O‘zbekiston | 10:49 / 23.06.2021
4765
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida qancha chorva mollari boqilayotgani ma'lum qilindi

Samarqand viloyatida aholi soniga bir boshdan chorva mollari to‘g‘ri keladi. Bu haqda viloyat hokimligida soha muammolari va ularning yechimlari yuzasidan o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida ma'lumot berilgan.

Ma'lum qilinishicha, bugun aholisi 4 million atrofida bo‘lgan Samarqand viloyatida jami 4 million bosh chorva mollari parvarish qilinmoqda. Bu kishi boshiga bittadan chorva mollari parvarishlanayotganini bildiradi.

Viloyat hokimi boshchiligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida viloyat hududida joylashgan kushxonalar, qassobxonalardagi holatlar muhokama qilingan. Qayd etilishicha, viloyatda bir yilda o‘rtacha 925 ming bosh chorva mollari (300 ming bosh qoramol, 625 ming bosh qo‘y) so‘yiladi. Bir yilda so‘yiladigan chorva mollarining bor-yo‘g‘i 11,6 foizi kushxonalar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Kushxonalarda so‘yish qamrovi kam bo‘layotgani uchun chorva mollari veterinariya-sanitariya qoidalariga zid ravishda noqonuniy, belgilanmagan joylarda (uy sharoitida) so‘yilmoqda. Shu sababli, hayvonlardan insonlarga yuqadigan yuqumli kasalliklarni yuqtirib olish xavfi saqlanib qolmoqda.

Mavzuga oid