O‘zbekiston | 09:24 / 24.06.2021
2606
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda Xitoy korxonasini tunagan shaxslarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Buxoro viloyati Romitan tumanida Xitoy fuqarosini tunagan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 21 iyun kuni soat 20:00dan 22 iyun kuni soat 06:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, noma'lum shaxs 1976 yilda tug‘ilgan Xitoy fuqarosi W.B. rahbarlik qilib kelayotgan Qoqishtuvon qishlog‘ida joylashgan Xitoy yo‘l-qurilish korxonasi idorasiga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan. So‘ng u yerdan seyf va uning ichida bo‘lgan 60 ming AQSh dollari, 20 ming Xitoy yuani hamda 56 million so‘m pullarni o‘g‘irlab ketgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat hamda Romitan tuman IIB xodimlaridan tergov-tezkor guruhi tuzilib, surishtiruv hamda tergov harakatlari o‘tkazilib, jinoyat fosh etilgan.

Aniqlanishicha, ushbu jinoyatni Romitan tumani Qoqishtuvon mahallasida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan P.S. va uning mahalladoshi 1974 yilda tug‘ilgan X.U. oldindan jinoiy til biriktirib sodir etgan. Gumon qilinuvchilardan ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan hamda jabrlanuvchi W.B. rahbarlik qilayotgan yo‘l-qurilish korxonasiga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan.

Ta'kidlanishicha, hozirda gumon qilinuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, gumonlanuvchilarga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid