O‘zbekiston | 19:47 / 16.06.2021
21799
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'limdagi ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta'limdagi ustuvor vazifalar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

O‘zA xabariga ko‘ra, davlat rahbari ta'lim sifatini yaxshilash va uning barcha jarayonlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib, tashkil etish masalasi Oliy ta'lim vazirligi, rektorlarning e'tiboridan chetda qolib ketayotganini qayd etdi.

Jumladan, bugungi kunda 815 ta yo‘nalishning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermaydi. Oliygohlar 2 mingga yaqin fanlar bo‘yicha darsliklar bilan ta'minlanmagan, o‘quv dasturlari bundan 40 yil oldingi fan va yo‘nalishlar asosida tuzilgan.

Masalan, Toshkent moliya institutida g‘azna ijrosi, pensiya ishi, budjet hisobi kabi 9 ta mutaxassislik xorijiy oliygohlarda 1 ta moliya yo‘nalishi sifatida o‘qitiladi. Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlarini o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlash ham qoniqarli ahvolda. Jumladan, o‘tgan yilda bor-yo‘g‘i 77 ta oliygoh 5 milliard so‘mlik kitoblarni sotib olgan (bitta oliygohga o‘rtacha 68 million so‘m).

Bu kabi muammolar oliy ta'limning obro‘si pasayishiga olib kelmoqda. Xususan, o‘tkazilgan so‘rovlarda aholining 65 foizi oliy ta'limdagi islohotlarning natijasi sezilmayapti, deb fikr bildirgan.

Shu bois, davlat rahbari sohadagi rahbarlar barcha kuch va resurslarini quyidagi 4ta ustuvor vazifaga qaratishi zarurligini ta'kidladi.

Birinchisi – oliygohlar boshqaruv kengashlari rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish.

Ikkinchisi – ta'lim jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta'minlash, talabaning o‘z ustida ishlashi uchun muhit va sharoit yaratish.

Oliygohlar talabani o‘qishga qabul qilishdan avval, ularni qayerga ishga yuborishini, buning uchun ish beruvchilar bilan 10 yillik shartnomaga ega bo‘lishi kerak.

Uchinchisi – oliygohlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish.

To‘rtinchisi – professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qog‘ozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish.

Bu borada xalq ta'limi tizimida ishlar boshlandi, lekin oliy ta'limda hali birorta o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Videoselektor yig‘ilishida xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov so‘z olib, xalq ta'limi tizimida qog‘ozbozlik 70 foizga kamayganini ma'lum qildi.

Prezident oliy ta'limda ham qog‘ozbozlikka keskin chek qo‘yish vaqti kelganini qayd etdi.

Yig‘ilishda mazkur vazifalarni uddalash uchun, eng avvalo, oliygohlarga akademik va tashkiliy-boshqaruv bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilishi aytildi.

Mavzuga oid