Sport | 11:59 / 29.06.2021
23470
8 daqiqa o‘qiladi

Bastiliyaning qulashi. Shveytsariya Fransiyani uyiga jo‘natdi

Dushanba kuni Yevro-2020ning asosiy sensatsiyasi ro‘y berdi - Buxarestda kechgan aql bovar qilmas o‘yinda turnirning yaqqol favoriti, amaldagi jahon chempioni Fransiya penaltilar seriyasida Shveytsariyaga yutqazib qo‘ydi.

Yevro-2020. 1/8 final
Fransiya — Shveytsariya — 3:3 q.v
. (0:1, 3:2, 0:0). Penaltilar seriyasi — 4:5
Gollar: Seferovich, 15 (0:1). Benzema, 57 (1:1). Benzema, 59 (2:1). Pogba, 75 (3:1). Seferovich, 81 (3:2). Gavranovich, 90 (3:3).
Aniq ijro etilmagan penalti: Rodriges, 55 (darvozabon).
Penaltilar seriyasi: Gavranovich — 0:1. Pogba — 1:1. Sher — 1:2. Jiru — 2:2. Akanji — 2:3. Tyuram — 3:3. Vargas — 3:4. Kimpembe — 4:4. Mehmedi — 4:5. Mbappe — 4:5 (darvozabon).
Fransiya: Loris, Varan, Kimpembe, Pavar, Langle (Koman, 46. Tyuram, 111), Pogba, Rabo, Kante, Benzema (Jiru, 93), Grizmann (Sissoko, 88), Mbappe.
Shveytsariya: Zommer, Rodriges (Mehmedi, 87), Vidmer (Mbabu, 73), Elvedi, Akanji, Shaqiri (Gavranovich, 73), Chaka, Tsuber (Fassnaxt, 79), Froyler, Seferovich (Sher, 97), Embolo (Vargas, 79).
Ogohlantirishlar: Varan, 30. Elvedi, 32. Rodriges, 62. Chaka, 76. Koman, 88. Pavar, 91. Akanji, 108.
Hakamlar: Rapallini. Belatti, Bonfa (barchasi — Argentina).
VAR: Martines Munuera. Prieto Lopes de Serain, Ernandes-Ernandes (barchasi — Ispaniya), Irrati (Italiya).
28 iyun. Buxarest. «Milliy» stadion.

Favoritning kutilmagan qiyinchiliklari
Yevropa chempionati startiga qadar Fransiya yaqqol favorit sifatida ko‘rilayotgandi. Bu mantiqiy edi: amaldagi jahon chempionlari o‘tgan uch yil ichida Rossiyadagi triumf ishtirokchilaridan hech birini yo‘qotmadi, aksincha yanada kuchaydi. Mbappe ulg‘aydi, Kante faoliyatida yana bir kuchli mavsumni o‘tkazdi, Pogba ham katta bola bo‘ldi va bosiq o‘ynay boshladi, Benzema terma jamoaga qaytdi. Kuzda «Uch ranglilar» Millatlar ligasi guruhida osonlik bilan g‘alaba qozonib, «to‘rtlar finali»ga chiqishdi.

Guruh bosqichidan keyin Dide Desham shogirdlarida o‘ziga ishonch mustahkamlangandi. Portugaliya, Germaniya va hech qanday raqibdan tap tortmaydigan Vengriyadan iborat guruhda fransuzlar birinchi o‘rinni egallashdi. Guruh bosqichidan faqat Turkiya bo‘sh o‘yin ko‘rsatgani evaziga uchinchi o‘rin bilan guruhdan chiqa olgan Shveytsariya fransuzlarga jiddiy muammo tug‘dirishini hech kim kutmayotgandi.

Ish bermay qolgan taktika
Bu shunday holatki, ish berib turgan taktikani o‘zgartirib bo‘lmasdi. Desham davrida Fransiya hech qachon yorqin o‘yin ko‘rsatmagan, ammo hamisha sifatli o‘yin va natija ko‘rsatib kelingan. Asosiy sabablardan biri — hamma uchun tushunarli bo‘lgan tizimda. Qarshi hujumlarga urg‘u berilgan o‘yin, maydon markazini zichlab yopish, to‘rt himoyachi qo‘yilgan sxema — muvaffaqiyatning klassik retsepti.

Ammo pley-off arafasida Desham vahimaga tusha boshladi. Bunga sabablar bor edi: Portugaliya bilan o‘yinda qanot himoyachilarining ikkisi ham - Ernandez va Din safdan chiqdi, shu tufayli murabbiylar shtabi tarkibda futbolchilar joyini o‘zgartirish orqali yo‘qotishlar o‘rnini bilintirmaslikka harakat qilishdi. Desham chap qanotga Raboni o‘tkazdi. Bahsli tanlov, ammo izohlasa bo‘ladi: «Uch ranglilar» safida chap oyoqda o‘ynovchi futbolchilar ko‘p emas, «Yuventus» havbeki esa Portugaliyaga qarshi o‘yin oxirida shu pozitsiyada ishonchli o‘ynagandi.

Desham Raboni sof qanot himoyachisi qila olmasdi, shuning uchun sxemani 3-4-1-2 ko‘rinishiga o‘zgartirdi. Fransiya Shveytsariya uchun odatiy bo‘lgan sxemani takrorladi, holbuki odatda autsayderlar favoritlarga qarshi shunday yo‘l tutardi.

Tinib-tinchimas Tsuber
Uch markaziy himoyachi bilan o‘ynash — fransuzlar uchun yangilik emas. Ular o‘tgan yil sentyabrida Millatlar ligasi doirasida Shvetsiya va Xorvatiyaga qarshi g‘alabali o‘yinlarda shunday sxemadan foydalanishgan. Futbolchilar joylashuvi o‘zgarishiga jarohatlar sabab bo‘ldi, ammo boshqa narsa hayratlantirdi: fransuz nashrlari o‘yin arafasida Pogba sxemani o‘zgartirishni talab qilgani haqida xabarlar chiqdi — go‘yoki 3-4-1-2 sxemasida uning va hujum chizig‘idagi futbolchilarning imkoniyatlari yanada oshadi.

Ammo barchasi chappasiga ketdi: joylashuv o‘zgarishi tufayli fransuzlar pressing qila olishmadi, hujumda yana bir ijrochi yetishmadi. Birinchi bo‘lim «Uch ranglilar» uchun halokatli bo‘lib chiqdi — ular tanaffusga hisobda ortda qolgan holda chiqishdi.

Birinchi bo‘limdagi yagona golni Seferovich urdi, Tsuber yana golli uzatma muallifi bo‘ldi. Hozirda «Ayntraxt» zaxirasida o‘tirgan bu futbolchi Yevro-2020dagi eng samarali futbolchilar qatorida. Bu uning turnirdagi to‘rtinchi golli pasi bo‘ldi - u boshlang‘ich tarkibda ikki bor maydonga tushgan.

Fransuzcha nazokat va shveysarcha iroda
Desham birinchi bo‘limdagi muvaffaqiyatsizlikka to‘g‘ri reaksiya qildi va tanaffusda barchasini o‘zgartirdi. O‘tkazib yuborilgan golda asosiy aybdor bo‘lgan Langle o‘rnini Koman egalladi, Fransiya 4-4-2 sxemasida o‘ynay boshladi — Rabo orqaroqqa qaytdi, Grizmann o‘ng qanot havbekiga aylandi. Ammo, aytish kerakki, o‘yinda burilish yasagan omil taktika emas, individual harakatlar bo‘ldi.

Birinchidan, sardor Lloris Rodrigesning penaltisini qaytardi.

Ikkinchidan, Benzema shveysariyaliklar darvozabonning qahramonligidan keyin dovdirab turganida hayratomuz gol urdi — to‘pni bunday nozik did bilan o‘ziga bo‘ysundirishni faqat undan kutish mumkin edi.

Uchinchidan, fransuzlarning ikkinchi golli hujumi vaqtida Mbappe tovoni bilan nafis pas berdi, yana Benzema gol urdi — holbuki ko‘plar Karim yana jamoadagi muhitni buzishini aytib, yaxshisi uni qaytarmaslik kerakligini aytishgandi. To‘rtinchidan, Pogba turnirning eng chiroyli gollaridan birini urdi. To‘ppa-to‘g‘ri «to‘qqizlik»ni nishonga oldi. «MYu» yarimhimoyachisi golni nishonlashi esa alohida san'at asari bo‘ldi.

Shveytsarlar individual mahorat bobida raqibdan ortda qolishardi, ammo xarakterda emas. Kerakli iroda topildi — barcha fransuzlar o‘yinni hal qilib bo‘lganiga ishonib qolganida Seferovich dublni rasmiylashtirdi, 90-daqiqada esa Gavranovich o‘yinni overtaymlarga olib o‘tdi. Bu o‘yin avvalroq yakunlangan Ispaniya-Xorvatiya bahsidan ham o‘tib tushdi, bu o‘yinda ham asosiy bo‘limlarda shu kabi ssenariy kuzatilgandi: 0:1 — 3:1 — 3:3.

To‘g‘ri, 90-daqiqadan keyingi ssenariy boshqacha kechdi. Ispanlar birinchi overtaymdayoq ikki gol urib, masalani hal qilgan bo‘lishsa, Fransiya va Shveytsariya penaltilar seriyasigacha hisobni saqlab qolishdi. Mbappe esa antiqahramonga aylandi: u beshinchi bo‘lib zarba berdi, ammo Zommer uning zarbasini qaytardi va fransuzlar maydonga yiqildi.

Shveytsariya sensatsiya bilan keyingi bosqichga o‘tdi! Mbappe uchun esa bu turnir katta saboq bo‘ladi.

Bu oqshom Yevropa chempionati zerikarli kechayotgani haqidagi taassurotlarni butunlay o‘zgartirdi.

Endi nimchorak finaldagi ikki eng yaxshi o‘yinning g‘oliblari Sankt-Peterburgda uchrashadi - 2 iyul kuni Krestovskiy orolidagi arenada Ispaniya va Shveytsariya chorakfinal yo‘llanmasi uchun maydonga tushadi.

Mavzuga oid