olib chiqqan. Armanistonni o‘z uyida 9:1, Lixtenshteynni mehmonda 5:0 hisobida yenggan Italiya katta turnir oldidan yaxshi kayfiyatda bo‘lishi aniq.
Jahon chempionati saralashida ham Litva, Shimoliy Irlandiya va Bolgariya bilan kurash olib borishmoqda, guruhdagi vaziyat ularni butkul qoniqtiradigan holatda.
Bugun, 11 iyun juma oqshomi – soat 23:59da Italiya Turkiyaga qarshi Yevropa chempionati ochilish uchrashuvida maydonga tushadi. Saralash bosqichida amaldagi jahon chempionlari Fransiyaga ikkita o‘yinda ham bo‘yin egmagan, bittasida ularni mag‘lubiyatga uchratgan jamoadan har qancha xavf kutish mumkin. Yuqoridagi fikrlarimiz Manchini jamoasining barcha o‘yinlarini tahlil qilgan holda aytilgan taxminlarimiz, xolos. Turkiyaga qarshi bahs ulardan turnir davomida nimani kutishimiz mumkinligini to‘liq ko‘rsatib berishi mumkin.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi.
Mavzuga oid
21:14 / 14.07.2021
Yevroda o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar. Ular endi top-klublarda paydo bo‘lishi mumkin
15:57 / 13.07.2021
Yevro-2020 yakunlari. Kim tezroq, chidamliroq va aniqroq?
15:32 / 13.07.2021
Yevro-2020 ramziy jamoasi e'lon qilindi
17:32 / 12.07.2021