Jamiyat | 15:53 / 28.06.2021
8415
7 daqiqa o‘qiladi

Endi hokimlar yerlarning toifasini o‘zgartira olmaydi – Bosh prokuratura

Prezident farmoni bilan viloyat va tuman hokimlarining yer toifasini o‘zgartirish bo‘yicha qarorlari bekor qilindi. Sug‘orilmaydigan yerni boshqa toifaga o‘zgartirish bo‘yicha vakolatlar Vazirlar Mahkamasiga, sug‘oriladigan yerlarni boshqa toifaga o‘zgartirish vakolati esa prezidentga o‘tkazildi.

– O‘tgan yili Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ko‘pgina yerlar jinoiy sxemalar orqali noqonuniy ravishda ajratib kelingani ko‘p bor yoritildi. Yangi tartib bilan mana shu kabi jinoiy sxemalarga va yerlarni noqonuniy yo‘llar bilan  o‘zlashtirishga batamom chek qo‘yiladimi?

Eldor A'zamov, Bosh prokuraturaning Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori:

– Farmon qabul qilinishida bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va sohaga oid boshqa tashkilotlar bevosita ishtirok etishdi. Aynan sohada yuzaga kelayotgan muammolar, bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida farmon ishlab chiqildi.

Mahalliy hokimliklarning yer ajratish yoki bekor qilishdagi vakolatlari, qaror chiqarish huquqlari to‘liq bekor qilinyapti.

Yer ajratishning aniq mexanizmi joriy etilib, unda inson omilini kamaytirish choralari ko‘rilyapti. Shu sabab talabgorlar ochiq tanlov asosida ishtirok etishlari mumkin. Faqatgina tanlov natijasi viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlanadi.

Viloyat va tuman hokimlarining yer toifasini o‘zgartirish bo‘yicha qarorlari bekor bo‘lyapti. Endi hokimlar yerlarning toifasini o‘zgartira olmaydi. Sug‘orilmaydigan yerni boshqa toifaga o‘zgartirish bo‘yicha vakolatlar Vazirlar Mahkamasiga, sug‘oriladigan yerlarni boshqa toifaga o‘zgartirish vakolati esa prezidentga o‘tkazilyapti.

Eldor A'zamov

– Farmon chiqqanidan keyin yillar davomida shu tarzda yerlarning bir toifadan ikkinchi toifaga o‘zgartirilgani qayta o‘rganib ko‘riladimi?

– Bu yerda sug‘oriladigan yer toifasini lalmi yer yoki qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerga o‘zgartirish holatlari amaliyotda uchrab kelgan. Natijada o‘sha yerlarda uy-joy qurilib, savdo do‘konlari, yonilg‘i quyish shoxobchalari barpo etilgan. Holbuki, prezident farmonida ham sug‘oriladigan yer boshqa maqsadlar uchun berilishi qat'iy taqiqlangan. Faqatgina prezident qarori bilan berilganlarigina bundan mustasno.

2020 yil va joriy yil 5 oyida 2,1 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlar boshqa maqsadlar uchun, 803 gektar yer uy qurish uchun, 600 gektardan ortiq yer esa ishlab chiqarish uchun berib yuborilgan. Farmon bilan bu kabi holatlar amalga oshirish imkoni bo‘lmaydi. Chunki auksionda yerning barcha tavsifi keltirilgan bo‘ladi. Masalan, qaysi toifa, qanday maqsad uchun berilishi kabi.

– Joylarda yer dastavval kam ta'minlangan oilaga yoki 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlarga, go‘yoki, davlat dasturi ijrosi doirasida beriladi-da, ammo ma'lum muddatdan keyin ular olib qo‘yilib, sotib yuborilayotgani haqida ma'lumotlar bor. Bu kabi sxemalarning oldini olish bo‘yicha prokuratura organlarida qanday rejalar bor?

Azim Sattorov, Bosh prokuraturaning Iqtisodiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori:

– Farmondan kelib chiqqan holda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va tegishli mutasaddi nazorat idoralarning asosiy vazifalari ham belgilab berildi. Shu jumladan, “yerfurush”larning noqonuniy oldi-sotdi qilish, turli sxemalar asosida yerga oid huquqlarni belgilatish yoki soxta kadastr hujjatlari bilan yerlarni olish holatlariga qarshi murosasiz kurashish ustidan qat'iy prokuror nazorati o‘rnatib berildi.

Azim Sattorov

Bundan tashqari Ichki ishlar vazirligida profilaktika inspektorlari yerlarni noqonuniy egallash yoki noqonuniy qurilish bo‘yicha tezkorlik bilan chora ko‘rishi uchun xabardor qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi yer qonuni buzilishiga qarshi kurashish va davlat yer nazoratini amalga oshirishga mas'ul sifatida belgilab berildi. Endilikda kadastr yer qonun buzilishini aniqlab, tezlikda munosabat bildiradigan nazorat idorasiga aylantirildi.

Davlat xavfsizlik xizmatiga farmon talablariga rioya etish jarayonida har bir mas'ul rahbarning munosabati qay darajada ekanini o‘rganib borish yuklatildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ham bir qator vazifalar belgilangan. Yerlarni elektron auksionda sotish tartibini takomillashtirish, ularni e'lon qilish va muddatini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirish kabi vazifalar yuklatildi.

Qurilish vazirligiga qishloq xo‘jaligiga kirmaydigan yerlarni auksion orqali realizatsiya qilishda loyihalashni bosh rejaga va shaharsozlikka oid qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini ta'minlash vazifalari yuklatib berildi.

So‘nggi bir yarim yilda:

– hokimliklar tomonidan yer ajratishga doir 7,5 mingta qarorlar qonunga zid ravishda qabul qilingan hamda 120 ming  gektar  yer  noqonuniy  ajratilgan.

– 7,1 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan;

– 8,7 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida noqonuniy  qurilish  qilinganligi aniqlangan.

– 877 ta holatda 5,3 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanilayotganligi aniqlanib, ushbu yerlar tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan.

– ma'muriy sudlarda o‘tgan yilda 2,2 mingta holatda tuman hokimlarining yer bilan bog‘liq qarorlari haqiqiy emas, deb  topilgan.

– yer qonunchiligini buzganligi uchun 588 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilib, 42 nafariga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq jazo tayinlangan.

– qonunga zid hujjatlarga nisbatan 7,5 ming ta protest keltirilgan, 1,3 ming nafar mansabdor shaxslar ma'muriy va  intizomiy  javobgarlikka  tortilgan;

– o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni qaytarish, noqonuniy qurilmalarni buzdirish yuzasidan sudlarga 2 mingga yaqin  da'vo  arizalari  kiritilgan.

Mavzuga oid