Endi o‘quv rejasi va fan dasturlarini OTMlar mustaqil belgilaydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyun kuni oliy ta'lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlarga qaramay sifat borasida o‘zgarishlar hali sezilmayotganiga e'tibor qaratilgan. Ta'lim sifatini yaxshilash, o‘quv ishlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etish masalasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, rektorlarning e'tiboridan chetda qolib ketayotgani qayd etilgan.
Bugungi kundagi 815 ta yo‘nalishning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermaydi. Oliy ta'lim muassasalari 2 mingga yaqin fanlar bo‘yicha darsliklar bilan ta'minlanmagan, o‘quv dasturlari bundan 40 yil oldingi fan va yo‘nalishlar asosida tuzilgan. Bundan tashqari, tizimda korrupsiya holatlari juda ko‘p.
Shu bois, yig‘ilishda davlat rahbari sohadagi 4ta ustuvor vazifani ko‘rsatib o‘tdi:
- Birinchisi – oliy ta'lim muassasalari boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish.
- Ikkinchisi – o‘quv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta'minlash va talabaning o‘z ustida ishlashi uchun muhit yaratish.
- Uchinchisi – oliy ta'lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish.
- To‘rtinchisi – professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qog‘ozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish.
Bu vazifalarni samarali bajarish uchun oliy ta'lim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilishi ta'kidlandi.
Ya'ni, bundan buyon, o‘quv rejasi va adabiyotlar, fan dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi hamda ta'lim shakllarini belgilashni oliygoh boshqaruv kengashining o‘zi hal qiladi. Endi har bir kafedraning faoliyati uning ilmiy salohiyati va yoshlarni seleksiya asosida ilmiy faoliyatga jalb etish ko‘rsatkichlariga qarab baholanadi.
Buning uchun nufuzli xorijiy nashrlarda muntazam maqolalar chiqarib kelayotgan, shuningdek, shogirdlari ilmiy ishlarini o‘z vaqtida va sifatli himoya qilgan ilmiy rahbarlarga 5 nafargacha doktorant va 3 nafargacha mustaqil izlanuvchi olish huquqi beriladi. Shuningdek, har bir kafedraning bir nafardan yosh olimini xorijga stajirovkaga yuborish yo‘lga qo‘yiladi.
Oliy ta'lim muassasalari rektorlariga kafedralar huzurida ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etib, ularni o‘quv-laboratoriya jihozlari va zarur texnika bilan ta'minlash vazifasi qo‘yildi. Har bir kafedraning tarmoq korxonalari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilarning korxonalarda amaliy tadqiqotlar o‘tkazishiga sharoit yaratish zarurligi ta'kidlandi.
Oliy ta'lim yo‘nalishlari bilan zamonaviy ehtiyojlar o‘rtasida uzilish juda katta ekani tanqid qilindi. Bugungi kunda xizmat ko‘rsatish sohasida 40 mingta, sanoatda 38 mingta, qurilishda 12 mingta, qishloq xo‘jaligida 10 mingta, aloqa va axborot texnologiyalarida 4 mingta oliy ma'lumot talab etadigan bo‘sh ish o‘rinlari bor. Lekin bitiruvchilar son jihatidan ham, malaka bo‘yicha ham bu talabni qondira olmaydi.
Ta'lim jarayoni 2001 yilda tasdiqlangan standartlar asosida olib borilmoqda. Lekin, shu davrda Ta'limning xalqaro standartlari 2 marta yangidan qabul qilingan. Ayrim o‘quv darslari zamon va bozor talabiga emas, balki professor-o‘qituvchilarga moslashgan. Talabalar o‘z yo‘nalishiga daxldor bo‘lmagan fanlar bilan ham shug‘ullanmoqda.
Shu bois, mutasaddilarga davlat ta'lim standartlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, barcha oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini kredit-modul tizimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi. O‘qitilayotgan fanlarni mazmunan qayta ko‘rib chiqib, ortiqcha takrorlanishlarni qisqartirish, bo‘shagan dars soatlari o‘rniga mutaxassislik fanlarni ko‘paytirish hamda talabalarga mustaqil ilmiy izlanish uchun imkoniyat yaratish kerakligi ta'kidlandi. Oliy ma'lumot talab qiladigan kasblarni optimallashtirib, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur yangi kasblar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.
Oliy ta'lim muassasalarining ilmiy salohiyati masalasiga alohida e'tibor qaratilgan.
«Ma'lumki, xalqaro tajribada ilmiy salohiyat 70 foizdan kam bo‘lsa, bunday universitet nufuzli hisoblanmaydi. Yurtimizda bu ko‘rsatkich juda past. Misol uchun, 24 ta oliy o‘quv yurtining ilmiy salohiyati 25 foizga ham bormaydi, 19 tasida birorta professor va fan doktori yo‘q. So‘nggi 30 yilda atigi 208 nafar professor-o‘qituvchi xorijda ilmiy daraja olgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Shu bois, prezident kelgusi yildan doktoranturaga kvotalar sonini 2 baravar ko‘paytirish, keyingi yillardan har yili 50 foizga oshirib borishga ko‘rsatma berdi.
Buning uchun har yili budjetdan qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Bundan tashqari, har bir tarmoq o‘z sohasiga tegishli oliygohlarga doktorantlar kvotalari uchun yana 10 milliard so‘mdan ajratadi.
Xorijiy davlatlardan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish, oliy ta'lim muassasalari fondidagi 4 millionga yaqin adabiyotlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish zarurligi qayd etildi. Barcha kutubxonalarni yagona tizimga ulab, talaba va tadqiqotchilar uchun tun-u kun foydalanish imkoniyatini yaratish, plagiatni bartaraf etadigan axborot dasturlarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Oliy ta'lim muassasalarida byurokratiya va korrupsiya xavfi ko‘pligi, bunga chek qo‘yish uchun o‘quv jarayonini tashkil etish va boshqarishni to‘liq raqamlashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Yig‘ilishda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga ta'lim yo‘nalishlari va kasblar ro‘yxatini tasdiqlash, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash, oliy o‘quv yurtlari boshqaruviga malakali kadrlarni jamlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
14:30 / 26.04.2023
Shavkat Mirziyoyev Italiya mudofaa vazirini qabul qildi
21:26 / 25.04.2023
Shavkat Mirziyoyev Chexiya hukumati delegatsiyasini qabul qildi
19:04 / 25.04.2023
Shavkat Mirziyoyev Rossiya sanoat va savdo vazirini qabul qildi
07:32 / 25.04.2023