Xorazm viloyatida ilk bor buyrak ko‘chirish amaliyoti o‘tkazildi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm viloyati filialida buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Murakkab operatsiya toshkentlik mutaxassislar va mahalliy shifokorlar hamkorligida amalga oshirildi.
Tibbiyot fanlari doktori Farhod Hojiboyev rahbarlik qilgan amaliyot jarayoni qariyb 5 soat davom etdi. Bog‘ot tumanida yashovchi 33 yoshli Yulduz Ro‘zmetova o‘z turmush o‘rtog‘i, 36 yoshli Mardon Polvonovga bir buyragini berdi. Amaliyotdan keyin ikkalasining ham ahvoli yaxshi.
«Markazimiz tomonidan bunday noyob amaliyot 137 marta o‘tkazilgan. Ammo ilk bor Xorazm viloyatida bajarildi», deydi markaz bosh direktori Davron To‘laganov.
«Maqsadimiz chekka hududlar aholisining ortiqcha ovoragarchiliklarsiz malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir».
«Turmush o‘rtog‘im bir yildan buyon gemodializ muolajasi olib keladi. Tumanimiz viloyat markaziga uzoqligi bizga ancha noqulaylik tug‘dirardi. Hatto Hindistonga borib davolatishga ham rozi edik. Juda qimmat turadigan amaliyot viloyatimizning o‘zida bepul amalga oshirilganidan xursandmiz», deydi Yulduz Ro‘zmetova.
Filialda ikkinchi noyob amaliyotga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.